"Islomiy davlat" Liviyaga o't qo'ymoqchi

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" to'dasi tarqatgan videodan olingan surat

"Islomiy davlat" to'dasi tarqatgan videodan olingan surat

2015-yilning oxirgi haftalarida qonxo'r "Islomiy davlat" guruhining 500 nafar yirik vakili va qo'mondonlari ko'ch-ko'ronini yig'ib, Suriya va Iroqdan chiqib ketgan.

Amerika razvedka rasmiylarining aytishicha, bu jangarilar chekindi degani emas. Ekstremist jamoa Liviyada tobora o'sib, tarvaqaylab borayotgan xalifalikni mustahkamlash uchun jo'nab ketmoqda.

Mintaqadagi g'alayonlarda jang qilgan tunislik va liviyaliklar hisobiga esa "Islomiy davlat" safi kengaymoqda.

AQShning ayrim mutasaddilari jangarilar Liviyaga qochib, nafas rostlash uchun vaqt yutmoqchi, Iroq va Suriyadagi mag'lubiyatlardan e'tiborni chalg'itmoqchi desa-da, tahdid hanuz jiddiy xavotir uyg'otayapti.

Amerika noyabr oyida amalga oshirgan havo hujumida Abu Nabil yo'q qilingan edi. U "Islomiy davlat"ning Liviyadagi bo'limiga bosh bo'lgan.

Joriy hafta boshida Pentagon rahbari Eshton Karter Parijda koalitsiya a'zolari bilan ko'rishayotib, Liviya kelasi bir yilda tahdid omili bo'lib qolishini e'tirof etdi.

Boshqa mulozimlar dahshatini yashirmaydi. Markaziy razvedka idorasi sobiq rasmiysi, hozir "The Soufan Group" nomli razvedka maslahat kompaniyasi xodimi Patrik Skinner fikricha, "Islomiy davlat" Liviyaga o't qo'ymoqchi.

"Haqiqiy do'zaxga aylanadi endi. Yaqin orada bu davlatda ahvol yaxshilanishini kutmang", - deydi u.

Liviyani yov bosayapti

"Bir kuni uyg'onib qarasak, "Islomiy davlat" Liviyaning katta bo'lagini yamlab yutgan bo'lsa, hayron bo'lmayman. Iroqda ham bir yopirilib, qancha hududlarni bosib oldi-ku", - dedi Markaziy razvedka idorasi rahbarining sobiq muovini Maykl Morell oy boshida Kongress quyi palatasi, Qurolli kuchlar qo'mitasida so'zlar ekan.

AQSh razvedkasining ismini oshkor etmagan mulozimlari hisobicha, hududda qo'nxo'r to'daning bir necha ming odami bor. Holbuki, Afrika g'arbi va shimolidagi rasmiylar bu raqam besh mingdan oshiq, deydi.

"Bular taxminiy hisoblar va ular soni ajnabiy kuchlar kelib qo'shilgani sari oshishi hech gapmas", - deydi Jeyson Pak, Kembrij universitetida Yaqin Sharq bobida izlanayotgan olim.

Dalillar shuni ko'rsatayaptiki, "Islomiy davlat" avval Iroq va Suriyadan odam yollagan bo'lsa, hozir Tunis, Mavritaniya, Sudan va Somalidan jangchilarni jalb qilmoqda.

Pak nazarida jangari to'dani avvalgidan farqli mahalliy aholi ham qo'llab-quvvatlay boshlaganini ko'rish mumkin.

"Oxirgi oylarda "Islomiy davlat"ga tortilgan liviyaliklar soni sezilarli darajada oshdi, ayniqsa, Tripolida. Ularning ko'pi yoshi 30 ga yetmaganlar", - deydi u.

Agar xalqaro hamjamiyat Liviyada jang qilayotgan tomonlarni murosaga ko'ndira olmasa, raqib jangchi guruhlar o'zaro g'ijillashaversa, ahvol bundan-da yomonlashadi, deya ogohlantiradi olimlar.

Ekstremist guruhning manzillariga kelsak, Liviyaning Sirta shahri bugun Suriyaning Raqqa shahrini eslatadi, deydi xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Maykl Xorovits. Shahar go'yoki ajnabiy armiyaning qamali ostida yashayotgandek.

Jangarilar quloch yozayapti

Markaziy razvedka idorasi sobiq xodimi Skinnerning xavotiri shuki, jangari to'da Liviyadan turib jahonning boshqa nuqtalariga erkinroq va tezroq yetib borishi mumkin.

"Endi ular Suriyadan Turkiyaga, so'ng Gretsiyaga safar qilib o'tirmaydi. Shart kemaga o'tirib, Italiya sohillariga yetib oladi", - deya ogohlantiradi razvedka bo'yicha ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG