Amerikani o'zgartirgan muhabbat qissasi

  • Amerika Ovozi

“Muhabbat” filmi oq tanli erkak va qora tanli ayol orasidagi ishq qissasi. 1957-yil, Virjiniya. U paytlarda bu shtatda irqlararo turmush qurish man etilgan edi. Juftlik poytaxt Vashingtonda nikohdan o’tadi. Lekin ona shtatida adolat va tenglik uchun kurash boshlaydi.

Virjiniya shtatida qonun ularning nikohini tan olmaydi. Irqchilik.

Er-xotin qamoqqa olinadi va sudda jinoyatchi deb topiladi.

“Richard Perri Loving oq tanli bo’la turib, qora tanli Milfred Jeterga uylanishi qonunimizga xilof harakat bo’lgan”.

Juftli Virjiniya shtatida yashashi uchun ajrashishi kerak. 1958-yilda ular Vashingtonga ko’chadi. Borini ortda qoldirishadi. 1963-yilda ular fuqaro huquqlari harakatiga qo’shiladi. Milfred yordam so’rab, o’sha paytdagi Adliya vaziri Robert Kennediga yozadi. Amerika Fuqaro huquqlari ittifoqi bu juftlikning ishiga qiziq, ular bilan ishlay boshlaydi.

Kino ustasi Jeff Nikols kartina ustida ishlar ekan, chuqur izlandi; tarixiy hujjatlardan foydalandi.

Nikols nazarida bu asl muhabbat qissasi. Bosh qahramonning familiyasi Loving ekani ham qiziq, sevuvchi inson degan ma’noni beradi.

1967-yilda Oliy sud juflik orasidagi nikohni qonuniy deb topadi. Ularning oila qurishi uzviy huquqdir, deyiladi hukmda. Virjiniya shtatida ham o’zgarishlar bo’ladi. Yaqinda Vashingtonda Afro-amerikaliklar muzeyi ochilganida Jeff Nikols yangi filmi haqida gapirib berdi. Kartina “Oskar” mukofotiga ko’rsatilishi kutilmoqda.

“Maqtov va tahsinlardan minnatdorman. Lekin bu film bir-birini chindan sevgan ikki inson qissasi. Ular muhabbat va shu tariqa adolat uchun kurasgan. 2012-yilgacha bu ish haqida bilmasdim. Uyat. Bu axir Amerika tarixi”, - deydi Nikols.

Aktrisa Rut Negga Milfred rolini ijro etish uchun qora bo’lishning o’zi yetmaydi, deydi. Gap irqda emas, inson qalbida. Bir insonni sevib qolgani uchun jinoyatchi deb topilgan ayol huquq faoliga aylanadi, siyosiy o’zgarishlar qiladi.

“Kimligimizni qay tarzda anglaymiz? Qadrimizni qachon bilamiz? Boshimiz bir joyga tekkanda. Huquqimiz buzilganda. Kimligimiz, insoniyligimiz, vijdonimiz, o’zligimiz o’shanda namoyon bo’ladi”, - deydi Negga.

Richard Loving obrazini aks ettirgan aktyor Jol Edgerton fikricha Amerikada irqchilik hamon nozik masala va hamma ham bu borada ochiq va erkin so’zlayvermaydi.

“Haliyam eski zamon sarqitlari bilan yashayapmiz. Oldinga siljidik, progress bo’ldi, biroq illatlardan butunlay qutula olmaganmiz. Shu bois ham tarixdan saboq olib, mana shunday real voqealar va taqdirlar haqida hikoya qilib, odamlarni o’ylantirishimiz kerak”, - deydi Edgerton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG