Bing'ozidagi hujum al-Qoida ishi bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Oq Uydagi uchrashuv, Vashington, 12-sentabr, 2012

Oq Uydagi uchrashuv, Vashington, 12-sentabr, 2012

Prezident Barak Obamaning aytishicha, uning ma’muriyati Liviya hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilib, kecha Bing’ozida AQSh vakolatxonasiga hujum qilganlarga qarshi birgalikda chora ko’radi. Xuruj to’rt amerikalikni, jumladan elchi Kristofer Stivensni hayotdan olib ketdi.

Bing’ozida yuz bergan fojia hammamizni dahshatga soldi, deydi Obama. Voqeani qoralar ekan, prezident adolat ta’minlanadi deya va’da berdi.

“Dunyo shuni bilsinki, biz Liviya hukumati bilan bir yoqadan bosh chiqarib, bizning odamlarimizni o’ldirganlarni albatta jazolaymiz. AQSh vujudga kelibdiki, jamiki dinlarni qadrlab keladi. Boshqalarning e’tiqodini kamsitgan, yerga urgan tomonlarga qarshimiz. Lekin bunday vahshiyliklarga hech qanday asos yo’q”,- deydi Obama.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham shu fikrda. Bugungi bayonotida u dunyo ahlini diniy hamjihatlik va o'zaro hurmatga undadi.

Tashkilotning siyosiy masalalar bo'yicha rahbari Jefri Feltman, shu yil yozgacha AQShning Yaqin Sharq bo'yicha bosh diplomati edi. Bu vazifada u Tripolidagi elchi Kristofer Stivensni yaqindan bilganini aytib, marhum diplomat singari u ham Liviya kelajagidan umidvor ekanini ta'kidlaydi. Avgust oyida hokimiyat muvaqqat rahbariyatdan 200 a'zolik Milliy Kongress izniga o'tdi. Bu juda muhim demokratik qadam, deydi Feltman.

Dastlabki tergov shundan dalolat bermoqdaki, deydi rasmiylar, xuruj ortida al-Qoida terror guruhi bilan aloqador odamlar, xususan Umar Abdul Rahmon Brigadasi deb atalgan jihodchi to'da turibdi. Ular Amerikada ishlangan va islomni tahqirlovchi filmdan omma g’azabda ekanidan foydalangan, deydi rasmiylar. Internetda paydo bo'lgan bu videoda Muhammad payg'ambar masxara qilinadi.

Tekshiruvda AQSh Federal Qidiruv Byurosi xodimlari yordamlashadi.

Bing’ozida elchi Stivens qatorida attashe Shon Smit va yana ikki diplomat ham halok bo'ldi. Davlat kotibasi, tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bu aql bovar qilmaydigan fojia deydi.

“Bu qanday hol deb o’zimdan so’rayapman… Dahshatning o’zi. Biz axir bu shahar vayron bo’lmasligi, ozod bo’lishi uchun yordam ko’rsatganmiz. Shunday paytlarda odam bu dunyo naqadar alg’ov-dalg’ov, ziddiyatlarga boy ekani haqida o’ylaydi”,- deydi Klinton.

Yil boshida Liviya telekanaliga intervyu bergan elchi Kris Stivens bu davlat kelajagi porloq deya ishonch bildirgan edi.

“Men Liviya arab bahoridan eng ko’p foyda ko’rgan, muvaffaqiyat qozonib, farovonlikka erishgan davlat bo’lishini istayman. Liviya hozirgi yo’lidan qaytmasligi kerak...”,- degan edi diplomat.

Prezident Obama nazarida elchi Stivens erkinlik va inson huquqlari uchun jonini fido qilgan insonlardan biri.

“Bunday vahshiyliklar bilan yovuz kuchlar bizdek buyuk davlatni qo’rqita olmaydi. Biz o’z qadriyatlarimiz, prinsiplarimizga sodiqmiz. Hamyurtlarimiz uchun motamdamiz, anduhdamiz, ammo qarab turmaymiz”,- deydi prezident.



Obama va Klinton o’lganlarning oilalari bilan uchrashib, ularga hamdardlik bildirmoqda. Vashington Liviya bilan aloqani mustahkamlayveradi, uning erkin va barqaror davlat bo’lishi uchun qo’ldan kelgancha hissa qo’shadi, deydi Klinton.

Diplomatlar xavfsizligini oshirish maqsadida Tripoliga 50 maxsus zobit yuborilmoqda. Ispaniyadagi harbiy bazadan borayotgan bu askarlar terrorga qarshi kurashish uchun alohida tayyorgarlikdan o'tgan.

Yaqin Sharqda Amerika vakolatxonalari hujumga uchragan:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG