Liviya muxolifati NATOdan norozi

  • Amerika Ovozi

Liviya muxolifati NATOdan norozi

Liviya muxolifati NATOdan norozi

Liviyada muxolifat NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotini tanqid qilmoqda. Harbiy alyans aholini Muammar Qaddafiy armiyasi hujumlaridan himoya qila olmayapti, deydi oppozitsiya vakili general Abdulfotih Yunus.

Qurolli kuchlar bosimi ostida muxolif kuchlar kecha neftga boy Brega shahrini tark etishga majbur bo’lgan.

General Abdulfotih Yunus fikricha, NATO Misrata shahrida yuzlab fuqaro o’limi uchun javobgar.

Alyans juda sust harakat qilmoqda, Qaddafiy armiyasiga o’zi shu kerak, deydi general. U safdoshlari bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga shikoyat qilish haqida o’ylanmoqda.

“NATO cho’zgani sari Misratani ham qo’lda boy beramiz”, - deydi uzoq yillar Qaddafiy qo’lida Ichki ishlar vaziri bo’lib ishlagan, yaqinda muxolifat safiga o’tgan Abdulfotih Yunus.

“40 kundan beri qamalda yashayotgan shaharda tirik zot qolmasa, xalqaro hamjamiyat buning uchun javobgar bo’ladi”, - deydi general.

Yunusning aytishicha, G’arb muxolifatga qurol-aslaha bilan yordam bergan, lekin o’q-dori hamon kam. General havo hujumlarini amalga oshirishga ijozat so’ramoqda. Lekin BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan rezolyutsiya Liviya uzra harbiy parvozlarni man qilgan va NATO mana shu hujjat ijrosi bilan mashg’ul.

“NATO kim o’zi”? - deya so’raydi Abdulfotih Yunus. “BMT Xavfsizlik Kengashi Liviya ahli mudofaasini NATOga topshirgan, lekin natijasini ko’rmadik”, - deydi u.

NATO bu tanqidni inkor etib, Qaddafiy kuchlari kun-sayin holdan toyib borayapti deya javob bermoqda.

Misrata shahrida Qaddafiy tanklari tarqoq holda harakat qilgan. NATO matbuot kotibi Karmen Romeroning aytishicha, alyans operatsiyani qo’lga olgan damdan beri harbiy taktika o’zgarmagan. “Misrata aholisini himoya qilish hozir birlamchi vazifa”, - deydi u.

Alyans generali Mark van Um “qo’ldan kelganicha harakat qilayapmiz”, deydi.

Liviya muxolifati NATOdan norozi

Liviya muxolifati NATOdan norozi

“Vaziyat qaltis”, - deydi general. “NATO turli taktika-usullarni qo’llamoqda. Qo’l qovushtirib o’tirganimiz yo’q”, - deydi u.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alen Jupe Misrata shahridagi ahvolga ortiq chidab bo’lmaydi deya, harbiy alyansni muloqotga chaqirgan. Qaddafiy armiyasi aholi zich yashovchi hududlarga kirib olgan va ularni nishonga olish mushkul, deydi vazir.

Liviyadagi urushni tugatishga doir diplomatik muzokaralar esa davom etmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abdul Ati al-Obidiy Gretsiya, Malta va Turkiyada bo’lib qaytgan. G’arbning sharti shuki, Qaddafiy va uning oilasi hokimiyatdan ketishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG