Breaking News

Shayx Sodiqjon Kamolov: Yoshlardan yuz o'girmay, ularni egri yo'ldan qaytaraylik


Jalol-Obod ko'chalarida, Qirg'iziston
Jalol-Obod ko'chalarida, Qirg'iziston

Yaqinda Qirg’izistonning O’sh shahrida joylashgan Xalqaro Islom hamkorligi markazi, nodavlat tashkilot, rahbari shayx Sodiqjon Kamolov mamlakat prezidentiga shaxsiy noma yo’llab, radikal diniy oqimlar targ’ibiga uchib, Suriyaga borib qolgan yoshlarni vatanga, tinch hayotga qaytarish lozim, deya ta’kidladi.

Ulamo mazkur odamlarni fuqarolikdan mahrum etish tavsiyalariga qo’shilmaydi. Unincha, bu usul salbiy natija berishi, vatansiz, ilojsiz qolgan guruhlar geosiyosiy o’yinlar quroli hamda qurboni bo’lib qolishi muqarrar.

Shayx Sodiqjon Kamolov o’z vaqtida Qirg’iziston musulmonlari Diniy idorasi raisi bo’lgan. U adashgan vatandoshlarning kelajagi borasidagi tashvish davlat rahbariga murojaat etishga undaganini aytadi.

“O’zlarini "Islomiy davlat" deb atayotgan guruhga borib qo’shilgan mintaqa yoshlari fuqarolikdan mahrum etilib, doimiy darbadarlikka mahkum qilinadigan bo’lsa, ular oxir-oqibat mintaqa uchun xavfli kuchga aylanadi. Bunday holdan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishni istovchi katta davlatlar topilib kelgan va topiladi",- deydi Kamolov.

"Adashgan farzandlarni to’g’ri yo’lga qaytarish biz uchun nafaqat burch, balki yutiq: minglab yoshlar nohaq, behuda qon to’kishdan, o’z joniga jabr qilishdan, yomon yo’llarda o’lib ketishdan halos etiladi. Oilasi bag’rida, yahshi amallar bilan mashg’ul bo’ladi",- deydi ulamo.

Uning fikricha, davlat adashgan yoshlarni afv etish yo’lini topishi, xavfsizligi, daxlsizligiga kafolat berishi maqsadga muvofiq. O’z navbatida ular yomon yo’lga qayta kirmaslikka, tinch mehnat bilan mashg’ul bo’lishga va’da bermog’i kerak.

Aytish joizki, Qirg’izistonda, umuman, mintaqada Suriyadagi jang maydonlaridan turli yo’llar bilan vatanga qaytishi ehtimol shaxslarga nisbatan hadik mavjud. Ular o’sha mafkura, jangari niyatlar va kayfiyatlarni olib kelishidan xavotir bor.

Sodiqjon Kamolov deydiki, xatarli yo’lga kirganlarning aksari - jamiyat, davlat e’tiboridan chetda qolgan, qandaydir bosimga uchragan, keraksizlik hissi chulg’ab olgan yoshlar bo’lib, u tomondan yangrayotgan “Siz bizga keraksiz”, degan chaqiriqlar va moddiy kafolatlardan ruhlangan.

O’sh viloyat Aravon tuman davlat ma’muriyati yaqinda o’tkazgan tadqiqot ham Suriyaga ketgan yoshlar asosan ijtimoiy muhofazaga ega bo’lmagan, odatda, savodi past honadonlardan ekanini tasdiqlagan.

Ular ona yurtga qaytarilsa, qaytib kelganlarga ishonch bildirilsa, ish topishda ko’mak ko’rsatilsa, qisqasi, ijobiy, insoniy munosabat ko’rsatilsa, bu insonlar albatta o’zgara boshlaydi, deb hisoblaydi Kamolov.

“Nima bo’lsa ham, ular shu xalqning, shu o’lkaning farzandlari. Qolaversa, bu yoqda ularning ota-onalari, bola-chaqalari, qarindosh-urug’lari naqadar iztirob chekayotganini ham hisobga olishimiz darkor. Adashganlarni, aldanganlarni qayta tarbiyalashda, yahshi yo’lga boshlashda ular ham jonbozlik ko’rsatadi”, - deydi suhbatdosh.

Uningcha, nojo’ya yo’lga kirib qolganlarni yangi hayotga boshlashdek xayrli ishda davlat idoralari, mahalla faollari, din xizmatchilari hamkorlikda ish olib borishlari kerak bo’ladi.

Rasmiy xabarlarga ko’ra, Suriyada harakat qilayotgan turli guruhlarda 800 nafar qirg’izistonlik bo’lishi ehtimol. Xalqaro koalitsiya bombardimonlari ortidan u tomon yo’l olayotganlar soni ozaygani kuzatiladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG