Breaking News

Liviyadan chiqishga harakat qilgan bir o'zbekistonlik hikoyasi


Liviyadan chiqishga harakat qilgan bir o'zbekistonlik hikoyasi
Liviyadan chiqishga harakat qilgan bir o'zbekistonlik hikoyasi

Voqealar bu qadar tez rivojlanib ketadi, deb o'ylamagan edim, deydi Go'zal.

So'nggi bir necha kundan beri Liviya poytaxti Tripoli va boshqa shaharlarni namoyishlar qamrab, xalq uzoq yillik rahbar Muammar Qaddafiy tuzumini qulatishga harakat qilar ekan, xorijliklar mamlakatni zudlik bilan tark etishga shoshilmoqda.

Qaddafiyga sodiq harbiylar va yollanma jangarilar ko'chalarni qonga belagani inqilob Misr va Tunisdagi kabi tinch va oson kechmasligiga ishora. Liviyani tark etolmay xunob bo'layotgan chet elliklar hali ham ko'p.

O'zbekistonlik Go'zal Qurbonova ham yaqingacha ular orasida edi. Baxtli tasodif tufayligina Go'zal Liviyadan chiqib ketishga muvaffaq bo'ldi.

Go'zal Qurbonovaning turmush o'rtog'i avstraliyalik. Dunyo kezib, ingliz tilini o'rgatadi. Go'zal unga hamrohlik qilib, ishida yordam beradi. Liviyaga uch yil burun ish bilan borishadi. Mamlakatda to's-to'polon boshlanib, internet va telefon aloqasi uzildi. Go'zal bilan bog'lana olmagan Rossiyada opasi, Toshkentda esa onasi qattiq xavotirlanib, ko'p yosh to'kdi.

Nihoyat, Go'zaldan xabar keldi: Polshaga qarashli samolyotda Liviyani tark etib, oilasi bilan Varshavaga jo'nabdi.

"Turmush o'rtog'im avstraliyalik. Tripolidagi xalqaro maktabda ish taklif qilishganida unga ergashdim. Men ham u yerda ishladim", - deya hikoyasini boshlaydi Go'zal.

Tripoli xalqaro maktabi nufuzli maskanlardan bo'lib, u yerda xorijiy diplomatlar, mahalliy rasmiylar, xalqaro tashkilotlar vakillarining farzandlari o'qir edi. Go'zal va uning turmush o'rtog'i Pol Liviya rahbari Muammar Qaddafiyning nabiralariga ham ingliz tilidan saboq bergan.

Voqealar bu qadar tez rivojlanib ketadi, deb o'ylamagan edim, deydi Go'zal.

"Tripoli juda ham tinch shahar. Liviyaliklar yaxshi va mehribon xalq. Albatta, Qaddafiyga nisbatan norozilik bor edi. Xalq tashvishlari uni qiziqtirmaydi, degan gap yurar edi, ammo poytaxtda hayot unchalik yomon emas", - deydi Go'zal.

Namoyishlar kuchayib, Qaddafiy hokimiyat qo'ldan ketishidan xavotirga tushar ekan, ayrim xabarlarga ko'ra, qurolli kuchlar va yollanma jangarilar ommani o'qqa tuta boshladi. Ko'p odam nobud bo'ldi. Xorijliklarga mamlakatni tark etish uchun 48 soat muhlat berildi.

"Avstraliya elchixonasidan yordam kutgan edik, ammo ular evakuatsiya uchun hech qanday chora ko'rmadi. Besh kun davomida uydan chiqmay o'tirdik. Shahar chetida yashaganimizga qaramay muntazam ravishda o'q ovozlari, portlashlar, namoyishchilarning hayqiriqlarini eshitardik. Bizni "ko'chaga chiqsang, otib qo'yishadi" deb ogohlantirishdi. Juda qo'rqdik", - deydi Go'zal.

Mamlakatni tark etishga vosita qidirib, bu oila sarson bo'ladi. Avstraliya konsuli avval Kanada samolyotida, so'ng AQSh kemasida, so'ng esa Britaniya samolyotida ketishni tavsiya qiladi, ammo bu davlatlar uchun o'z fuqarolari xavfsizligi va evakuatsiyasi muhimroq edi. Samolyot uchun joylar lotereya bo'yicha taqsimlandi.

"Men O'zbekistonning Rimdagi elchixonasidan ham yordam so'radim. Xavfsiz joygacha borib olsak bo'ldi edi. O'zbekiston fuqarosi bo'lganim uchun menga Italiyaga borishga Shengen vizasi kerak edi. Elchixona maxsus xat bilan bizni qabul qilishi mumkin edi. Biroq menga Tripolidagi Italiya elchixonasiga borishni tavsiya qilishdi. "Axir u yerda otishyapti, vaziyat notinch, ko'chaga chiqa olmayman" desam ham, parvo qilmay "bu sizning muammoingiz" deb javob berishdi. Badanimga muzday suv sepishganday bo'ldi", - deydi bu yosh juvon.

Go'zal, Pol va jajji qizalog'i omadini sinash uchun, biror samolyotda mamlakatdan chiqib ketish uchun aeroportga yo'l oladi. 2-3 joyda ularni harbiylar to'xtatib, hujjatini tekshiradi. Muammar Qaddafiy saroyi oldidan o'tib ketishadi. Aeroportga kelgach, o'zlari kabi jon saqlamoqchi bo'lgan minglab misrlik va tunislik mehnat muhojirlarini ko'rishadi.

Go'zal va oilasini Angliyadan keladigan samolyotda bo'sh joy qolsa, o'tirasizlar deb ishontirishadi. Ammo samoloyotga oldin inglizlar chiqadi, deb tayinlashadi.

"Ochiq havoda, yomg'ir ostida 12 soat samolyotni kutdik, ammo undan darak bo'lmadi. Shu payt Polshaga qarashli samolyot qo'nib, polyaklar evakuatsiya qilina boshladi. Polsha elchisining nazari bizga tushgach, yomg'irda, sovuqdan qaltirayotgan qizimga rahmi kelib, "samolyotga chiqinglar, Varshavaga borasizlar" dedi. Qizim bizni qutqardi, desam mubolag'a bo'lmaydi", - deydi Go'zal.

Liviyadagi tarixiy voqealarga guvoh bo'lgan o'zbekistonlik bu ayolning hikoyasi hali tugamadi. Hozirda u O'zbekistonning Varshavadagi elchixonasi orqali turmush o'rtog'iga o'zbek vizasini tezkor ravishda olishga harakat qilyapti. Italiyadagi O'zbekiston elchixonasining og'ir ahvolga tushgan fuqarolariga munosabatidan ranjigan Go'zal "dunyo yaxshi odamlarsiz emas" degan fikrida qat'iy.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG