Senator Jon Makkeyn Bing’ozida, AQSh qiruvchi samolyotlarini safarbar etmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Liviyada harbiy kampaniya doirasida AQSh qiruvchi samolyotlarini qo’llashga ruxsat bergan

Prezident Barak Obama Liviyada harbiy kampaniya doirasida AQSh qiruvchi samolyotlarini qo’llashga ruxsat bergan

Liviyadagi harbiy kampaniyani astoydil yoqlagan AQSh senatori Jon Makkeyn bugun Bing’ozida. Diktator rahbar Muammar Qaddafiyga qarshi kurashayotgan muxolifatni yoqlab, ularni qahramon deya tahsin bildirgan.

Senat Qurolli kuchlar qo’mitasi vakili, nufuzli respublikachi Jon Makkeyn muxolifat qarorgohi sanalmish sharqdagi Bing’ozida shahrida so’zladi.

Asl vaziyatni ko’rish uchun borgan senator muxolifat tuzgan boshqaruv kengashi va harbiylar bilan ko’rishadi. Isyonchilar, deydi Makkeyn, haqiqiy qahramon.

Senator o’tirgan zirhli avtomobil Bing’ozi ko’chalari bo’ylab o’tar ekan, o’nlab odamlar Amerika bayrog’ini ko’tarib chiqqan.

Ikki oydan beri shiddatli urush domiga cho’mgan Liviyada kechgan muzokara tafsilotlari ma’lum emas. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bari sir tutilmoqda.

1990-yillarda Ruanda va Bosniyada ro’y bergan qatliomni eslar ekan, Makkeyn xalqaro hamjamiyat o’shanda bo’shlik qilgan edi deydi. Senator boshidayoq, BMT Xavfsizlik Kengashi reydga ijozat berishidan oldin, Liviyaga qo’shin tortish kerak deb chiqqan.

Senator Jon Makkeyn Bing’ozida, AQSh qiruvchi samolyotlarini safarbar etmoqda

Senator Jon Makkeyn Bing’ozida, AQSh qiruvchi samolyotlarini safarbar etmoqda

Prezident Barak Obama Kongress bilan maslahat qilmay, Liviyada harbiy kampaniyaga bosh qo’shgan va qattiq tanqidga uchragan. Jon Makkeyn, 2008 yilda prezidenlik uchun kurashgan arbob, Obamani yoqladi. “Yana kutsak, Bing’ozidan asar ham qolmas edi”, - deydi senator.

Jon Makkeyn safaridan sal oldin AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Liviyaga doir muhim bayonotni e’lon qildi.

Geytsning aytishicha, prezident Barak Obama Liviyada harbiy kampaniya doirasida AQSh qiruvchi samolyotlarini qo’llashga ruxsat bergan.

Yil boshida Amerika boshliq koalitsiya Qaddafiyga sodiq kuchlar bilan olishgan edi. 4 aprel kuni operatsiya NATO zimmasiga yuklanib, shundog’an ikki urushni tortib kelayotgan Qo’shma Shtatlar soyaga o’tishni ma’qul topdi.

Bu orada Liviya muxolifati alyansni sustkashlikda, aholini himoya qila olmayotganlikda ayblab tanqid qilgan.

To’rt hafta o’tib, AQSh samolyotlari, uzoqdan turib boshqariladigan zamonaviy texnika yana safda.

Rasmiylar nazarida bu samolyotlar jang maydoni uchun juda mos. Yerga yaqin uchib, manzilni aniq ko’ra oladi. O’zi parvoz qiladi, demak uchuvchiga hojat yo’q.

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton kecha Niderlandiyada bo’lib, rasmiylar bilan ko’rishgan, Liviya ahlini birgalikda himoya qilishga kelishib olgan.

“Polkovnik Qaddafiy odamlarni ayovsiz qirmoqda, Misrata qamalda”, - deydi Klinton. “O’z xalqini ayamagan hukumatga qarshi chora ko’rish burchimiz”, - deydi Amerika Tashqi ishlar vazirasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG