Breaking News

Parijda Liviya kelajagi muhokamada


Parijda Liviya kelajagi muhokamada
Parijda Liviya kelajagi muhokamada

60 davlat rahbar va diplomatlari Fransiyada yig’ilib, Muammar Qaddafiydan keyingi Liviya kelajagi haqida gaplashmoqda. Parijdagi anjuman ishtirokchilari ko’tarinki kayfiyatda.

“Liviya muvaqqat boshqaruv kengashi demokratik davlat barpo etishga kirishdi”, - deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg.

Davlatni deyarli egallagan bu kuchlar yarim yillik fuqaro urushi va 42 yillik diktaturadan keyin Liviyani boshqara oladimi?

Hammaning xayolida shu savol aylanar ekan, konferensiyada ishtirok etayotgan arbob, muvaqqat rahbariyat yetakchisi Mustafo Abdul Jalil bir yarim yilga mo’ljallangan va yangi konstitutsiya hamda saylovlarni nazarda tutgan rejani e’lon qilishi kerak. Jalil xalqaro tashkilotlardan moliyaviy madad so’rashi kutilmoqda.

Tripoli
Tripoli

Uning aytishicha, Liviya xalqaro tinchlikparvar qo’shinga muhtoj emas, lekin politsiya tizimi ta’mirtalab va bunda BMTning yordami kerak bo’ladi.

Yig’inda, shuningdek, Liviyaga qarashli, biroq BMT tomonidan muzlatilgan mablag’ni xalqqa qaytarish, Muammar Qaddafiyga qarshi isyonga hissa qo’shgan NATO harbiy kampaniyasi borasida tortishuv ham muhokama etiladi. Kuni-kecha AQSh va Britaniya kamida uch milliard dollarni Liviya muvaqqat boshqaruv kengashiga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

“Urush oqibatida bu davlat xarob bir ahvolda va xalqaro hamjamiyat yordam qo’lini cho’zishi kerak”, - deydi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Jupe. “Mamlakatda suv, elektr toki va yonilg’i tanqis”.

Muxolifat jangchilari
Muxolifat jangchilari

Fransiya bugun 3 milliard dollarni egasiga topshirishini aytgan. Bu mablag’ gumanitar maqsadlarda sarflanishi kerak bo’ladi.

Yevropa Ittifoqi Liviyadagi portlar, neft kompaniyalari va boshqa obyektlarga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilmoqchi.

Xalqaro hamjamiyat ketidan bugun Rossiya ham qisqa bayonot chiqarib, Liviyada vaqtincha hukmron kengashni qonuniy deya tan oldi. Rossiya ancha paytgacha NATO reydlarini tanqid qilib, o’zga davlatga nisbatan agressiya va aralashuv deya ta’riflab kelayotgan edi.

Moskva qarori ta’sirida Jazoir va Qaddafiy ma’muriyatining yirik savdo hamkori Xitoy ayni bayonot bersa, ajabmas.

Sirta shahri
Sirta shahri

Qaddafiy oilasiga boshpana bergan Jazoir rasmiylari deydiki, muvaqqat kengash barcha elat, sinf va kuchlar manfaatlarini hisobga olib, yangi hukumat tuzishi lozim, shundagina uni tan olish mumkin bo’ladi.

Xabarlarga ko’ra, Muammar Qaddafiy Jazoirga kirishga uringan, lekin bu davlat rahbariyati uning iltimosini javobsiz qoldirgan. Parijdagi tadbirga vakil jo’natgan Xitoy talabi shuki, endilikda Liviyadagi jarayonlarga faqat BMT boshchilik qilishi kerak.

Yig’inda Qaddafiy bilan uzoq yillar qalin bo’lgan Janubiy Afrikadan hech kim yo’q. Janubiy Afrika hukumati urushni, xalqaro hamjamiyat harakatlarini boshdan tanqid qilib keladi.

Saif al-Islom, Muammar Qaddafiyning o'g'li
Saif al-Islom, Muammar Qaddafiyning o'g'li

Muvaqqat rahbariyat Muammar Qaddafiy tarafdorlariga taslim bo’lish uchun shanbaga qadar muhlat bergan edi. Uning o’g’li Sayf ul-Islom Qaddafiy kechagi chiqishida so’nggi nafasigacha kurashishga tayyor ekanini, safdoshlari ko’p ekanini ta’kidlagan.

“Sirta shahriga kirib ko’ringchi”, - deydi Sayf ul-Islom. “Agar buni oson desangiz, adashasiz. 20 ming askar bilan olishib ko’ringchi. Biz g’alabaga tayyormiz”, - deydi u.

Biroq Qaddafiyning boshqa o’g’li Saadiy murosaga tayyor va koalitsion hukumat tuzishga rozi. Saadiy otasi Muammar Qaddafiy roziligi bilan harakat qilayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG