Meyn shtati respublikachilari Mitt Romnini tanladi

  • Amerika Ovozi

Mitt Romni Meyn shtatida tarafdorlar bilan, 11-fevral 2012

Mitt Romni Meyn shtatida tarafdorlar bilan, 11-fevral 2012

Kanada bilan chegaradosh, Atlantika okeani bo'yidagi so'lim maskanlari va baliqchilik sanoati bilan tanilgan Meyn shtati bugun prezidentlikka da'vogar respublikachilarni elakdan o'tkazdi.

Massachussetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni Oq Uyga munosib arbob deya tanlandi. Texasdan kongressmen Ron Pol ham ko'plab respublikachilarning olqishiga sazovor bo'lgan.

Shtatma-shtat saralash jarayoni va reytinglarda Mitt Romni oldinda ketmoqda, lekin Ron Pol va yana ikki nomzod - sobiq spiker Nyut Gingrich va Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum poygani tark etmoqchi emas.

Kelasi partiyaviy saylov 28-fevralda Arizona va Michigan shtatida bo'lib o'tadi.

6-martda 10 shtat respublikachilari birvarakayiga ovoz beradi va undan keyin nomzod kim bo'lishi yanada oydinlashadi.

Prezident saylovlari esa 6-noyabrda. Demokratlardan nomzod - amaldagi rahbar Barak Obama.

Chapdan, Rik Santorum, Nyut Gingrich, Mitt Romni va Ron Pol

Chapdan, Rik Santorum, Nyut Gingrich, Mitt Romni va Ron Pol

Ayni damda Vashingtonda konservativ siyosat targ'ibotchilarining yillik majlisi o'tmoqda. Respublikachi yetakchilar so'zga chiqib, Obama siyosatini qoralamoqda. Xalq demokratlarga "yo'q" deyishi kerak, deydi ular.

Konservatorlar nazarida Obamaning liberal siyosati Amerika imkoniyatlarini har tomonlama cheklab qo'ygan. Hozirgi prezident AQShni iqtisodiy inqirozdan olib chiqishga qodir emas, deydi respublikachilar.

Oq Uyga ko'ra esa mamlakat inqirozdan chiqa boshlaganiga ancha bo'ldi. Ishsizlik darajasi pasaymoqda, moliyaviy tizim oyoqqa turmoqda, savdo-sotiq jonlangan, deydi Obama ma'muriyati a'zolari.

Prezident yurt kezib, omma ko'nglini ovlamoqda va uni qayta saylashni so'ramoqda.

Yoz oxiriga borib, har ikki partiya qurultoyga yig'iladi. Prezidentlik va vitse-prezidentlikka nomzodlar rasman e'lon qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG