Barak Obama Britaniya parlamentida so'zlab, G'arbga burch va mas'uliyat haqida eslatdi

  • Amerika Ovozi

Vesminster, Britaniya parlamentida, 25 may 2011

Vesminster, Britaniya parlamentida, 25 may 2011

AQSh prezidenti Barak Obama bugun Londonda Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan muloqotidan so'ng bu mamlakat parlamentida so'zlab, o'zaro aloqalar, strategik hamkorlik va G'arb dunyosi oldida turgan muammolar haqida gapirdi.

Obama Amerika va Britaniyani bir-biriga yaqindan ishonadigan,suyanadigan va bugungi global masalalarga nisbatan bir pozitsiyada bo'lgan davlatlar deya ta'rifladi. Jumladan, deydi u, Falastin-Isroil mojarosini qanday hal etish va Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash bobida.

Liviyada begunoh insonlar qoni to'kilmasligi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, "beshafqat rahbar Muammar Qaddafiyga qarshi chora ko'rishga azim etdik",- deydi Obama.

"Qo'l qovushtirib, boshqa davlatning ichki hayotiga aralashmaymiz deb turishimiz mumkiin edi. Lekin insonparvarlik nuqtai nazaridan na Amerika va na Britaniya buni ma'qul deb topdi. Biz erkinlik istayotgan insonlar himoyasiga otlandik",- deydi u.

"Jahonda yechimini kutib yotgan va bizning e'tiborimizga molik jumboqlar, mojaro va muammolar juda ko'p. Oramizdagi ittifoq mustahkam ekan, hamkorlikda qo'ldan kelgan barcha qadamlarni tashlashimiz, global tinchlik, farovonlik va erkinlik yo'lida birgalikda ishlashimiz lozim", - dedi prezident.

London, 24 may 2011

London, 24 may 2011

Barak Obama va rafiqasi Mishel Britaniyada dabdabali kutib olindi va safardan har ikki tomonning ko'ngli to'q.

Kecha Qirolicha Yelizaveta II Obama sharafi uchun shohona ziyofat berdi. Amerika prezidenti muxolifat yetakchisi Ed Miliband bilan ham alohida uchrashib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi.

Bu orada NATO havo kuchlari Liviyada hujumlarni davom ettirmoqda. Muammar Qaddafiyga qarashli punktlar nishonda.

Poytaxt Tripolida bugun kechki payt olti joyda portlash ro’y bergan.

Prezident Obama Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan, 24 may 2011

Prezident Obama Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan, 24 may 2011

Rossiya hukumati NATOning Liviyadagi operatsiyalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti qabul qilgan rezolyutsiyaga ziddir deya bong urmoqda.

Kreml nazarida bu hujumlar Qaddafiy kuchlarini tormor qilish o'rniga tinch aholiga katta zarar keltirmoqda.

AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo’yicha muovini Jeffri Feltman Liviyada isyonchi kuchlar rahbarlari bilan uchrashgan.

Muvaqqat Milliy Kengash nomi bilan tanilgan oppozitsion ittifoq, Barak Obama taklifi bilan, Vashingtonda o'z vakolatxonasini ochish harakatida.

Kengash raisi Mahmud Jibril yaqinda AQSh poytaxtida bo'lganida, Liviya muxolifati demokratik kuchlardan iborat va terrorizmni rad etadi degan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG