Lobbichilik - manfaat uchun kurash, lekin qonunni buzish juda qimmatga tushadi

  • Amerika Ovozi

Amerikada lobbichilik chuqur ildiz otgan va bu davlat ichki va tashqi siyosatida muhim rol o’ynaydi.

AQSh Kongressi, ya’ni bu davlat parlamentining har ikki palatasi qonun chiqarish vakolatiga ega. Yangi qonun loyihalari ortida turadigan shaxslar nafaqat siyosatchilar, balki lobbichi-targ’ibotchilar hamdir. Ular muayyan sanoat yoki soha, guruh yoki sinf manfaatlari uchun kurashayotgan mutaxassislar.

O’tgan yillar ichida bir necha lobbichilar qonunni buzganlikda aybdor deb topilib, qamoqqa tashlandi. Bir necha siyosatchi ulardan pora olganini tan olib, amaldan ketdi.

Lobbichilikni izchil nazorat qiladigan qonunlar mavjud. Kongress a’zolari va butun ijroiya organi maxsus etika qoidalarga amal qilishi shart. Bu cheklov va me’yorlar aniq va ravshan, deya tushuntiradi professor Mark Rom.

“Bu cheklov-qoidalar har kuni sinovdan o’tadi… O’z manfaatingizni ko’zlab birovga pul berish pora hisoblanadi va bu jinoyat. Lekin o’z manfaatingiz yo’lida birovni biror narsa qilishga ko’ndirish jinoyat emas. Lobbichilik pulsiz bitmaydi, bu ham sir emas. Ammo u qay yo’sinda sarflanishi nozik masala. Nima pora-yu, nima pora emas? Bu murakkab masala”,- deydi professor.

Lobbichilarning har bir qadamini kuzatib, ularni elakdan o’tkazish – axborot vositalarining ishi. Ken Vogel mana shu kuzatuvchilardan biri. “Politico” degan nufuzli gazeta muharriri.

“Lobbichilar va bu soha umuman olganda kuchli nazorat qilinadi. Ular ishlatgan har bir dollari haqida muntazam hisobot berib turishi kerak. Reklama uchunmi yoki kimningdir saylov kampaniyasi uchunmi. Uni hammamiz kuzatib turamiz, aytmoqchimanki, men singari jurnalistlar va Vashingtondagi yana bir to’da tashkilotlar, fuqaro jamiyati vakillari",- deydi u.

"Lobbichilar biror nojo’ya qadam tashlasa yoki biror qora ishning isi chiqsa, tamom, hamma ularga tashlanadi. Qonunchilikka noqonuniy tarzda ta’sir o’tkazish yoki yashirin oldi-berdi qilish lobbichiga ham, siyosatchiga ham juda qimmatga tushadi",- deydi jurnalist.

Tushganda qandoq. Kongressdan to’ppa-to’g’ri qamoqxonaga.

Kaliforniya shtatining San Diego shahridan saylangan kongressmen Rendi “Dyuk” Kanningxem pora olganlikda va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilib sakkiz yildan ortiqqa kesildi. Harbiy firma unga sovg’a-salom uzatib turgan, hatto yaxta hadya qilingan.

Kongressmen Bob Ney, Ogayo shtatilik qonunchi, yirik lobbist Jek Abramoff bilan tovlamachilik qilganini tan olib, ikki yarim yilga qamaldi. Ney Abramoff istagan qonunlarni yozgan, Abramoff esa uni sayohatlar va pul bilan moylab turgan.

Qizig’i shundaki, Vashingtondagi kuchli lobbichilarning ko’pi sobiq kongressmenlar va amaldorlar. Qonunchilarning ko’pi esa sobiq lobbichilar. Bu ikki guruh bir-birini to’ldirib turadi. Orada behisob kelishuv, manfaatlar va siru asrorlar.

“Vashington Post” gazetasining aniqlashicha, neft va gaz sanoati uchun ter to’kayotgan lobbichilarning to’rtdan biri avval federal hukumatga ishlagan, yuroqi lavozimlarda.

Patton Boggs degan lobbichi firma egasi Nikolas Allard fikricha, bu kabi almashinuvlarning ajablanarli yeri yo’q.

“Siz oldin hukumatda ishlab, keyinroq lobbichilikka o’tsangiz, sizni noxolislikda ayblash oson albatta. Yoki lobbichilik qilib yurib, so’ng hukumat tomonga o’tib ketsangiz, bunda ham sizga sotqin degan tamg’a bosishadi. Chunki siz davlat idorasidan, ya’ni nazorat tizimidan xususiy sektorga sakrayapsiz yoki bu yerdan hukumatga",- deydi Allard.

Lekin bir o’ylab ko’ring, qonunchilik va lobbichilik - qarindosh sohalar. Mening safdoshim, hamkasbim Jon Bro masalan avval senatorlik qilgan. Hozirda juda mohir, taniqli lobbist. Undan so’rasangiz, “nima qilay axir” deydi. To’g’rida, umri siyosatda o’tgan. Nima, borib mashina tuzatsinmi”?

Barak Obama prezidentlikka saylanganida, “Mening ma’muriyatimda lobbichilarga o’rin yo’q” deya jar solgan edi. Targ’ibotchilar orasidan hech kimni yollamaslikka va’da bergan edi.

Lekin bugun uning qo’li ostida bir necha sobiq lobbichilar ishlayotganiga guvohmiz. Lobbistlarning o’zi aytganidek, na iloj, siyosat va targ’ibot orasida farq juda kichik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG