"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

  • Amerika Ovozi

Oxirgi to'rt kunda Liviyadagi namoyish va to'qnashuvlarda 233 odam o'lgan

Oxirgi to'rt kunda Liviyadagi namoyish va to'qnashuvlarda 233 odam o'lgan

Liviyada hukumatga qarshi namoyishlar avjida. Poytaxt Tripolida davlat idoralariga o’t qo’yilgan.

Muxolifat politsiya bilan olishib, g’alayon borasida lom-mim demayotgan 40 yillik rahbar Muammar Qaddafiy ketishini talab qilmoqda. Chet el fuqarolari Liviyadan keta boshlagan.

Tripolida otishmalar kuzatilgan bo’lsa, bugun davlat idoralari alanga ichida. Politsiya odamlarni tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.

Saif al-Islom, Muammar Qaddafiyning o'g'li, Liviyada eng badavlat insonlardan biri

Saif al-Islom, Muammar Qaddafiyning o'g'li, Liviyada eng badavlat insonlardan biri

Qaddafiyning o’g’li Saif al-Islom 1969 yilda hokimiyatga kelgan otasini himoya qilib kecha matbuotda chiqish qildi.

“Otam davlat rahbari. Hokimiyatdan ketmaydi”, - deydi Saif al-Islom qo’lini bigiz qilib.

U Qaddafiyning ikkinchi o’g’li, Tripolida o’z quruvchilik kompaniyasiga ega. Boshqa bir necha bizneslar boshida turgan shaxs.

Shuningdek, Saif al-Aislom otasining o’ng qo’li sifatida yetakchi diplomat va davlatning tashqi dunyo bilan aloqalarini boshqaradi.

"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

U isyon ko’targan fuqarolarni tinchlanishga undar ekan, mamlakat fuqarolik urushi domiga tortilishi mumkin deya ogohlantirdi.

“Liviya davlat to’ntarishlarini boshidan kechirgan Misr yoki Tunis emas”, - dedi Saif al-Islom.

Uning aytishicha, qo’zg’olon buzg’unchilar, xorij matbuoti va jinoiy guruhlar fitnasi.

Qaddafiyning o’g’li fuqarolarga qarshi kuch qo’llanganidan afsusda. “Oldin bunday vaziyat bilan yuzlashmagan xafvsizlik kuchlari tajribasizlik qilganini tan olaman”, deydi u.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch xalqaro tashkiloti hisobicha, oxirgi to’rt kunda Liviyada 233 odam halok bo’lgan. Ayniqsa Bingazi shahri qattiq talofat ko’rgan.

Kecha bu shaharda xavfsizlik kuchlari ommani o’qqa tutib, 50 odamni o’ldirgan.

"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

Rasmiylar bu raqam bo’rttirilgan deydi. Qaddafiyning o’g’li siyosiy islohotlar o’tkazib, konstitutsion o’zgarishlar qilishga tayyormiz”, - deydi.

Armiya namoyishlarni ayovsiz bostirishga urinar ekan, qator diplomatlar norozi bo’lib hukumatni tark etgan. Ular muxolifatni qo’llashini aytmoqda.

Internet va telefon aloqalari qisman uzilgan. Shu bois vaziyatni xolis baholash, aslida nimalar bo’layotganini aytish qiyin, deydi tahlilchilar.

Avtokrat rahbar Qaddafiy xalqni tinchlantirish uchun maoshni ikki baravar oshirib, yuzdan ziyod mahbusni ozod qildi.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Liviyada namoyishchilar o’qqa tutilganini qoralab, rahbarlarini zo’ravonlikdan tiyilishga, fuqarolar talabiga quloq tutishga undamoqda.

AQSh Davlat departamenti Liviya Tashqi ishlar vaziri Musa Kusa bilan bu borada ochiq gaplashilganini bildirmoqda.

Liviya xalqi erkinlik istaydi, rahbarlar uning dardini eshitishi kerak, deydi Amerika rasmiylari.

"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

"Liviyada fuqarolik urushi boshlanishi mumkin"

“Obama ma’muriyati Yaqin Sharqda islohot va erkinlik tarafdori. Bu pozitsiyamiz regiondagi ittifoqchi davlatlar bilan hamkorlikka to’siq bo’la olmaydi”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun fikricha Liviya rasmiylari qilmishi uchun javob berishi kerak.

Qaddafiy ma’muriyati g’arb tanqidiga javoban Shimoliy Afrikadan Yevropaga kirayotgan noqonuniy muhojirlar oqimiga qarshi chora ko’rishni bas qilmoqchi.

Bundan ayniqsa Italiya, Liviyaning iqtisodiy hamkori tashvishda. O’tgan oy Tunisdagi g’alayondan so’ng minglab fuqaro Italiyaga bosh olib ketgan.

Neftga boy Liviya xorij sarmoyadorlari uchun muhim. Mamlakat g’arb, xususan Britaniya va Qo’shma Shtatlarni yonilg’i bilan ta’minlab keladi. Mamlakat kunda 1,6 million barrel neft eksport qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG