Muammar Qaddafiy, o'g'li Muatassim o'ldirilgan

  • Amerika Ovozi

"Al-Arabiya" telekanali ko'rsatayotgan tasvir. Muammar Qaddafiy ona shahri Sirtada halok bo'lgan.

"Al-Arabiya" telekanali ko'rsatayotgan tasvir. Muammar Qaddafiy ona shahri Sirtada halok bo'lgan.

Liviya Muvaqqat boshqaruv kengashining bayon qilishicha, mamlakatning sobiq rahbari Muammar Qaddafiy o’lgan.

U Sirta shahri uchun kechgan janglarda og’ir yaralangan edi, deydi rasmiylar.

Liviyada tantana

Liviyada tantana

Sal oldin vaqtli rahbariyat Qaddafiy qo’lga tushgani va qattiq jarohatlanganini aytgan edi.

Uning o'g'illaridan biri, vorisi deb ko'rilgan Said al-Islom og'ir jarohati bilan kasalxonada. Muatassim esa o'lgani aytilmoqda.

Amaldagi hokimiyat tarafdorlari bir necha hafta davom etgan jangdan keyin nihoyat bugun Sirtani butunlay mag’lub etgan.

Muammar Qaddafiy hokimiyatga kelganida 27 yoshda edi. U Liviyani qariyb 42 yil boshqardi.

Muammar Qaddafiy hokimiyatga kelganida 27 yoshda edi. U Liviyani qariyb 42 yil boshqardi.

Endilikda Liviyaning barcha port va sohillari, strategik qismlari muvaqqat boshqaruv nazoratida.

Janubda, Niger, Jazoir va Chad bilan chegaradosh hududlarda, olishuvlar davom etmoqda.

Amerika hukumat Liviya xalqini qutlab, yangi davr boshlangani bilan tabriklamoqda. Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Qaddafiyning o'lgani muhim voqea, ammo bu bilan mamlakat barqaror bo'lib qolmaydi. Janglar poyoniga yetishi kerak, deydi u.

Respublikachi senator Jon Makkeyn nazarida Liviyada inqilobning birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi. G'arb bu xalqni quvvatlashda davom etishi va yordamni oshirishi kerak, deydi Makkeyn.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun AQSh pozitsiyasini ma'qullab, Liviyada olishayotgan kuchlarni qurolni tashlab, yurti kelajagi haqida o'ylashga undamoqda.

Kuba rahbari Fidel Kastro bilan

Kuba rahbari Fidel Kastro bilan

Yevropa Ittifoqi siyosiy minbarlaridan ham shunday chaqiriqlar yangramoqda.

Liviyada birdamlik va erkinlik targ'ib qilinib, uzoq yillar repressiya ostida yashagan jamiyatga har tomonlama ko'maklashish lozim, deyiladi blok bayonotida.

Sirta, Muammar Qaddafiyning ona shahri, anchagacha taslim bo’lmay keldi. Hafta boshida isyonkor Bani Valid yengilgan edi.

Muvaqqat rahbariyatga sodiq kuchlar bugun Sirtada g’alabani bayram qilib, tongda shahar uzra o’z bayrog’ini ko’tardi. O’q, portlash ovozlari o’rnini g’oliblar hayqirig’i egalladi.

Bundan ikki oy oldin muvaqqat kuchlar Tripolini egallab, Qaddafiy va uning oilasi qochgan edi.

Sirtadagi o’zgarishlar ketidan Liviyada yangi saylovlar o’tib, yangi hukumat va yangi konstitutsiya tuzilishi kerak.

Saif al-Islom Qaddafiy

Saif al-Islom Qaddafiy

Qariyb 42 yil davomida bir shaxsning temir panjasi ostida yashagan mamlakat uchun bu olamshumul voqea.

Liviyalik olim, Qohiradagi ilmiy markaz xodimi Ziyod Aql fikricha, Qaddaafiyga sodiq kuchlar arang oyoqda turibdi.

“Ular siyosiy jihatdan pishiq emas. Kattaroq hududlarni qo’lga kiritish uchun emas, o’z pozitsiyalarini qo’ldan boy bermaslik uchun kurashayapti ular. Bunaqa strategiya uzoqqa bormaydi”, - deydi tahlilchi.

Quyidagi tasvirlarda Muammar Qaddafiy hokimiyatga kelgan paytlar va Liviya tarixi bilan bog'liq lahzalarni ko'rishingiz mumkin.

Muammar Qaddafiy 1942-yilda Liviyaning Beduin qabilasida dunyoga kelgan. Liviya Davlat universitetini bitirib, qurolli kuchlar safiga kirgan.

27 yoshida Qaddafiy 1969-yilda harbiy qo’zg’olonda bosh bo’lib, qirol Idrisni taxtdan ag’dargan. Davlatni o’shandan beri boshqarib keldi.

Uning hukumati Chad va Eronda xalq isyonlarini qo’llab-quvvatladi. Jangari guruhlarga homiylik qildi.

1986-yilda Germaniyada tungi klub portlatilib, amerikalik ikki askar o’lganida Qaddafiy ayblangan. AQShning o’sha paytdagi prezidenti Ronald Reygan Liviyani havodan bombardimon qilishni buyurgan.

Venesuela prezidenti Ugo Chavez bilan

Venesuela prezidenti Ugo Chavez bilan

Oradan ikki yil o’tib, Shotlandiya uzra AQShning 270 yo’lovchi mingan samolyoti portladi va bunda ham Liviya ayblandi.

2003-yilda Qaddafiy bu xurujni bo’yniga olib, o’lganlarning oilalariga 2 milliard dollar kompensatsiya to’lashga rozi bo’lgan.

O’sha yiliyoq Liviya rahbari terrorizm va ommaviy qirg’in qurollaridan voz kechdi. Natijada Amerika, Yevropa Ittifoqi va BMT sanksiyalarni bekor qilib, diplomatik aloqani tiklashga kirishdi.

Janubiy Afrika xalq qahramoni Nelson Mandela bilan

Janubiy Afrika xalq qahramoni Nelson Mandela bilan

Joriy yilning fevralida Liviyada qo’zg’olon boshlanib, Qaddafiy xalq chiqishlarini ayovsiz bostirishga urindi.

Bundan norozi xalqaro hamjamiyat NATO yetakchiligida Liviyaning beshafqat rahbariga qarshi operatsiyalar boshladi. Mamlakatning muhim ob’yektlari havodan nishonga olindi. Harbiy alyans missiyani yakunlash arafasida.

Qaddafiy G’arb quvvatlagan muxolifatga katta shaharlar va nihoyat poytaxt Tripolini ham boy berib, Sirta tomon qochdi.

Urushda u ikki o’g’lidan ayrildi. Rafiqasi va boshqa farzandlari xorijdan panoh topdi. Saif al-Islom, Qaddafiyning ishongan tog’i deya sanalgan o’g’li ham quvg’inda.

Eron prezident Mahmud Ahmadinajod bilan

Eron prezident Mahmud Ahmadinajod bilan

Bugun Liviya bo’ylab ko’pchilik dictator o’limini tantana qilmoqda. Ekranlarda Muammar Qaddafiyning qonga belangan jasadini ko’rasiz.

Uning davri poyoniga yetganini sezib turgan xalq orasida kelajakka nisbatan xavotir ham kuchli.

42 yil bir odam boshqargan jamiyat endi qay tomon buriladi? Demokratiya va barqarorlikk tomonmi yoki ichki mojarolar va hokimiyat uchun kurash?

Liviya ahli oldida mana shunday murakkab savollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG