Oradan 70 yil o’tib, O'shda Jahon urushi qahramoniga yodgorlik o’rnatildi


Qirg'izistonning O’sh shahridagi Qahramonlar xiyobonida "Shuhrat" ordeni sohibi Abdurashid Parpiyevga yodgorlik o’rnatildi. Berlinni ozod qilgan kuchlar safidagi o’zbek o’g’loni keyinchalik mamlakat qishloq xo’jaligini ko’tarishda faol qatnashgan va 60 yoshida hayotdan ko’z yumgan.

Yodgorlik o’rnatish tashabbusi 40 yil muqaddam ko’tarilgan bo’lib, va nihoyat mahalliy faollar hamda davlat idoralari hamkorligida amalga oshdi. "Amerika Ovozi" jamoatchi arbob, tarixchi va yozuvchi, Abdurashid Parpiyevning 100 yillik yubileyini o’tkazish bo’yicha tashkiliy qomita raisi Begijon Ahmedov bilan suhbatlashdi.

Begijon Ahmedovning aytishicha, bir vaqtlar ko’tarilgan tashabbus, qahramonning farzandlari urinishlari turli byurokratik sansalorliklar hamda jonkuyarlar yetishmasligi bois o’z ijrosini topmay kelgan.

O’tgan yili qo'mita qirg’iz hukumati, qator davlat idoralariga murojaat qilgan va ijobiy javob olgan. Barcha xarajatlarni hukumat hamda mahalliy o’z-o’zini boshqarish tizimlari o’z zimmasiga olgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Ulug’ Vatan urushida 360 mingdan ziyod qirg’izistonlik qatnashgan. Ularning ko’plari janglardan qaytmagan.

Begijon Ahmedov ayrim mamlakatlarda Jahon urushini “nomalum urush” deya, unga noxolis nazar bilan qarashni, fashistlar bilan hamkorlik qilgan kuchlarni oqlashga urinishlarni qoralaydi.

U Markaziy Osiyo xalqlari ongida fashizmga qarshi kurash unutilmas sahifa bo’lib qolgani, urush qatnashchilari va front orti zahmatkashlariga nisbatan chuqur hurmat, e’zoz saqlanganini urg’ulaydi.

“Xohlardim-ki, butun insoniyatga xavf solgan fashizmga qarshi birlasha olgan davlatlar, ular tuzgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti yaqin o’tmish saboqlarini unutmasalar. Mafkurayu-siyosatlarni chetga surib, bir asl maqsad - dunyoda tinchlikni saqlash masalalari ustida birgalikda ishlasalar”, - deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG