Suvga boy Qirg'iziston janubida aholi toza ob-hayotga zor


O'sh viloyati qishloqlarida

O'sh viloyati qishloqlarida

Yozning jazirama kunlarida Janubiy Qirg’izistonda ichimlik suvi yetishmayapti. Aksar qishloqlarda toza ob-hayot kuniga bir-ikki soat beriladi.



Ko’plab ovullar ariqdan suv ichmoqda. Mustaqillik yillarida qator xalqaro moliyaviy organlar Qirg’izistonda ichimlik suvi tarmog’ini yaxshilash va kengaytirish uchun millionlab dollar mablag’ajratgan. Mutaxassislar nazarida bu loyihalar samara berdi deyish qiyin.

O’sh viloyati qishloqlarida toza ichimlik suvi kuniga bir-ikki soatgina beriladi. Odamlar tezda suv g’amlab olishga harakat qiladi. Ayni paytda kichik ovullarda aholi ariq suvidan foydalanadi.

Qishloq vakillari:

“Saharlab to’rt-besh chelakda suv olib qo’yamiz. Kun bo’yi suvni tejamlik bilan ishlatishga harakat qilamiz”.

“Suvni mana eshak arava yordamida bir yarim chaqirim naridagi ariqdan olamiz. Kuniga ikki marta borishga to’g’ri keladi. Suvni sifati ancha past. Ammo noiloj bu suvni o’zimiz ham ichamiz, hayvonlarimizga ham beramiz”.

"Navbatda turib suv olamiz. Yetsa yetadi, yetmasa quruq chekagimizni ko’tarib uyimizga kirib ketamiz. Har mahallada suv shahobchalari bor, lekin suv chiqmaydi”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, hozirgacha Qirg’iziston aholisining salkam 60 foizi toza ichimlik suvi ta’minotida jiddiy muammolarga duch keladi. Qayerdadir toza suv tarmog’i yo’q, qayerdadir ushbu tarmoq eskirib ishdan chiqqan.

Markaziy Osiyo Suv Alyansi degan xalqaro tashkiloti xodimi Po’lat Hamidovning aytishicha, suv ta’minotidagi asosiy muammo sistema eskirgani.

“Sho’rolar davridan so’ng suv ta’minoti tizimi qarovsiz qolib ketgan. Ko’p joylarda ushbu tarmoqlar mahalliy qishloq hukumatlari ihtiyoriga o’tib qolgan. Ularda mablag’, mutaxassis yetishmasligi sabab suv tarmoqlari chirib, ishdan chiqqan. Ikkinchi muammo esa – odamlarning suvga bo’lgan munosabati. Aholi suv uchun vaqtida to’lamaydi, oqar suv yo’qligi uchun toza ichimlik suvi bilan o’z tamorqalarini sug’arishadi, boshqa maqsadlarda foydalanishadi”, - deydi Po’lat Hamidov.

Mustaqillik yillarida qator xalqaro tashkilotlar, jumladan Osiyo Taraqqiyot Banki va Jahon Banki Qirg’iziston ichimlik suvi tarmog’ini qayta tiklash va kengaytirish uchun millionlab dollar ajratgan.

Xalqaro donorlardan kelgan mablag' nimaga sarflandi?

Xalqaro donorlardan kelgan mablag' nimaga sarflandi?

Bu mablag’ qanday sarflangani tanqid ostida.

Yaqinda taniqli jamoatchilik arbobi Elmira Ibraimova Qirg’iziston parlamenti qo’mitasida chiqish qilib, “Toza suv” dasturini amalga oshirishdagi nojo’ya ishlar jinoyat, dedi.

Mutaxassis Po’lat Hamidov nazarida, xalqaro donorlar yordami aholiga yetib boradi.

“Ammo bajarilayotgan ishlarning sifati pastligi sabab yangi barpo etilgan toza suv tarmoqlari uzoq vaqtga yetmayapti. Ko’p yerlarda aholi buloq suvidan foydalanadi. Ayrim joylarda ko’chki tushib buloq ustidagi suv inshootlarini olib ketyapti. Natijada o’nlab million so’mlik harajatlar havoga uchib ketyapti. Ya’ni boshidan hisobot yanglish tuzilgan”, - deydi suhbatdosh.

Odamlar asosan ariqdan suv ichmoqda

Odamlar asosan ariqdan suv ichmoqda

Qirg’iziston - suv resurslariga boy o’lka. Gap ushbu boylikdan oqilona foydalanishda, deydi mutaxassislar.

“Tashkilotimiz donorlar bilan birgalikda shu fikrga keldikki, avvalo odamlarga suvdan to’g’ri foydalanishdi o’rgatishimiz kerak ekan. Ajratilayotgan mablag’ning 60-70 foizini bunday amaliyotlarga sarflashimiz lozim. Aholi orasida tushuntirish ishlari olib borish maqsadga muvofiq bo’ladi. Odamlar o’zlari bu narsani o’rganmasa, milliardlab pullarni sarflang, hammasi yo’qqa ketaveradi. Keyin esa qolgan 30-40 foiz mablag’ni shu texnik loyihalarga berish darkor”, - deydi Po’lat Hamidov.

Mahalliy shifokorlarning qayd etishicha, hududda yuqumli kasalliklar ko’p hollarda aynan toza suv taqchilligidan kelib chiqmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qiluvchi tashkilotlar esa aholini suv hafzalarini toza saqlashga chaqirib keladi.
XS
SM
MD
LG