Muxolifat Jazoirdan Qaddafiy oilasini qaytarishni talab qildi

  • Amerika Ovozi

Qaddafiyning Liviya harbiy va iqtisodiy hayotida muhim o’rin tutgan boshqa o’g’illari ham bedarak ketgan

Qaddafiyning Liviya harbiy va iqtisodiy hayotida muhim o’rin tutgan boshqa o’g’illari ham bedarak ketgan

Liviya rahbari Muammar Qaddafiyning rafiqasi Safiya, qizi Oysha, o’g’illari Muhammad va Xannibal, ularning turmush o’rtoqlari va farzandlari Jazoirda panoh topgan.

Bu haqda Jazoir Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan. Liviya muxolifati esa Qaddafiy oilasi vatanga qaytishi kerak deya talab qilmoqda.

Jazoir hukumati bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Liviya muvaqqat boshqaruv kengashini darrov ogoh qilgan.

Bu davlat shu damgacha muxolifatni tan olmay keladi va oppozitsiya nazarida Qaddafiyni askar va qurol bilan ta’minlab, qo’zg’olonni bostirishga yordam bergan. Jazoir rahbariyati bu ayblovni butkul rad etadi.

Isyonchilar o’tgan hafta poytaxt Tripolini qo’lga kiritganidan beri Muammar Qaddafiyni qidiradi. AQSh rasmiylari fikricha, u hamon Liviyada.

Qaddafiyning Liviya harbiy va iqtisodiy hayotida muhim o’rin tutgan boshqa o’g’illari ham bedarak ketgan.

Bu orada, inson huquqlari uchun kurashuvchi shifokorlar tashkiloti Qaddafiy armiyasini mudhish jinoyatlar sodir etganlikda ayblamoqda.

Dalillardan ayonki, Misrata shahrida askarlar odamlarni qiynoqqa solib, zo’rlagan, ulardan qalqon sifatida foydalanib, o’ldirgan, gumanitar yordam ta’minotini to’sgan, deyiladi ttashkilot hisobotida.

Bu da’volar Misrata aholisi bilan o’tkazilgan suhbatlarga asoslanadi. Qaddafiyning muxolifat yoki NATOga qarshi ayblovlarini esa tasdiqlash mumkin emas, deyiladi unda.

Bu guruh, shuningdek, Liviya muvaqqat boshqaruv kengashini qonunga va insoniylik tamoyillariga rioya qilishga, urushni tugatib, Xalqaro Jinoiy Sud bilan hamkorlikka da’vat etadi.

Huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti ham hukumatga xayrixoh kuchlarni Tripolida qatliom sodir etganlikda gumon qilmoqda. O’tgan hafta poytaxtda 110 kishining qattiq kuygan jasadi topilgan. Ko’pi qiynoqqa solinib o’ldirilgani va keyin yoqib yuborilgani aytiladi.

“Muammar Qaddafiyni ushlab, sudga tortamiz”, - deydi muxolifat vakili Mahmud Shammam. “Uning oilasiga adolat qilamiz va xolis sud qilamiz. Biroq biror davlat Qaddafiy va uning yaqinlariga boshpana bermasligi kerak. Aks holda buni Liviya xalqiga qarshi agressiya deb ko’ramiz”, - deydi u.

Kecha Tripoli markazidagi Shahidlar maydonida minglab odamlar yig’ilib, hayit oldidan arafani nishonlangan.

“42 yil davom etgan repressiyadan keyin fuqarolik jamiyati, erkin davlat qurish oson bo’lmaydi. Buni bilamiz”, - deydi jamoatchilik vakillari. “Lekin inqilob qila oldikmi, qolgani ham bo’ladi”, - deydi ular.

So’nggi xabarlarga ko’ra, muxolifat Qaddafiy tug’ilib o’sgan Sirta shahriga taslim bo’lish uchun to’rt kun muhlat bergan.

Shundan keyin kuch ishlatishga majbur bo’lamiz, deydi muvaqqat boshqaruv kengashi Mustafo Abdul Jalil. Taxminlarga ko’ra, Qaddafiy va uning safdoshlari Sirtada yashiringan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG