Breaking News

Litvada majburiy harbiy xizmat qayta tiklanmoqda


Litva askarlari
Litva askarlari

Rossiyaning Ukraina ixtilofiga aralashuvi, Qrimning qo'shib olinishi hamda rus askarlarining NATO chegaralari yaqinida harbiy mashg'ulot o'tkazishi Boltiqbo'yi davlatlari - Litva, Latviya va Estoniyaning jiddiy xavotirlariga sabab bo'lmoqda.

Litva hukumati seshanba kuni shu yil oxirigacha ehtiyot chorasi sifatida cheklangan miqdorda majburiy harbiy xizmat qayta tiklanishini ma'lum qildi.

"Mavjud geosiyosiy muhit bizdan armiyaga odam yollashni kuchaytirishni taqozo etmoqda", - deyiladi prezident idorasi Davlat Mudofaa kengashi yig'inidan so'ng e'lon qilgan bayonotda.

Besh yil muddatga yangilanishi kutilayotgan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish qarori parlament tasdig'idan o'tishi kerak.

Yangi tartib kuchga kirsa, sentabrdan boshlab 19 yoshdan 27 yoshgacha bo'lgan 3000 atrofidagi yigit 9 oylik harbiy xizmatga chaqiriladi.

G'arb rasmiylari o'tgan hafta Rossiyani Yevropaga, xususan, Boltiqbo'yi mamlakatlari xavfsizligiga tahdid solayotganlikda aybladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Estoniya, Latviya va Litva uchun haqiqiy tahdiddir va NATO har qanday bosqinni qaytarishga tayyorgarlik ko'rmoqda, dedi Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fellon.

Yevropa Kengashi Vitse-prezidenti Valdis Dombrovskisning aytishicha, Yevropa chegaralariga ko'proq NATO askarlarini joylashtirish kerak.

"Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan bosqini Boltiqbo'yi davlatlari uchun juda tashvishlanarli, - deydi u. - Rossiya Yevropaning XXI asr chegaralarini kuch bilan o'zgartirishga urinmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, Ukraina Rossiya bosqiniga uchragan birinchi davlat emas".

Rossiya va Yevropa davlatlari vositachiligida Ukraina hukumati hamda mamlakat sharqidagi isyonchilar hujumlarni to'xtatish bo'yicha sulhga erishganiga qaramay, tomonlar o'rtasida vaziyat hanuz juda tarang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG