Liviyalik sakkiz ofitser Qaddafiydan yuz o’girdi

  • Amerika Ovozi

“Qaddafiy qurolli kuchlari, xalqni ezayotgan armiya holdan toygan”

“Qaddafiy qurolli kuchlari, xalqni ezayotgan armiya holdan toygan”

Janubiy Afrika prezidenti Jeykob Zuma bugun Liviya poytaxti Tripolida, polkovnik Muammar Qaddafiyni murosaga ko’ndirish umidida.

Bu orada liviyalik sakkiz ofitser, jumladan, besh general Qaddafiydan yuz o’girgan. Ularning aytishicha, oxirgi bir necha kunda 120 harbiy arbob va zobitlar hukumatdan hafsalasi pir bo’lib, ishdan ketgan.

Ikki oy oldin Liviya tashqi ishlar vaziri va razvedka xizmati sobiq rahbari Musa Kusa hamda ko’zga ko’ringan diplomat Ali Abdulsalim Treki lavozimidan bo’shagan edi.

Generallardan biri, Ovun Ali Ovun “ko’rgan-kechirganlarimiz qo’rqinchli, dahshatli” deydi.

“Odamlar qirib yuborilmoqda. Ayollar ayniqsa jabr tortgan. Aqli joyida insonning qilmishi emas edi bular”, - deydi u.

Liviyaning BMTdagi elchisi, Qaddafiydan kechgan Abdurahmon Shalg’amning aytishicha, vatandan bosh olib ketgan 120 harbiy xorijda. Biroq aynan qaysi davlatda ekani ma’lum qilinmayapti.

Tripolida Janubiy Afrika prezidenti Zumani qator rasmiylar qarshi olgan. Biroq safda Qaddafiyning o’zi, may boshidan beri ko’rinmagan polkovnik yo’q edi.

Mojaro fevral oyida boshlanganidan beri Zuma Liviyaga ikkinchi bor borishi. Avvalgi tashrifi samarasiz kechgan, chunki davlatni 42 yildan beri boshqarayotgan Qaddafiy hokimiyatdan ketmoqchi emas. Muxolifatning asosiy sharti esa aynan shu, Qaddafiy boshqaruvni topshirsin.

NATOdan yanada agressiv, shiddatli choralar kutilmoqda

NATOdan yanada agressiv, shiddatli choralar kutilmoqda

NATO Tripolini havodan bot-bot bombardimon qilar ekan, so’nggi kunlarda hujumlar kuchaygan. Qaddafiyning Bob al-Aziziya qarorgohi qayta-qayta nishonga olinmoqda.

NATO Bosh kotibi Anders Fog-Rasmussen “harbiy operatsiya samara berdi” deydi. “Qaddafiy qurolli kuchlari, xalqni ezayotgan armiya holdan toygan”, - deydi u.

Qaddafiyning aytishicha, armiya jinoiy guruhlar, al-Qoida jangarilari bilan olishayapti. Xalqaro koalitsiya operatsiyasi esa polkovnik ta’rificha, mustamlakachi, aggressor davlatlar kirdikori. “Liviya neft zaxiralariga ko’z tikkan davlatlar bu”, - deydi u.

Biroq havodan zarbalar va muxolifat isyoniga qaramay, Qaddafiy taslim bo’lmayapti.
Xalqaro qo’shin BMTning Liviya ahlini himoya qilishga doir rezolyutsiyasi doirasida harakat qilayotganini aytadi.

Agressiv va faolroq choralar NATO safida tarqoqlikka sabab bo’lishi ham mumkin. Natijada alyans Liviyaga ko’psonli piyoda askar tortishga majbur bo’ladi. NATO ana shundan hayiqib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG