Breaking News

Prezident Obama: Liviyada Qaddafiyning davri tugadi


Tripoli, 22 avgust 2011
Tripoli, 22 avgust 2011

Prezident Barak Obama fikricha Liviyada Muammar Qaddafiy boshqaruvi nihoyasiga yetmoqda.

AQSh rahbari bugun Afrika shimolidagi bu davlatdagi vaziyatni juda qaltis deya ta’riflab, Qaddafiyni hokimiyatdan butunlay ketishga chaqirdi.

"Qirg’inni tugatib, tarafdorlarni qurolni tashlashga undang", deydi u.

Obamaning aytishicha, endilikda Liviya taqdiri xalq qo’lida va qilinadigan ishlar ko’p.

Prezident Obama isyonchilarga ham murojaat qilib, zo’ravonlikni qurol qimaslikka va qasos olish uchun zulmga berilmaslikka undadi.

Qo’shma Shtatlar Liviya Muvaqqat boshqaruv kengashini qo’llab-quvvatlab, demokratik o’zgarishlarni amalga oshirishda madad beradi, deydi prezident.

Barak Obama nazarida Muammar Qaddafiy o’z xalqining haq-huquqining toptagan zolim rahbardir.

Qo’shni Misr Liviyadagi o’zgarishlarni olqishlab, muvaqqat rahbariyatni qonuniy deya tan olgan.

Rossiya qo’zg’olonchilar sa’y-harakati bilan qon to'kilishlar tugaydi, aholi ko’rgan og’ir kunlar ortda qoladi, degan umidda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xalqaro hamjamiyatni Liviya ichki ishlariga aralashmaslikka ham da’vat etdi.

Bu orada, Liviyaning katta qismi muxolifat qo’liga o’tgan bir pallada Amerika va NATO kuchlari harbiy amaliyotni qachon tugatadi, noma’lum.

NATOning vazifasi aholini Muammar Qaddafiy hujumlaridan himoya qilish edi. Lekin kecha oppozitsiya Tripolini egalladi va endi xalqaro missiyani qayta ko’rib chiqish kerak bo’ladi.

Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlari NATO safida Liviya uzra harbiy parvozlarni tugatish operatsiyasida qatnashib keladi.

Amerikaning o’zini-o’zi boshqaradigan samolyotlari esa razvedka ma’lumoti to’plash va havo hujumlarini amalga oshirishda qo’llanadi.

Pentagon bugungi bayonotida zarurat bo’lsa, xalqaro koalitsiyaga yordam berishda davom etishini bildirgan.

AQSh Markaziy Razvedka Agentligi sobiq xodimi Bryus Ridel qo’shimcha havo hujumlariga zarurat yo’q, deb hisoblaydi.

“NATOning ayrim a’zolari Liviya xavfsizlik kuchlari malakasini oshirishga kirishar balki, lekin yaqin kelajakda xalqaro koalitsiyaning qolishiga va keng ko’lamda amaliyotlar o’tkazishiga hojat yo’q”, - deydi u.

Amerika harbiy missiyasi gumanitar yordam uzatish yoki davlatni oyoqqa turg’azishni nazarda tutmaydi. NATOga razvedka ma’lumoti uzatish va transport masalasida yordam berish – AQShning ishi shular.

Bryus Ridelning aytishicha, Amerika harbiylarining Liviyada qolishi rejada yo’q. Bu davlat o’z armiyasini eplashi olishi mumkin, buning uchun zaxiralar yetarli, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG