Liviya muxolifati yangicha tuzum barpo etmoqchi

  • Amerika Ovozi

Bing'ozi shahridagi manzara

Bing'ozi shahridagi manzara

Liviya muxolifati uzoq yillik rahbar - Muammar Qaddafiyni hokimiyatdan ketkazish uchun astoydil kurash olib bormoqda. “Qaddafiy”, deydi ular, “umrbod rahbar emas, bir kun ketadi. Liviya jamiyati demokratik yo’ldan boradi”.

Isyonchilar tuzgan Muvaqqat milliy kengash, Nasiba, nomidan ma’lumki, vaqtinchalik bir organ. Mamlakat sharqida hukmron oppozitsiya mamlakatni yagona bayroq ostida birlashtirishni maqsad qilgan. Tripoli uning poytaxti bo’lib qoladi.

Kanada Tashqi ishlar vaziri Jon Beyrd Liviya muvaqqat kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil bilan, Bing'ozi, 27 iyun, 2011

Kanada Tashqi ishlar vaziri Jon Beyrd Liviya muvaqqat kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil bilan, Bing'ozi, 27 iyun, 2011

Cho’lu-biyobondan iborat Liviyaning sharqiy qismlari azaldan Muammar Qaddafiyga muxolif guruhlar beshigi sanalgan. G’arbda xavotir shuki, yangi, bo’lajak hukumatda xalq manfaati birdek ko’rilmasligi, muayyan qabilalar hokimiyatni egallashi mumkin.

Oppozitsiyaning o’zini ham yaxlit bir kuch deb ta’riflash qiyin va Milliy muvaqqat kengash vakillari buni tan oladi. Liviya g’arbida, armiya nazorati ostidagi hududlarda Qaddafiyga qarshi jang qilayotgan, o’zini o’zi boshqarayotgan mayda guruhlar bor.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo'g'li Liviya muvaqqat kengashi rais o'rinbosari Ali al-Issaviy bilan, Bing'ozi, 3 iyul, 2011

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo'g'li Liviya muvaqqat kengashi rais o'rinbosari Ali al-Issaviy bilan, Bing'ozi, 3 iyul, 2011

G’arb davlatlari tan olgan kengash Bing’ozi shahrida joylashgan. Yangi konstitutsiya ustida ish ketmoqda.

Kengash a’zolari orasida sobiq vazirlar, harbiylar va qabila yetakchilari bor.

“Hokimiyat talashayotganimiz yo’q”, deydi ular.

Buning isboti sifatida ayrimlar parlament va prezident saylovlarida ishtirok etmasligini aytadi. Ularning kelajakka umidi, arboblarga ishonchi so'ngan.

Ajdabiya shahridagi jangari kuchlar

Ajdabiya shahridagi jangari kuchlar

Liviya muxolifatini kuni kecha Turkiya ham tan olib, 200 million dollar ko’mak va’da qildi.

Biroq muvaqqat kengash layoqatlimi, xalq ishonchini qozona olayaptimi? - degan savolga hozircha aniq javob yo’q.

“Bing’ozi ahli juda qiyin bir ahvolda, oddiy xizmatlardan mahrum”, - deydi bir liviyalik.

“Xorijdan millionlab dollar pul tushyapti, lekin banklardan naqd pul olish mushkul. Shaharda kuniga 8 soat elektr yo’q”.

Bing'ozi

Bing'ozi

Boshqalar nazarida, bir umr Qaddafiy ko’rsatmalarini bajarib kelgan odamlar bir yoqadan bosh chiqargani, ko’ngillilar yordamida xavfsizlik va kommunal xizmatlarni ta’minlayotgani katta gap.

Muxolifat so’zlovchisi Jalol al-G’alol deydiki, liviyaliklar davlatini yangidan qurayotgan bo’lsa-da, adolat, erkinlik va mas’uliyat nima ekanini hech kimga tushuntirib o’tirishning hojati yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG