Breaking News

"Islomiy davlat" zaiflashgan lekin hamon yirik tahdid


Musul, Iroq
Musul, Iroq

Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" ni yanchib tashlash bilan terror xavfini bartaraf eta olmaysiz. Razvedka agentliklari va siyosatdonlar G'arb hukumatlariga shu achchiq haqiqatni eslatmoqda.

Guruh harbiy jihatdan zaiflashgan lekin uning mafkuraviy ta'siri qanchalik sayozlashgan?

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada ulkan zarar ko'rdi, moliyaviy va jangovar qudratidan ayrildi", - deydi AQSh generali Maykl Nagata, Kontrterrorizm markazi rahbaridir.

"Islomiy davlat" - global ta'sirga ega terror to'dasi. Ularni jismonan yo'q qilayapmiz biroq ular yoygan g'oyalar, taktika va yondashuv kattayu kichik yoshdagilarning miyasini zaharlashga ulgurgan", - deydi general.

Yevropa mamlakatlarida kuzatilgan so'nggi terror xurujlarini bu guruhdan ilhomlangan odamlar amalga oshirgan.

"Islomiy davlat" idora va qo'rg'onlaridan ayrilmoqda lekin global tarmoqda yangidan yangi tarafdorlar topmoqda. Terrorchilar ular orqali hujumlar qilishda davom etadi, deya ogohlantirmoqda ekspertlar.

Musul, Iroq
Musul, Iroq

Oq uydagi Milliy Xavfsizlik kengashiga ko'ra, terrorizm Amerika va dunyo tinchligiga eng katta raxna solayotgan kuch. "Islomiy davlat" va unga o'xhash guruhlar siquvda lekin shaklan va strategik jihatdan o'zgarib bormoqda.

"Xalifalikning Amerika, Rossiya va Yevropadagi homiylari va tarafdorlari, kofirlarga qarshi kurashda sizga tayanamiz", - deya murojaat qildi to'da vakili Abu Hasan al-Muhojir, yaqinda qilgan audio bayonotida.

"Dushmanni shu qadar band qilib qo'yaylikki, u islomni boshqa nishonga ololmasin", - deydi Muhojir "Twitter" orqali tarqatgan chaqirig'ida.

Yaqinda Londondagi terror xurujida ayblangan 52 yoshli Xolid Ma'sud uch kishini o'ldirgan. "Islomiy davlat" uni maqtab chiqqan.

Sankt-Peterburg va Stokgolmdagi terror hujumlarida ham radikalizmdan ilhomlangan kishilar ayblanmoqda. Har ikkisini o'zbek musulmon muhojirlar amalga oshirgan, deydi tegishli rasmiylar. Yangi yil arafasida Istanbulda o'nlab odamlarni o'ldirgan yana bir terrorchi ham o'zbek edi.

Abu Muhamamad al-Adnaniy, "Islomiy davlat" yetakchilaridan, 2016-yilning yozida yo'q qilingan
Abu Muhamamad al-Adnaniy, "Islomiy davlat" yetakchilaridan, 2016-yilning yozida yo'q qilingan

AQSh qo'mondonlarining qayd etishicha, bugunga kelib "Islomiy davlat" yetakchilarining yarmi yo'q qilingan, xususan guruh rahnamosi Abu Bakir al-Bag'dodiy. Guruhning xorijdagi hujumlarini rejalashtirib tanilgan Abu Muhammad al-Adnaniy o'tgan yoz Suriyada o'ldirilgan.

Noyabrda esa Abu Bakir al-Hakim, Saloh G'urbat va Sami Jodu ismli terrorchilar halok bo'lgan. Ular G'arbdagi xurujlarda ayblangan edi.

Fransiya va Belgiya o'zidan chiqqan minglab musulmon yoshlar terrorchilar safida ekanidan xavotirlanib keladi. Osiyo mamlakatlari ham qo'rqinchda. Razvedka agentliklari terror tashkilotlari e'tiborni bu tomonlarga ham qaratmoqda, deya ogohlantirmoqda.

Fransiyada hozir 12 ming tergov ishi terrorizm bilan bog'liq. Bu mamlakat Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, ko'p hollarda jinoyatchi va terror tashkiloti orasidagi aloqa cheklangan lekin uni qabih ishlarga qo'l urishi uchun yetarli bo'lgan.

Belgiyada ayni damda 200 dan ortiq tergov ishi avjida. Kichik, osuda jamiyat mahalliy terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirmoqda.

Suriya va Iroqdan qaytayotgan jangarilar masalasi ham bor. Belgiya hukumati hisobicha kamida 250 terrorchi mamlakatga kirib kelishi mumkin. Xavfsizlik organlari yangi tartib va usullarni ishga solmoqda.

Belgiya ko'chalarida
Belgiya ko'chalarida
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG