Breaking News

Liviya diplomatlari Qaddafiydan yuz o’girdi


Davlat diplomatlari qatliomni bas qilishga undab, ayrimlari hatto ishdan bo’shagan. BMTdagi vakil Ibrohim Dabbashiy xalqaro tergov o'tkazish kerak deydi
Davlat diplomatlari qatliomni bas qilishga undab, ayrimlari hatto ishdan bo’shagan. BMTdagi vakil Ibrohim Dabbashiy xalqaro tergov o'tkazish kerak deydi

Liviyada hukumat unga qarshi isyonni shafqatsiz bostirishga qaror qilgan. Bu qonli manzara xalqaro hamjamiyatni dahshatga solgan.

Davlat diplomatlari qatliomni bas qilishga undab, ayrimlari hatto ishdan bo’shagan.

Poytaxt Tripoli va boshqa katta shaharlarda avtokrat prezident Muammar Qaddafiy tarafdorlari hujumga o’tgan.

Guvohlarning aytishicha, qurol ko’targan bu odamlar ajnabiy, yollanma askarlar. Kecha namoyishchilar havodan nishonga olingan.

Biroq Liviya rasmiy matbuoti bu xabarlar yolg’on ekanini, hukumatni obro’sizlantirish uchun uyushtirilgan ig’vo ekanini aytadi.

Qo’zg’olon boshlangandan beri ilk bor gapirgan Qaddafiy kecha Tripoli markazida, omma kuch bilan tarqatilgach, bo’shab qolgan maydonda so’zlagan.

“Tripoli ahlini olqishlab keldim”, - dedi Liviya rahbari. “Qaddafiy qochibdi degan gaplar bo’hton”, - dedi u.

Liviyadagi manzarani xolis baholash mushkul. Hukumat xorij muxbirlarini kiritmayapti, internet va telefon aloqa cheklangan. Guvohlar so’zi va odamlar olgan video – yagona manbalar.

Taxminlarga ko’ra, Liviyaning qator tumanlar va to’qqiz shahri namoyishchilar qo’lida.

Liviyaning AQShdagi elchisi Ali Aujaliy fikricha, Qaddafiy ketishi kerak. Mamlakatning Malayziya va Avstraliyadagi elchilari ham shunday bayonot bilan chiqqan.

Hindistondagi elchi Ali al-Essaviy ham ayovsiz hujumlarga toqat qilish mumkin emas deya ishdan ketgan. Xitoydagi diplomatlar ham xizmatni tark etgan.

Liviya Adliya vaziri Mustafo Abdul Jalil ham lavozimidan bo’shagan. Xalqni ot deya buyruq olgan uchuvchilardan ikki nafari ham mamlakatdan qochgan.

Namoyish-chilar “40 yildan ortiq hukmron, odamlar itoat qilishiga, qo’rqib yashashiga ko’nikkan Qaddafiydan to’ydik”, deydi.

Xalq uzoq yillik qo’rquvni yenggan ko’rinadi. Qonli qo’zg’olonlar boshlanganiga besh kun bo’ldi.

Arab dunyosini larzaga slogan g’alayonlardan eng qonlisi balki Liviyada kuzatilmoqda.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti hisobicha, to’qnashuv 223 odamni hayotdan olib ketgan. Hafta boshidan beri yana odamlar o’lgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Liviyadagi qirg’indan g’azabda. Xavfsizlik Kengashi kecha favqulodda majlis qilgan.

Liviyaning BMTdagi vakil Ibrohim Dabbashiy nazarida uning yurti qatliom domida. “Liviya ahli xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj”, - deydi diplomat.

Dabbashiy nazarida Qaddafiyni xalqaro tribunalga tortish kerak.

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Navi Pillay voqealarni tergov qilish kerak deb chiqqan.

“Liviyada ko’rib turganimiz - insoniyatga qarshi jinoyat”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Liviya rahbarlarini inson huquqlarini e’zozlashga, qonli hujumlarni bas qilishga chaqirmoqda.

Islomiy Konferensiya Tashkiloti, 57 musulmon davlatni o’z ichiga olgan guruh ham Qaddafiyning xatti-harakatini qoralamoqda.

Nefta boy bu davlat notinch ekan, mahsulot eksporti to’xtaydi degan vahima bor. Jahon bozorida yonilg’i narxi keskin oshgan. Bir narreli 105 dollar. Bu raqam 150 dollarga yetishi mumkin, deydi mutaxassislar.

Ayrim neft kompaniyalari o’z xodimlarini Liviyadan olib chiqmoqda. Britaniyaning “British Petroleum”, Norvegiyaning “Statoil”, Niderlandiyaning “Shell” kompaniyalari shular jumlasidan.

Liviya neftni eksport qiluvchi yirik davlatlar ro’yxatida 12-o’rinda. Har kuni taxminan 1,6 million barrel neft uzatadi, asosan Yevropaga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG