AQSh kongressmenlari O'zbekiston hukumatini adolatga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Kongress a'zosi sifatida inson huquqlari targ'ibotini ustuvor vazifa sifatida ko'rgan Tom Lantos nomiga qo'yilgan maxsus komissiya O'zbekiston ahliga Andijon fojiasining 10 yilligi bilan hamdardlik bildirib, respublika hukumatini erkinliklarni e'zozlashga undamoqda.

O'sha mash'um kunda hukumat kuchlari tomonidan yuzlab begunoh insonlar otib o'ldirilgan va davlat buning uchun javobgarlikni o'z bo'yniga olmay keladi, deya tanqid qiladi Lantos komissiyasi.

Demokrat qonunchi Jeyms Makgovern va respublikachi qonunchi Jozef Pitts raislik qiladigan bu organ nazarida halok bo'lganlar korrupsiya, repressiya, qashshoqlik va adolatsizlikdan nolib ko'chaga chiqqan oddiy fuqarolar bo'lgan.

O'zbekiston hukumati bu voqea mustaqil ravishda tekshirilishi uchun imkoniyat yaratib berishi kerak, deydi Amerika qonunchilari.

Komissiya O'zbekistonni qiynoqlar, huquqbuzarlik keng tarqalgan va so'z erkinligi bag'oyat cheklangan jamiyat deb hisoblaydi.

"O'zbekiston hukumati qiynoqlarni darhol bas qilib, siyosiy mahbuslarni ozod etib, fuqaro jamiyati va mustaqil matbuotga yo'l berishi kerak",- deyiladi bugun Vashingtonda e'lon qilingan bayonotda.

"Xalqaro hamjamiyatdan Andijon qirg'inini yodga olib, hukumatdan haqiqiy islohotlar tomon qadam tashlashni so'raymiz, toki Andijonda bo'lgani kabi fojialar takrorlanmasin".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG