Zamira Sidiqova: Qirg'iziston hukumati nima qilayotganini bilmaydi


Qirg’iziston Rossiyaga qaram davlat sifatida shakllanib, ko’plab imkoniyatlarni boy berdi va berishda davom etmoqda, deydi bu davlatning AQShdagi sobiq elchisi va jurnalist Zamira Sidiqova. 2000-yillar boshida u “Res Publika” nomli muxolif gazetaning bosh muharriri edi. 2005-yilgi inqilobdan keyin Zamira Sidiqova Vashingtonga bosh diplomat etib tayinlangan. 2010-yildan beri mustaqil faoliyat yuritadi. Bugungi vaziyatni u sharmandali deya baholaydi. “Amerika Ovozi” Rus xizmati bilan yaqinda muloqotda bo’ldi.

Serqirra tashqi siyosat ushalmas orzu bo’lib qolmoqda. Qirg’iziston siyosiy doiralari Rossiyaga tayanishni, uning yordamida oyoqqa turishni va faqat u bilan kelishgan holda ish ko’rishni ma’qul topdi. Natijada boshqa davlatlar, xususan, Amerika bilan hamkorlik cheklandi.

2001-2014 yillarda Qirg’iziston-AQSh rishtalari Bishkek yaqinidagi Manas aerodromida joylashgan havo bazasi bilan bog’liq edi. 2014-yilning yozida Amerika kuchlari chiqib ketdi. Bishkek Kreml bosimi ostida Vashington bilan harbiy hamkorlik kelishuvini bekor qildi.

2015-yilning yozida esa Davlat departamenti Qirg’izistonda bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan faol Azimjon Asqarovni inson huquqlari himoyachisi deya maqtab yuksak mukofot bilan taqdirlagach, Almazbek Atambayev boshliq hukumat Amerika bilan aloqani yanada chekladi va ko’plab loyihalarni yopdi.

Muzokaralar davom etmoqda, Vashington-Bishkek murosaga erishib, ayrim tashabbuslar qayta tiklanadi degan umidlar bor.

Zamira Sidiqova fikricha, Rossiya axborot vositalarining bevosita ta’siri ostida yashaydigan jamiyatni G’arbga yaqinlashtirish tobora qiyinlashgan.

“Rossiyaning bir qismi bo’lib qolmadik lekin Rossiya madadi bilan tirikmiz va faqat uning soyasida yashashimiz mumkin degan qarash chuqur ildiz otdi. Natijada boshqalar bizga qaramadi, kutmadi hech narsa bizdan. Biz shu yo’lni tanladik va ular shunga qarab xulosa qildi”.

Qirg’iziston eshikni yopib, o’zini imkoniyatlardan ayirdi, deya mulohaza yuritadi Sidiqova.

O’zbek faol Azimjon Asqarov masalasi Bishkek va G’arb orasidagi boshog’riqqa aylandi. Tanqidga nisbatan g’azab oshib, Qirg’iziston tashqi kuchlardan xavfsirashga tushdi. Xuddi Rossiyadagidek, “xorijiy agentlar” degan gumon ostida nohukumat tashkilotlar, Amerika va Yevropa Ittifoqi grant beradigan fuqaro jamiyati nishonga olindi. Vaholanki, deydi Zamira Sidiqova, Qirg’iziston erkin va oshkora, demokratik va qonun ustuvor davlat bo’lishga bel bog’lagan edi.

Qirg’izistonda azaldan ko’plab elatlar yashab kelgan. Jamiyat ahil bo’lishi uchun qilingan harakatlar hozirgi tushunarsiz siyosat qurboni bo’ldi, deydi arbob. Yaqin o’tmishda etnik xunrezliklarni boshdan kechirgan mamlakatda o’zbek faolni siyosiy bir o’yinchoqqa aylantirish nima foyda berdi, deya so’raydi Sidiqova.

2015-yilning noyabrida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyoga safar qilganida Qirg’izistonga ham bordi. Boshqa davlatlarning rahbarlari bilan iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlikni muhokama qilgan Kerri Bishkekda yana Azimjon Asqarov xususidagi tanqidlar bilan yuzlashdi. Nega uni mukofotladingiz, nima uchun bizni xafa qildingiz, degan. Va shu bois endi Bishkek Vashington bilan gaplashmaydi. Sharmandalik bu, deydi Zamira Sidiqova, o’ziga ishongan davlat bunday yo’l tutmaydi.

Uning fikricha, Bishkek ayni damda Amerika bilan qanday aloqa qilishni bilmaydi. Na aql bor, na siyosiy iroda. Buning ustiga hozirda Rossiya bilan aloqalar ham yaxshimas, ayniqsa Kreml respublikada gidro-inshootlar qurish uchun mablag’ ajratmaslikka qaror qilganidan beri. Prezident Atambayev arab dunyosiga, jumladan Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga safar qilib, yangi homiylar qidira boshladi. Unga nima deyishgani ma’lum, deydi Sidiqova: Rossiya bilan mavjud kelishuvlarni hal qiling, ungacha biz hech qanday yordam bera olmaymiz. Qirg’iziston Amerika yoki Yevropaga murojaat qilmayapti, deya kuzatadi arbob.

Sidiqova yirik qo’shni Xitoy Qirg’izistonda ish o’rinlari yaratib, sanoatlarni rivojlantirishda yordamlashishiga ishonmaydi. Xitoyga Qirg’izistonning yerosti boyliklari - xomashyo kerak va unga ruxsat olib bo’ldi, deydi suhbatdosh.

Infrastruktura barpo etish bobida ham Xitoy hech narsani tekinga qilayotgani yo’q, Qirg’izistonning qarzi oshib bormoqda va katta muammolarga duch kelishimiz mumkin, deya ogohlantgiradi Sidiqova.

Qirg’izistonga madad kerak, lekin xalq o’z boyliklari yoki bu yerdagi biror jabhaga tashqaridan hech kimni yaqinlashtirishni xohlamaydi. Turli sohalarni rivojlantirish real ko’mak, sarmoya va tajriba talab qiladi, biroq Qirg’iziston xorijiy sherik bilan ishlashni bilmaydi, deydi Sidiqova. Xitoy, Kanada, Amerika yoki Turkiya kelib bor narsamizni olib qo’yadi, degan qo’rquv kuchli.

“Siyosat bu manfaat demakdir. Siz bilan kimdir hamkorlik qilmoqchimi, demak, u ham bundan manfaatdor. Hech qanday manfaatsiz hech kim siz bilan ishlamaydi yoki yordam bermaydi. Sheriklik deb bekorga aytilmaydi. Buni Qirg’iziston tushunishi kerak. Mana shu haqiqatni anglab yetmaganimiz, qaysarligimiz uchun bugun shunday izolyatsiyadamiz, yakkalanib qolganmiz”, - deydi Sidiqova.

Rossiya muhim ahamiyatga ega davlat va Qirg’iziston u bilan yaqin bo’lishi kerak, biroq boshqalarni chetga surish ham xato. AQSh bilan ta’lim, demokratiya va fuqaro jamiyati taraqqiyoti bobida birga ishlab kelayotgan davlat orqaga qadam tashladi. Qirg’iziston axborot texnologiyasi va boshqa jabhalarda rivojlanishni orzu qilgan edi, bugun bu harakatlar ham sustlashgan, chunki Amerika bilan rishtalar uzilgan.

Qirg’izistonda ancha oyoqqa turib olgan fuqaro jamiyati bor, biroq hozirgi hukumat u bilan muloqot qilmay qo’ydi. Masalalar oldingidek qizg’in muhokamada emas. Yechim haqida fikr almashilmayapti, bu - demokratik chekinish, deya izohlaydi Zamira Sidiqova.

Xalq va hukumat orasida dialog bo’lmas ekan, mamlakat egri yo’ldan chiqmaydi, deydi arbob. Qirg’iziston g’oya va takliflarga to’la, liderlar ham yetarli. Bir-birimizni tinglashimiz lozim, deydi suhbatdosh. Axborot vositalari muloqot maydoni bo’lishi kerak, jurnalistikaning kuchi shunda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG