Qizlarni o'qimishli qilaylik

  • Amerika Ovozi

Tinchlik Korpusining loyihasi 11 davlatda, jumladan, Albaniyada tatbiq etilmoqda.

Tinchlik Korpusining loyihasi 11 davlatda, jumladan, Albaniyada tatbiq etilmoqda.

Obama ma’muriyati ta’lim orqali qizlar orasida liderlikni rag’batlantirish siyosatini olib borayapti. Jahonda qizlar maktabga borish imkonidan mahrum qilinganiga qarshi choralar tashqi siyosatda ustuvor masala bo’lishi kerak, deydi prezident. Kambag’allik, jamiyatdagi tor dunyoqarash va odatlar sababli qator davlatlarda qizlar o’qishga bormaydi.

Romina Kolaning oilasi Albaniyadagi qishloqda yashar edi. Qiz maktabga qatnay olishi uchun oilasi ko’ch-ko’ronini ko’tarib Shkodra shahriga ko’chgan.

“Ko’p o’rtoqlarim o’qishga bormaydi, chunki maktab uzoq. Bundan tashqari, pul yo’q. Qishlog’imizdan juda uzoq edi maktab”, - deydi u.

Ota-onasining sharofati bilan Romina xat-savodli. Holbuki, jahonda 62 million qiz maktabga qatnash imkonidan mahrum qilingan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, USAID vakilasi Syuzan Markamning aytishicha, masofa, zo’ravonlik ehtimoli qizlarga to’sqinlik qilayotgan sanoqli omillardan.

“Qizlarni erta erga berish, maktab uchun pul to’lashga qurbi yetmaslik – bari dolzarb muammolar”, - deydi u.

Obama ma’muriyati “Qizlar o’qimishli bo’lishiga imkon beraylik” nomli kampaniyani boshladi.

Mishel Obama mart oyida Yaponiya va Kambodjada bo’lib, shu haqda gapirdi. Tinchlik korpusidan Kerri Hessler Radele ham unga hamroh bo’ldi.

“Mishel Obama bu muammoni o’ylab astoydil qayg’uradi. O’zining hayoti, Prezident Obamaning hayotidan misol qiladi. Har ikkisi kamol topishida ta’limning roli katta edi. Ular har bir qizaloqda xuddi shunday imkoniyat bo’lishini xohlaydi”, - deydi u.

Tinchlik Korpusi ko’ngillilari Albaniya, umuman, boshqa davlatlarda bu loyihani targ’ib qiladi. Volontyorlar, asosan, chekka hududlarda ishlaydi. Ular ayollar va erkaklar o’rtasida tenglik, ayollarni rag’batlantirish kabi loyihalarda band. Mari Kuant ana shunday ko’ngillilardan.

“Qizlarda xohish va maqsadlarni oshirish, yangi bosqichga ko’tarish – shuning ustida ishlaymiz. Qizlar o’zi mo’ljallagan maqsadlarga erisha olishini, boshqalarga o’rnak bo’lish va ortidan ergashtira olishni bilishi kerak. Mana shu fikr shakllandimi ularda, ular tobora o’sib boraveradi”, - deydi u.

USAID vakilasi Syuzan Markan qizlari o’qigan jamiyat ravnaq topadi, deydi.

“Maktabda, universitetda o’qishini davom ettirgan xotin-qizlar sog’lomroq bo’ladi. Kechroq oila quradi ular. Kechroq farzandli bo’ladi. O’zining bolalarini ham ilmli qiladi ular. Buning ta’siri avlodlar osha sezilishini ko’rib turibsiz”, - deydi u.

Lekin Tinchlik Korpusidan Kerri Hessler Radele bu uzoq jarayon ekanini eslatadi.

“Bugun biz bilan ishlayotgan qizlar, yigitlarning farzandlarida bu mehnatning samarasini ko’ramiz. Uzoq yillik jarayon bu. Bugungi me’yorlar, fe’l-atvorni o’zgartirish uchun yillar kerak bo’ladi”, - deydi u.

Tinchlik Korpusining loyihasi 11 davlatda, jumladan, Albaniyada tatbiq etilmoqda. Romina Kola kabi qizlar hayotida tub o’zgarishlar qilgan tashabbus bu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG