Liviyada dinning roli qanday? Dindorlar siyosatga aralashadimi?

  • Amerika Ovozi

Liviyada dinning roli qanday? Dindorlar siyosatga aralashadimi?

Liviyada dinning roli qanday? Dindorlar siyosatga aralashadimi?

Ba’zi kuzatuvchilarning xavotiri shuki, islomiy kuchlar hozirgi vaziyatdan foydalanib, hokimiyatni qo’lga olishi mumkin.

Liviya muxolifati mamlakat g'arbi va markazida Muammar Qaddafiy kuchlariga qarshi jang qilar ekan, Bing'ozida muvaqqat hukumat tuzilib, yangi konstitutsiya ustida ish boshlangan. Din roli munozaraga sabab mavzulardan.

Bing'ozida siyosiy jarayonlarni kuzatayotgan Amerika Ovozi muxbiri Skott Bobbning xabar berishicha, Liviya muxolifati 17-fevraldan beri davom etayotgan g'alayon va janglarni inqilob deb atab, yangi konstitutsiya va tub o'zgarishlar orqali demokratik jamiyat qurishga intilmoqda.

Shariat bo'yicha mahalliy universitet professori Osama al-Salladiyning aytishicha, Muammar Qaddafiyning 41 yillik hukmronligi davrida diniy tashkilotlar qattiq nazorat ostida bo'lgan.

"Xalqimiz demokratik, konstitutsion, fuqarolik jamiyatini qurmoqchi. Bir oila, bir shaxsning mutlaq hukmronligidan xoli tizim yaratamiz", - deydi u.

Islom dini liviyaliklar hayotida muhim rol o'ynaydi. Ba'zi kuzatuvchilarning xavotiri shuki, islomiy kuchlar hozirgi vaziyatdan foydalanib, hokimiyatni qo'lga olishi mumkin. Professor al-Salladiy bunga ishonmaydi, ammo, deydi u, diniy ulamolar va yetakchilar yangi davlat qurishda muhim rol o'ynaydi.

"Liviya aholisining aksariyati diniy jihatdan ancha mo'tadil. Ekstremizm tarqalishiga sharoit yo'q. Mamlakat kelajagi qanday bo'lishini xalqning o'zi hal qiladi", - deydi olim.

Muvaqqat kengash vakili Mustafo Jarayoniyning aytishicha, liviyaliklar sunniy mazhabda bo'lib, ba'zi musulmon davlatlarda mojaroga yetaklagan mazhablararo ziddiyatdan xoli.

"Ekstremistlar uchun muhit noqulay. Liviyada odamlar bir-birini taniydi. Suiqasd xurujlarga hech kim qo'l urmaydi. Biz ulardan qo'rqmaymiz ham. Demokratik jamiyatda siyosiy qarashlardan qo'rqish yo'q", - deydi Jarayoniy.

Muxolif kengashga maslahatlari bilan yordam berayotgan professor Zohi Mog'erbining aytishicha, Qaddafiy hukmronligi ostida shaxsiy erkinliklar bo'lmagani uchun diniy ekstremizm ehtimoli yuqoriroq edi.

"Ochiq jamiyatda muammolarni erkin muhokama qilish, davlat idoralariga saylanish huquqi bo'lgani uchun radikal va ekstremistik kayfiyatlar o'z-o'zidan yo'qoladi", - deydi Mog'erbi.

Qohiradagi al-Ahram Strategik izlanishlar instituti siyosiy tahlilchisi Ziyod Aqlning aytishicha, Qaddafiy tuzumida din siyosatda muhim rol o'ynamagan.

"Dinning Qaddafiy tuzumiga ta'siri siyosiy emas, ko'proq ijtimoiy bo'lgan. Diniy yetakchilar hozir ikkiga bo'linib, bir qismi xalqni Qaddafiyni qo'llab-quvvatlashga chaqirsa, qolganlari unga qarshi da'vat etmoqda. Ammo din siyosiy vosita emas, shunchaki xalqni to'plovchi, mobilizatsion kuch sifatida qo'l kelmoqda", - deydi professor Aql.

Shunga qaramay, deydi kuzatuvchilar, din Liviya jamiyatida muhim rol o'ynaydi. Yangi konstitutsiyani yozishda va yangi hukumatni shakllantirishda ham diniy yetakchilar o'z so'zini aytishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG