Breaking News

Tripoli isyonchilar qo'lida


Bing'ozida minglab odamlar Muammar Qaddafiy hukumati qulaganini tantana qilmoqda
Bing'ozida minglab odamlar Muammar Qaddafiy hukumati qulaganini tantana qilmoqda

Liviyada isyonchilar poytaxt Tripolini qo'lga olib, qariyb 42 yillik rahbar Muammar Qaddafiy qarorgohi yaqinida armiya bilan olishmoqda.

Qaddafiyning qayerda ekani noma'lum, ammo o'g'li Saif al-Islom va hukumatning bir necha yuqori lavozimli rasmiysi hibsga olingan.

Amerika prezidenti Barak Obama Liviyadagi voqealarni tarixiy burilish deb atab, Qaddafiyni taqdirga tan berib, hokimiyatni topshirishga chaqirdi. Obama nazarida Liviya xalqi zolim liderdan to'ygani oydek ravshan.

Oq Uy muxolifatni quvvatlab, yangi tuzumga asos solish yo'lida yordamga tayyor ekanini bildirmoqda.

21 avgust kuni Qaddafiy davlat televideniyesida xalqqa qilgan murojaatida minglab professional zobitlar shaharni himoya qilishini ta'kidlagan.

Poytaxt bo'ylab portlashlar va otishmalar davom etmoqda. NATO harbiy havo kuchlariga tayangan oppozitsiya hukumat idoralarini nazorat ostiga olmoqda.

Sal oldin isyonchilar ikki strategik shahar – Zaviya va Bregani qo’lga kiritganini ma’lum qilgan.

Televideniye orqali qilgan audio-murojaatida Qaddafiy o’z tarafdorlarini bosh ko’tarishga va isyonni bostirishga undagan.

Liviya rahbari namoyishchilarni nazariga olmay, “kalamush” va “sotqinlar” deya ta’riflagan. Uning matbuot kotibi Musa Ibrohim Liviyada hukumat qulash arafasida ekani haqidagi xabarlarni rad etib, G’arbni qirg’inda aybladi.

Qaddafiyning yaqin maslahatchisi Abdul Salom Jallod va Neft vaziri Omran Abukraa Italiyaga xizmat safari bilan borib, vatanga qaytmaslikka qaror qilgan.

XS
SM
MD
LG