Xadicha Abisheva: Mehnat muhojirlari, xotin-qizlar yordamga muhtoj


O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'izistondan millionlab insonlar Rossiya va Qozog'istonda mehnat qiladi. Ko'pining ishlash uchun ruxsatnomasi va boshqa zarur hujjatlari yo'q.

O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'izistondan millionlab insonlar Rossiya va Qozog'istonda mehnat qiladi. Ko'pining ishlash uchun ruxsatnomasi va boshqa zarur hujjatlari yo'q.

Bugun O’zbekiston va Tojikistonda biror yaqini chet elda, xususan Rossiya yoki Qozog’istonda ishlamayotgan odamni uchratish qiyin. Jahon Banki ekspertlari taxminiga ko’ra, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaga mehnatga chiqqan bu ikki davlat fuqarolari yurtiga yiliga 4-5 milliard dollar atrofida pul yuboradi. Ular vatandan uzoqda turli to’siqlar va qiyinchiliklar bilan yuzlashsa-da, bir amallab pul topib, oilasini boqmoqda.

Bu insonlarning dardini tinglaydigan, muammolari bilan shug’ullanadigan tashkilotlar juda oz. Qozog’iston janubida asoslangan “Sana Sezim” tashkiloti ana shulardan biri.

Muassasa rahbari Xadicha Abisheva (Khadicha Abysheva) yaqinda Vashingtonga kelganida uni suhbatga tortdik.

"Amerika Ovozi": “Sana Sezim”– notijoriy, mustaqil muassasa. Moliya qayerdan keladi?

Abisheva: “Sana Sezim” qozoqchada seni tushunaman, hamdardman degan ma’noni anglatadi. Aslida tashkilotimiz xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo’ravonlikka chek qo’yish, shuningdek inson savdosiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan edi. Lekin 2005-2006 yillardan beri mehnat muhojirlari masalasi dolzarblashib, bugun bo’ynimizga yangi vazifalarni oldik. Qozog’istonga qo’shni davlatlardan, ayniqsa O’zbekistondan ish izlab kelayotganlar ko’p. Ularga yuridik madad ko’rsatamiz. Loyihalarimizni Yevropa davlatlari va AQShdagi hamkorlarimizning moliyaviy yordami bilan olib boramiz. Jumladan, Vashingtonda asoslangan Yevrosiyo Jamg’armasi (Eurasia Foundation) bilan ishlaymiz. Ayni damda amalga oshirayotgan yirik proyektlarimizdan birining homiysi - Finlyandiya. Maqsad - qishloq ayollari, qarovsiz va yordamga muhtoj bolalar hamda nogironlar hayotini yaxshilash. "Qonun oldida tengmiz: Markaziy Osiyoda adolat ta'minoti" dasturi (Equal Before the Law) Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalangan. Ijtimoiy taraqqiyot yo'lida yordamlashish uchun ajratilayotgan mablag' bu.

"Amerika Ovozi": Muhojir ishchilar huquqini qay tarzda himoya qilasiz? Ko’p hollarda ular yordam so’rash u yoqda tursin, hatto kimligini aytishdan hayiqadi. Hujjatsiz, ro’yxatdan o’tmay ishlayotganlar juda ko’p, shunday emasmi? Ularni qanday aniqlaysiz?

Xadicha Abisheva, "Sana Sezim" nohukumat tashkiloti rahbari. Qozog'iston janubida asoslangan bu muassasa muhojir mehnatkashlarga yordam beradi.

Xadicha Abisheva, "Sana Sezim" nohukumat tashkiloti rahbari. Qozog'iston janubida asoslangan bu muassasa muhojir mehnatkashlarga yordam beradi.

Abisheva: Ish izlab o’zga yurtlarga borganida, odamlarning ro’yxatdan o’tishi, zarur hujjatlar asosida mehnat qilishi juda qiyin chunki tartib murakkab. Muhojirlar buni tushunishga qiynaladi, bundan foydalangan yovuz niyatli odamlar esa ularni aldab, qullikka pullash hollari, ya’ni ularni mehnatga sotib yuborishi keng tarqalgan. Biz bu masalani izchil o’rganamiz. Noiloj odamlarni topib, ko’maklashamiz. Ularni esa har yerda uchratasiz. Professional komandamiz bor. Ko’plab muhojirlarning o’zi ham bizga yordam so’rab keladi.

"Amerika Ovozi": O’zbekistonda har ikkinchi oiladan kimdir chetda ishlayapti deya taxmin qilishadi. Markaziy Osiyoda qaysi organ yoki tashkilot mehnat muhojirlari soni haqida aniq ma’lumot bera oladi? Siz bu bilan shug’ullanasizmi?

Abisheva: Afsuski, sizga bu borada hatto hukumat idoralari ham aniq ma’lumot bera olmaydi. Chunki muhojirlar oqimini nazorat qilish juda qiyin. Masalan, O’zbekistondan juda ko’plab odamlar Rossiyaga Qozog’iston orqali o’tadi, noqonuniy yo’llar bilan, lekin tan olish kerak, ularni manzilga yetkazuvchi marshrutlar bor. Bu insonlar hech qayerda ro’yxatdan o’tmaydi. Kimdir Qozog’istonda qoladi, kimdir esa yo’lida davom etib, Rossiyaga ketadi.

"Sana Sezim" AQSh va Yevropadan grantlar oladi, xususan Vashingtonda asoslangan Yevrosiyo Jamg'armasi (Eurasia Foundation) bilan ishlaydi.

"Sana Sezim" AQSh va Yevropadan grantlar oladi, xususan Vashingtonda asoslangan Yevrosiyo Jamg'armasi (Eurasia Foundation) bilan ishlaydi.

"Amerika Ovozi": Ishga talab bor ekan, odamlarning kelib bemalol ishlab ketishi uchun sharoit yaratish mumkin emasmi?

Abisheva: Mumkin, albatta. Mana shu yerda masala yanada murakkablashadi. Qozog’istonda chetdan odam yollash uchun kvota beriladi, lekin bu kvotalardagi talablar ehtiyojni qondirmaydi. Masalan, yuqori malakali odamlarni yollash talabi. Ish beruvchilar ko’p hollarda arzon ish kuchi izlaydi. Muhojirlar asosan qurilish, qishloq xo’jaligi, masalan paxtazor va ekinzorlarda ishlaydi. Ish beradigan odam uchun tizim juda qog’ozboz. Odamlar u bilan shug’ullanishni istamay noqonuniy arzon ishchini topadi. Qarabsizki, hamma narsa norasmiy, noqonuniy va mavhum. Ro’yxatga olinsa, soliq to’lashi kerak. Hamma narsa noqonuniy ekan, kompaniya bo’ynida biror majburiyat yo’q. Ishchiga kam haq to’lashi, istasa to’lamasligi ham mumkin.

"Amerika Ovozi": Qo’shni davlatlarda ham hamkorlaringiz bormi, masalan O’zbekistonda?

O'zbekiston o'z fuqarolari manfaatlarini himoya qilishi kerak, deydi Xadicha Abisheva

O'zbekiston o'z fuqarolari manfaatlarini himoya qilishi kerak, deydi Xadicha Abisheva

Abisheva: O’zbekistonda “Istiqbolli avlod” degan tashkilot bilan ishlaymiz. Ular respublika bo’ylab o’z filiallariga ega. Deylik, Qozog’istonda o’zbekistonlik muhojir hibsga olindi. Biz “Istiqbolli avlod” bilan bog’lanib, zarur hujjatlar olamiz. Bu odamga shaxsiy guvohnoma kerak, O’zbekistonda yaqinlari qayerda, qanday aloqa qilish mumkin, mana shu masalalarda. Hukumat bilan ishlash ko’p vaqt talab qiladi va ish sekin kechadi. Shuning uchun biz nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni ma’qul ko’ramiz. Lekin ayrim hollarda hukumat bilan aloqa qilishga majbursiz, albatta. Yana bir misol, O’zbekistondan “Istiqbolli avlod” ga oilalar telefon qilib, Chimkentda ishlayotgan o’g’li dom-daraksiz ketgani yoki yordamga muhtoj ekanini aytadi. Biz uni topishga, zarur madad ko’rsatishga, kerak bo’lsa, vataniga qaytarishga harakat qilamiz.

"Amerika Ovozi": Muhojirlar, qonuniy yoki noqonuniy, qayerdan bilishi mumkin siz haqingizda?

O'zbekiston hukumati chetda ishlayotgan fuqarolari taqdiri haqida deyarli og'iz ochmaydi

O'zbekiston hukumati chetda ishlayotgan fuqarolari taqdiri haqida deyarli og'iz ochmaydi

Abisheva: Biz haftalik byulleten-varaqalar chiqarib tarqatamiz, har yerda, ayniqsa muhojirlar ko’p uchraydigan joylarda. Chegara punktlari, qurilish maydonlariga, bozorlar va mahallalarga borib, ulashamiz. Bundan tashqari biz ommaviy axborot vositalari bilan ishlaymiz. Televideniye, radio, gazeta va internetdamiz. 12 doimiy xodimimiz bor, lekin mobil yordamchilarimiz va ko’ngilli xizmatchilarga ham tayanamiz. Biz ish beruvchilarga oldindan aytamiz: sizga zarar keltirmaymiz, muhojir o’z huquqini bilishi shart xolos deymiz. Ma’lumotlar o’zbek, qirg’iz va tojik tillarida. Rus tilida ham bor, lekin, aytish joiz, ishchi-migrantlarning ko’pi rus tilini bilmaydigan yoshlar.

"Amerika Ovozi": Rossiyada kim bilan ishlaysiz?

Abisheva: Moskvada Tojikiston Jamg’armasi bor. Ular bizning hamkorimiz. Ma’lumot almashamiz, birgalikda muhojirlarni qutqaramiz, ularga yordam beramiz. Ayni damda bir hol ustida ishlayapmiz. Qozog’istonlik ikki qizni qul sifatida sotishgan. Ular nafaqat majburan ishlatilgan, balki zo’rlangan ham. Birini vatanga qaytardik, qo’lida bolasi bilan. Ikkinchisini esa qidirayapmiz. Bunday holatlarda qonun-tartibot organlari bilan yaqindan ishlaymiz, turli idoralarga murojaat qilamiz, turli kengashlarga a’zomiz.

"Amerika Ovozi": Nima uchun hukumatlar muhojir ishchilar haqida, ularning ahvoli, taqdiri haqida ko’p gapirmaydi? Masalan, O’zbekiston rahbariyatidan bu borada deyarli eshitmaymiz.

Onalar, katta yoshdagi ayollar ham imkoniyat izlab o'zga yurtlarga boradi. Ularning ko'pi o'z huquqlari, talablar va shart-sharoitni bilmaydi.

Onalar, katta yoshdagi ayollar ham imkoniyat izlab o'zga yurtlarga boradi. Ularning ko'pi o'z huquqlari, talablar va shart-sharoitni bilmaydi.

Abisheva: Afsuski, shunday. Qaniydi, O’zbekiston hukumati o’z fuqarolari chet elda ishlab yurganini ochiq tan olib, ularni himoya qilsa. Ular axir shu yurt farzandlari, ularning manfaatini davlat himoya qilmasa, kim qiladi? Tojikiston va Qirg’iziston bugunga kelib bu borada konkret qadamlar tashlay boshlagan, ikki tomonlama kelishuvlar imzolanmoqda. Odamlar borib ishlab kelishini ta’minlaydigan dasturlar ustida ish ketmoqda. Ammo O’zbekistonda buni ko’rmayapmiz. Davlat o’z fuqarolari ish izlab chetga ketayotganini tan olmayapti. Ishsizlik muammosini tan olmayapti. Nafaqat erkaklar, balki xotin-qizlar ham chiqib ketayapti. Onalar yosh bolalarini tashlab, tirikchilik qilaman deb ketayapti. Ko’plab oilalarda ota ketgan, ona ketgan, oilalar buzilgan, bolalar yo qarindoshlarnikida yo qarovsiz qolgan. Bularning ta’siri uzoq muddatda jamiyatga qimmatga tushishi mumkin.

"Amerika Ovozi": Sizni xotin-qizlarga nisbatan zo’ravonlikka qarshi kurashda yetakchi mutaxassis deya ta’riflashadi. Bu muammoni yengish mumkinmi?

"Sana Sezim" bilan bog'lanmoqchi bo'lsangiz, mana bu saytga kiring - www.sanasezim.org

"Sana Sezim" bilan bog'lanmoqchi bo'lsangiz, mana bu saytga kiring - www.sanasezim.org

Abisheva: Qiyin, lekin astalik bilan bu holatlarni kamaytirish, yondashuvni o’zgartirish mumkin. Qonunlarimiz oldida ayol va erkak teng huquqqa ega. Real hayot esa ancha boshqacha. Ayollar uchun imkoniyatlar cheklangan. U bilimli, hunarli shaxs bo’lishi mumkin, ammo jamiyatda azaldan chizilgan chiziqdan chiqa olmaydi. Oilada ayollar ko’p hollarda zo’ravonlik qurboni. Uydagi gap ko’chaga chiqmasin deyishadi va ayol tishini tishiga qo’yib chidayveradi. Turmushga chiqqan ayolni eri ursa, tabiiy holdek qarashadi. Qizlarni ham do’pposlashadi. Dahshatli vaziyatlarga guvoh bo’laman. Nazarimda, bu holatlarni yengish uchun ongimiz, hayotiy tushunchalarimiz, dunyoqarashimiz o’zgarishi kerak. Buning uchun esa omma bilan ishlash kerak. Xotin-qizlarimiz ongini oshirish kerak.

"Amerika Ovozi": Markaziy Osiyo ayoli bugun o’z haq-huquqlarini qanchalik biladi?

Abisheva: Butun mintaqani olsak, juda past darajada degan bo’lar edim. Gap shundaki, ayollar o’ziga yarasha o’ringa ega bo’lgan holatda ham eridan kaltak yeyishi, jinsiy zo’ravonlik va ruhiy bosimga uchrashi mumkin. Ular ko’p hollarda lom-mim demaydi. Mana shu katta fojia. Hayot shu ekan deb yashayverishadi.

Xadicha Abisheva bilan suhbatimizni to’liq holda saytimizda tomosha qilish, tinglash va o’qish mumkin. Inson savdosi, ayollar ahvoli, ishchi-muhojirlar bilan bog’liq mavzular haqida ham saytimizda ko’plab ma’lumotlar topasiz.

"Amerika Ovozi": Katta rahmat sizga!

Abisheva: Sizga rahmat!

Suhbat rus tilida:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG