Bugungi Qirg'iziston: Bakiyevdan keyingi bir yil


Kurmanbek Bakiyev 7 aprel kuni prezidentlikdan ag’darilgan edi

Kurmanbek Bakiyev 7 aprel kuni prezidentlikdan ag’darilgan edi

Bir yil muqaddam Qirg’izistonda yana bir inqilob ro’y berib, hokimiyat almashgan edi.

Oilaviy boshqaruv va korrupsiyada ayblangan prezident Kurmanbek Bakiyev hokimiyati 7 aprel kuni ag’darilib, o’rniga muvaqqat hukumat vujudga kelgan edi.

Xo’sh, o’tgan vaqt mobaynida mamlakat qanday o’zgarishlarga yuz tutdi? Qanday ijobiy ko’rinishlar ko’zga tashlanadi? Nimalar amalga oshmagan?

Qirg'izistonda shimol va janub bir-biridan ajralib qolgan, qolaversa jamiyatda tarqoqlik kuchli

Qirg'izistonda shimol va janub bir-biridan ajralib qolgan, qolaversa jamiyatda tarqoqlik kuchli

O’sh Davlat Universiteti professori, siyosatshunos Arap Anarbayev fikricha, yangi sistema, yangi uslubdagi siyosiy boshqaruvga o’tamiz degan orzu ro’yobga chiqmadi.

“Ha, parlament sistemasiga o’tdik. Ammo yerdoshlik, qabiladoshlik, urug’doshlik, shimol-janubga bo’linish kabi salbiy ko’rinishlar davom etayotir. Parlamentga ayrim millatchi ruhdagi partiyalar o’tib qoldi. Boshqaruvda esa avvalgi tizimni shakllantirgan, qo’llab-quvvatlagan odamlar oz emas. O’g’ri-kassoblar ham bor”, - deydi ekspert.

O'zbek aholi hayotini tiklashga qiynalmoqda

O'zbek aholi hayotini tiklashga qiynalmoqda

“O’sh sadosi” viloyat ro’znomasi muharriri, shoir Muhammadsoli Ismoilov asosiy yutuq - avtoritar tizim barham to’pgani deb hisoblaydi. Uning sharhicha, yangi hokimiyat endigina oldiga qo’ygan maqsadlarini amalga oshirishga kirishgan va ular qisman amalga oshirilayotir.

Aksar mutaxassislar va aholi vakillari yangi hokimiyatning rejalari va berilgan va’dalar qog’ozda qolib ketayotganini aytadi. Boshqaruv tizimlarining salohiyati keskin pasaygan. Uyushgan jinoyatchi guruhlar siyosatga aralasha boshlagan.

Ishsizlik keng tarqalgan. Janubda avvalgidek savdo-sotiq, bozor va tirikchilik uchun imkoniyatlar yo'q.

Ishsizlik keng tarqalgan. Janubda avvalgidek savdo-sotiq, bozor va tirikchilik uchun imkoniyatlar yo'q.

“Hali mamlakatning siyosiy, iqtisodiy hayotiga ta’sir ko’rsatayotgan yirik kriminal dunyo vakillarini jazolovchi kuch yo’qday. Hattoki qamoqda o’tirganlari ham osonlikcha qutulib ketayapti”, - deydi Arab Anarbayev.

Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda nimalar o’zgargan degan savolga qalamkash Muhammadsoli Ismoilov bunday javob beradi:

Iqtisodiy ahvol yaxshilanmayapti

Iqtisodiy ahvol yaxshilanmayapti

“O’tgan yilgi iyun voqealari aholining turmush darajasiga katta zarba bo’ldi. Uning ustiga-ustak butun dunyodagi moliyaviy krizis... O’lkada ishsizlik, qimmatchilik avj oldi”, - deydi u.

Qirg’izistonda yangi siyosiy tizimning shakllanish davri juda qiyin kechmoqda. Siyosatchilar orasida tinimsiz kelishmovchiliklar va amal talashish hollari davom etmoqda, deydi ekspertlar.

Shuncha qiyinchiliklarga qaramay odamlar umidni boy bermayapti

Shuncha qiyinchiliklarga qaramay odamlar umidni boy bermayapti

“Aprel inqilobidan keyin ham amal va mol-mulk talashish avj oldi. Unga ko’p tegdi, menga oz qoldi qabilida tortishuvlar kuchaydi. Oqibatini ko’rib turibmiz. “Zo'rg’a topgan bolangni o’rdak cho’qib o’ldirdi” degan ma’qol bor. Shunga o’xshab, z'org’a tuzilgan parlament koalitsiyasida ham birdamlik, hamjihatlik yo’q. Ijobiy samara ko’zga tashlanmaydi”, - deydi siyosatshunos Arap Anarbayev.

Mamlakat haligacha tanazzuldan chiqa olmagan va kelajak mavhumligicha qolayotgan bo’lsada, oddiy qirg’izistonliklar hayot izga tushadi degan umidda.

Qirg'iziston janubiga yaqindan nazar...

XS
SM
MD
LG