Latviyadagi ruslar kelajagini Yevropa bilan ko'radi

  • Amerika Ovozi

Riga, Latviya

Rossiya 2014-yilda Qrimni tortib olib, Ukraina sharqida isyonchilarni qo'llab-quvvatlash qarorini himoya qilayapti. Hududda ozchilik ruslar tahqirlanmoqda, deya izohlaydi Moskva o'z qarorini. Qo'shni Latviyada, bu orada, ruslar Moskvaga xayrixoh ekanini aytadi, biroq ular o'z kelejagini Yevropa Ittifoqi bilan ko'radi.

Riganing Rus teatri. Latviyada rus madaniyati hanuz hayot ekani, siyosiy tanglikka qaramay, ikki elat hamon murosa qila olishining ramzi bu.

Ukrainadagi kabi Latviyada ham ruslar katta jamoa. Aksariyati sobiq ittifoqning har xil davlatlaridan bu yerga kelib o'rnashgan. Ammo mustaqillikdan keyin Latviya sovetlarni ochiqchasiga bosqinchi deya tamg'alagan, natsistlar Germaniyasiga qiyoslagan.

Sovetlar xalqlarni tarixiy yurtidan yulqib olib, quvg'in qilgan, elatlarni zulm va qo'rquv bilan changalidan chiqarmagan. Tanqidchilar nazarida Rossiya bugun ruslarni himoya qilish bahonasida eski sovet usulini qo'llayapti.

"Sovetlar istilochi bo'lganini tan olib, Rossiya kechirim so'rashi ma'qul ish bo'ladi, ishonch shunda tiklanadi", - deydi Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevich.

Istiqloldan keyin Latviyada saylovda ovoz berish yoki hukumatda ishlash uchun davlat tilini bilish shart qilib qo'yildi.

Mahalliy ruslar buni kamsitish va hatto qasos deya tanqid qiladi. Ayrimlari Moskvadan yordam so'ramoqda. Bugun ruslar mamlakatda latviyaliklar bilan teng maqomga ega emas. Holbuki, ular aholining chorak qismini tashkil etadi.

Biroq Latviyadagi barcha ruslar Moskva o'tmish madaniyat ekanini, ular o'z kelajagini Yevropa Ittifoqi bilan ko'rishini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG