Kongress Rossiyani Magnitskiy o’limi uchun jazolamoqchi

  • Amerika Ovozi

Advokat Sergey Magnitskiyni qamab, uning o’limiga aloqasi bo’lgan rasmiylarga viza berilmay, Amerikadagi mulki muzlatilishi mumkin.

Amerika Kongressi qo’mitasi Rossiyada advokat Sergey Magnitskiy o’limiga aloqador rasmiylarni jazolashga doir qonun loyihasini ma’qulladi.


Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi taklifiga ko’ra, advokatni qamab, uning o’limiga aloqasi bo’lgan rasmiylarga viza berilmaydi va Amerikadagi mulki muzlatiladi.


Tashabbus hali yana ikki qo’mita so’ng butun quyi palatada ovozga qo’yilishi kerak bo’ladi. Ayrimlar Magnitskiy ishini Rossiya-Amerika savdo aloqalariga doir bitimlarga kiritish tarafdori.


Biroq demokrat qonunchi Gregori Miks fikricha, Amerika Rossiya bilan rishtalarni mustahkamlashi, yangi ish o’rinlari uchun imkon izlashi kerak.


Sergey Magnitskiy qarorgohi Britaniyada joylashgan Xermitaj Kapital sarmoya kompaniyasida ishlagan va Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiylarini poraxo’rlik, fitnada ayblagach, 2008-yilda qamoqqa tashlangan.


Inson huquqlari faollari so’zlariga ko’ra, u 2009-yilda turmada qattiq kaltaklanish natijasida jon bergan. Bu voqea xorij sarmoyadorlarini Rossiyadan hayiqtirib qo’ygan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG