Saylov-2012: Nomzodlar muhim shtatlarni kezmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Sinsinnati shahrida saylovchilar bilan uchrashmoqda, 4-noyabr, 2012-yil.

Prezident Obama Sinsinnati shahrida saylovchilar bilan uchrashmoqda, 4-noyabr, 2012-yil.

Ertaga AQShda prezident saylovlari. Ikki asosiy nomzod – demokrat Barak Obama va respublikachi Mitt Romni bugun kampaniyaning so’nggi kunida bahsli shtatlardagi saylovchilarni o’z tomoniga og’dirishga yana bir bor urinib ko’rmoqchi.

So’nggi ommaviy so’rov natijalaridan Ogayo, Florida, Viskonsin, Virjiniya, Kolorado, Nyu-Gempshir va Ayova shtatlari nomzodlardan qay birini qo’llab-quvvatlashini bilib bo’lmayapti. Asosiy kurash aynan shu shtatlarda kechadi.

Prezident Obama bugun Viskonsin, Ayova va Ogayodagi saylovoldi tadbirlarda ishtirok etmoqda. Asosiy jarayonni esa Chikagodan turib kuzatadi.

“Bu saylovda ikki nomzoddan biri yoki ikki partiyadan birini emas, balki ikki Amerikadan birini tanlaysiz. Iqtisodiyotni tushkunlikka keltirgan yoki inqirozdan chiqishni ko’zlab, o’rta sinfni kuchaytirishga qaratilgan siyosatdan biriga ovoz berasiz”, - dedi Obama.

Mitt Romni esa Florida, Virjiniya, Ogayo va Nyu-Gempshirga borib, saylov kuni Bostonda bo’ladi.

“To’g’ri rahbarni tanlasangiz, yaxshi ish va yaxshi maoshlar davri yana qaytib keladi”, - dedi Romni Pensilvaniyada to’plangan 20 ming tarafdorlariga.

Saylov ertaga bo’lgani bilan, 34 shtatda 29 milliondan ziyod amerikalik erta ovoz berib bo’lgan.

Prezident saylovlari bilan bir kunda Kongress Vakillar Palatasiga ham qonunchilar saylanadi hamda 100 senatordan 33 tasi o’zini Senatga loyiq ekanini isbotlashi zarur bo’ladi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, prezident kim bo’lishidan qat’i nazar, respublikachilar Vakillar Palatasidagi, demokratlar esa Senatdagi ustunligini saqlab qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG