Liviya muxolifati qo'mondonidan ayrildi

  • Amerika Ovozi

Abdul Fattoh Yunus bugun ikki muovini bilan otib o'ldirilgan. Muvaqqat Milliy Kengash uch kunlik motam e'lon qilgan.

Abdul Fattoh Yunus bugun ikki muovini bilan otib o'ldirilgan. Muvaqqat Milliy Kengash uch kunlik motam e'lon qilgan.

Liviyada demokratik hukumat tuzishga bel bog'lagan, 42 yillik rahbar Muammar Qaddafiyga qarshi kurashayotgan muxolifat harbiy qo'mondonini yo'qotdi.

Abdul Fattoh Yunus va uning ikki muovini Bing'ozida otib o'ldirilgan.

Qaddafiyni hokimiyatdan ag'darishga harakat qilayotgan Muvaqqat milliy kengash raisi Mustafo Abdul Jalilning aytishicha, ularni nishonga olgan qurolli guruh yetakchisi ushlangan.

"Yunus va uning yordamchilari - qahramonlar. Qaddafiy hukumati bu insonlar o'limi bilan bizni ortga qaytara olmaydi", - deydi Abdul Jalil.

"Muxolifat nazoratidagi shaharlarda faoliyat yurituvchi jinoiy to'dalar egri yo'ldan qaytib, bizning safimizga qo'shilsin, vatani kelajagi uchun jang qilsin, aks holda Qaddafiyning qo'liga tushib, xonavayron bo'ladi", - deydi arbob.

Sal oldin Abdul Fattoh Yunus muxolifat tomonidan hibsga olindi, oilasi hali ham Qaddafiy tomonida ekan degan xabarlar tarqalgan edi.

Yunus Liviya Ichki ishlar vaziri bo'lgan. Qaddafiyning eng ishongan odamlaridan biri deya tilga olinar edi. Lekin hukumatga qarshi namoyishlar boshlangach, fevral oyida u muxolifat tomon o'tib ketdi.

G'arb qo'llab-quvvatlayotgan Muvaqqat milliy kengash nazarida Abdul Fattoh Yunus Liviyaning jasur o'g'loni edi. Uning sharafiga uch kunlik motam e'lon qilingan.

Bugun muxolifat G'azaya shahrini egallash uchun kurash boshlagan. Tunis bilan chegaradosh bu hududda ikki jangchi halok bo'lgan. Yaqingacha G'azaya butunlay Qaddafiy kuchlari iznida edi.

Kengash xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmoqda. Amerika va Britaniya unga katta ishonch bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG