Muxolifat Qaddafiy tug’ilib o’sgan shaharga hujum qildi

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti poytaxtning to’rt joyida 100 dan ziyod jasad topilgani, dalillarga ko’ra, ular shafqatsizlarcha o’ldirilgani haqida ma’lum qilmoqda

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti poytaxtning to’rt joyida 100 dan ziyod jasad topilgani, dalillarga ko’ra, ular shafqatsizlarcha o’ldirilgani haqida ma’lum qilmoqda

Liviyada isyonchilar Muammar Qaddafiy tug’ilib o’sgan Sirta shahriga chuqurroq kirib bormoqda. Qo’zg’olonchilar poytaxt Tripolida o’rnashib olganidan beri Qaddafiydan darak yo’q. Taxminlarga ko’ra, u Sirtada yashiringan bo’lishi mumkin.

Shahar ahli o’z ixtiyori bilan taslim bo’lmasa, isyonchilar kuch ishlatishga tayyor. Sirtaga qo’shni Binjavad shahri ham kecha muxolifat ixtiyoriga o’tgan.

Liviya muvaqqat boshqaruv kengashi yetakchisi Mustafo Abdul Jalil fikricha, Qaddafiy mamlakat va dunyo aholisi uchun xavf-xatar omili bo’lib qolmoqda.

Shu bois, deydi u, NATO madadi davom etishi kerak. Jalil xalqaro hamjamiyatni koalitsiyani qo’llab-quvvatlashga undar ekan, Liviyadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotgan davlatlar mudofaa vazirlari Qatarda uchrashgan.

Huquq himoyachilari Qaddafiy tarafdorlarini qatliom, harbiy jinoyatlarda gumon qilmoqda. Ularning aytishicha, askarlar o’tgan hafta Tripolida bir necha asirni qirib, besabab yana o’nlab fuqaroni o’ldirgan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti poytaxtning to’rt joyida 100 dan ziyod jasad topilgani, dalillarga ko’ra, ular shafqatsizlarcha o’ldirilgani haqida ma’lum qilmoqda.

Xususan, o’tgan haftagacha Liviya armiyasining Xamis brigadasi nazorati ostida qolgan temir-tersak omborida kamida 50 odam suyaklari aniqlangan.

“Amerika Ovozi” muxbirining xabar berishicha, ba’zilarining qo’li orqasiga qilib bog’langan. Guvohlar deydiki, askarlar asirlarni otib, jasadlarga o’t qo’ygan.

Muammar Qaddafiy tarafdorlari shu damgacha 40 ming odamni ushlagan bo’lsa, ularning taqdiri noma’lum, deydi isyonchi kuchlar vakili, polkovnik Ahmad Bani. Muxolifat Tripoliga kirganidan buyon 10 ming mahbusni ozod qildi, deydi u.

Muxolifat Qaddafiy bilan muzokara qilib o’tirmoqchi emas. “U va uning tarafdorlari jinoyatchilardir. Qaddafiy ushlanadi va adolat qaror topadi”, - deydi ular.

G’arb matbuoti izohicha, qo’zg’olonchilar jinoyat va qotilliklar sodir etgani haqida hozircha aniq gapirish, xususan, Tripolida topilgan yana o’nlab jasadlar uchun kim mas’ul ekani borasida biror narsa deyish qiyin.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi kecha nihoyat poytaxtga insonparvarlik yordamini yetkazgan. “Amerika Ovozi” muxbirining aytishicha, o’tgan hafta qattiq janglarga guvoh bo’lgan bu shaharda dori-darmon, ichimlik suvi va boshqa mahsulot tanqis, ko’p mahallalarda elektr toki uzib qo’yilgan.

Isyonchilar Tunis bilan chegarada o’tish-nazorat punktini qo’lga kiritgan. Kecha Tunis tomon chegarani ochib, oziq-ovqat va boshqa zarur yordam ortilgan mashinalar qatnay boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG