Xalqaro hamjamiyat Liviya xalqiga 1,1 milliard dollar va’da qildi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro hamjamiyat Liviya xalqiga 1,1 milliard dollar va’da qildi

Xalqaro hamjamiyat Liviya xalqiga 1,1 milliard dollar va’da qildi

Davlatlar Liviya muxolifati va mojaroda jabr ko’rgan aholiga 1,1 milliard dollar yordam va’da qilar ekan, poytaxt Tripoli NATOning to’xtovsiz havo hujumlaridan larzada. Shu hafta shahardagi siyosiy va harbiy obyektlar, ayniqsa, qattiq nishonga olingan.

Birlashgan Arab Amirliklarida o’tgan uchrashuvda dunyo davlatlari Muammar Qaddafiydan xoli Liviyani xayolda chamalab, qator moliyaviy choralarni olg’a surgan.

Italiya bir vaqtlar koloniyasi bo’lgan Liviya oppozitsiyasiga 600 million, Fransiya 420 million dollar va’da qilgan. Quvayt, Qatar va Turkiya ham salmoqli hissa qo’shmoqchi.

Shu paytgacha, aynan Italiya, Britaniya, Fransiya, Qatar va Avstraliya muxolifat tuzgan boshqaruv kengashini rasman tan olgan.

Biroq Qo’shma Shtatlar isyonchilarga to’g’ridan-to’g’ri pul tutqazishdan tortinib, gumanitar ishlar yo’lida qo’shimcha 26 yarim million dollarda to’xtadi.

Majlisda so’zga chiqqan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton muxolifat bu mablag’ni to’g’ri taqsimlay olishiga ishonch bildirdi. Xalqaro hamjamiyat sharti shuki, pul qurol-aslaha emas, balki maosh va yegulikka sarflansin.

“Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt kabi davlatlar yordamida oshkora mexanizm ishlanmoqda. Moliya qayoqda va nimaga sarflanayotganini bilib turamiz”, - deydi vazira.

“Qaddafiyning kuni deyarli bitgan, safdoshlari undan birma-bir yuz o’girmoqda”, - deya xulosa qiladi Klinton. “Polkovnik bilan muzokara ketmoqda. Uning safdoshlari yangi hukumat haqida gap ochgan”.

Rossiya diplomati Mixail Margelov nazarida ham o’z xalqiga hujum qilgan polkovnik rahbar bo’lishga loyiq emas. Diplomat yaqinda muxolifat qarorgohi hisoblanmish Bing’ozi shahrida bo’lib qaytgan. Rossiya o’rtada vositachi bo’lishga rozi ekan, Margelov Qaddafiy ma’muriyati bilan ham muzokara rejalagan.

Xalqaro Jinoiy Sud prokurori Luis Moreno-Okampo so’zlariga ko’ra Qaddafiy xoin deb bilgan ayollarni ommaviy ravishda zo’rlashga buyruq bergan. “Buni isbotlovchi dalillar bor”, - deydi prokuror.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashi ham Liviya armiyasini insoniyatga qarshi va urush jinoyatlarida ayblamoqda.

92 sahifalik hisobotda fuqaroga, tibbiy maskan va transportga hujumlar, qotillik, qiynoqlar, bedarak ketish va jinsiy zo’rlashlar haqida so’z ketadi.

Liviya bu ayblovlarni qat’iyan inkor etadi va barcha jinoyatlarni muxolifat hamda NATOga to’nkaydi.

BMT ushbu tadqiqot davomida Liviyada 350 fuqaro, jumladan, hukumat va muxolifat vakillari, faollar, oddiy aholi va vrachlar bilan gaplashgan. Minglab hujjat, surat va videolar ko’zdan kechirilgan.

Xalqaro tashkilot taxminiga ko’ra, fevral oyidan beri 10-15 ming odam o’lgan, lekin buni tasdiqlovchi hujjatlar yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG