Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

  • Amerika Ovozi

Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

Jahon iqtisodiyoti oqsagan bir paytda oltinning bozori chaqqon. Talab oshgan sari uning narxi ham ko’tarilib borayapti.

Amerikaning ayrim burchaklari, xususan Virjiniya daryolarida oltin qidirayotgan odamlarni ko’rish mumkin. 1800-yillarda bu shtat tilla sanoati bilan mashhur edi.

Tod Bonshayer Virjiniyadagi Monro bog’ini boshqaradi. 18-asrda ishlatilgan tilla koni shu yerda joylashgan. Bugun muzey.

Bu yerga kelib, Virjiniya konchilik tarixi haqida bilib olasiz. Qiziqsangiz, oltin qazishni ham o’rgatishadi.

“Mijozlar keyingi payt ancha ko’payib qoldi. Tilla qazib chiqarish uchun qanday uskuna kerak deb so’rashadi. 1 grammi 58 dollarga yetganidan keyin qiziqish ham oshdi albatta”, - deydi Tod Bonshayer.

Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson qo’lyozmalarida bitilishicha, 1782-yilda Frederiksburg shahri yaqinida bir odam tillali chaqmoqtosh topib oladi.

Ko’p o’tmay, hammaning og’zida shu gap. Hududda 20 ga yaqin tilla konlari ochiladi. Ammo ikkinchi jahon urushi davrida yopilib ketgani ma’lum.

Tilla Qo’shma Shtatlar sharqiy hududlarida ko’p uchraydigan chaqmoqtoshdan olinadi. Atigi bir necha gram olish uchun konchilar og’ir mehnat qilgan, minglab kilogram ruda qazigan.

“Yirik toshni mayda bo’laklarga bo’lib, kovaklariga qaraysiz. Orasida yashiringan metalni topib, chiqarib olish kerak. Konchilarning ishi asosan shundan iborat bo’lgan”, - deya tushuntiradi Monro parki xodimi.

Hozirgi kun texnologiyasi boshqa. Yomg’ir va qorlardan yemirilgan chaqmoqtosh tillasini suvdan yuvib chiqarasiz.

“Idishni silkitganda qum va boshqa yengil elementlar suv yuziga qalqib chiqadi, og’irlari esa cho’kadi. Oltin og’ir material hisoblanadi. Uni idish tagidan topasiz”, - deydi Bonshayer.

Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

Eski konlardan tilla izlayotgan amerikaliklar

Tilla suvdan 19 baravar og’irroq bo’lgani uchun ham bu effektiv usul sanaladi. Ammo oson emas.

Bill Oliver singari bu ishni o’ziga kasb qilgan shovvozlar buni yaxshi biladi. Oliver pensiyaga chiqqanidan keyin havaskor konchilar to’garagiga yozildi. Oxirgi majlisimizda safimiz yana 10 a’zoga kengaydi, deydi u. Xazina topib pullashni kim ham istamaydi…

“Omadimiz kelsa albatta topamiz. Qidirishdan charchamaydi odam. Bu yerlarda sof oltin topilganiga 10 yilcha bo’ldi, lekin hali yana bor”, - deydi u.

Otaxon uchun tabiat qo’ynida bo’lish eng muhimi. “So’nggi bir yilda topgan tillam 20 dollarga ham arzimaydi. Men uchun shunchaki xobbi”.

Ovning o’z zavqi, gashti bor albatta. Ayrimlar bir kuni xazinaga duch kelishiga ham ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG