AQShda kasaba uyushmalari va maosh


Amerikada har yili sentabr oyining birinchi dushanbasi bayram - Mehnatkashlar kuni nishonlanadi. Ko’pchilik bu bayramni uyda oilasi davrasida o’tkazadi.



Amerika iqtisodiyoti, ma’lumki, bir necha yildan beri tanazzulda. Ishsizlik yuqori, mehnatkashlar uchun imtiyozlar kamayib ketgan. Prezidentlikka nomzodlar kampaniya chog’ida o’rta sinf farovonligi haqida bot-bot gapirmoqda.

Tom Li Amerika Musiqachilar Federatsiyasi sobiq prezidenti. Dunyodagi eng yirik kasaba uyushmalaridan biri. Karyerasini AQSh Dengiz kuchlari orkestrida boshlagan. Oq uyda son-sanoqsiz konsertlar berganini eslaydi.

AQShda kasaba uyushmalari nufuzi pasayib borayotgan bo’lsa-da, Tom Li nazarida ular hamon muhim ahamiyat kasb etadi.

“Amerikada ish sharoiti profsoyuzlar sharofati bilan yaxshilangan. Ularga a’zo bo’lmagan ishchilarning ham maoshlari oshdi, imtiyozlari ko’paydi”, - deydi u.

So’nggi 40 yil ichida kasaba uyushmalariga a’zolik taxminan 50 foizga kamaydi. O’tgan yili esa Viskonsin shtatida ishchi-mehnatkashlarning jamoa bo’lib huquqlarini talab qilishi bekor qilindi.

Iqtisodchilar fikricha, maoshlar ozayib ketganining asosiy sabablaridan biri ham shu – uyushmalar avvalgidek kuchli emas.

Lorens Mishel - Iqtisodiy siyosat instituti rahbari:

“Amerikada ishsizlik anchadan beri katta muammo. So’nggi yillarda ahvol yanada og’irlashdi. Globalizatsiya natijasida amerikaliklar kam maoshga ham rozi xorijiy ishchilar bilan raqobat qilishga majbur bo’ldi. Kasaba uyushmalarining nufuzi pasayib ketdi”.

U boshchilik qilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, AQShda so’nggi 30 yilda samaradorlik 80 foizga oshgan, soatbay ish haqi esa atigi 11 foizga.

Konservativ iqtisodchilar bu fikrlarga qo’shilmaydi. Amerika Biznes institutidan Endryu Bigs:

“Maoshlar bahsli masala. Gap shundaki, bugun tibbiy xizmatlar avvalgiga qaraganda qimmat. Natijada maosh va imtiyozlar kamaygan. Bu ekspluatatsiya emas, sog’liqni saqlash qimmatlab borayapti, xolos. Xarajatlar qayerdandir qoplanishi kerak”.
Amerikada ish sharoiti profsoyuzlar sharofati bilan yaxshilangan

Tibbiy islohotlar va samaradorlik oshishi, deydi Bigs, maoshlarni ham oshiradi. Lorens Mishel bunday qarashdan yiroq.

“Chunki sog’liqni saqlash sug’urtasi bo’lmagan fuqarolarning ham maoshlari keskin pasayib ketgan”, - deydi Mishel.

Tom Li kabi yetakchilarning fikricha, kasaba uyushmalari oyoqqa turib, ishchi-mehnatkashlar haq-huquqlarini talab qilmas ekan, mehnatning qadri pasayib boraveradi.

XS
SM
MD
LG