O’zbekiston degan o’lka qanday vujudga kelgan?


Professor Adib Xolid (o'ngda) AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida kechgan davra suhbatida, 15-mart, 2016

Professor Adib Xolid (o'ngda) AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida kechgan davra suhbatida, 15-mart, 2016

Minnesota shtatidagi nufuzli oliygoh - Karleton kolleji professori, tarix fanlari doktori Adib Xolid (Adeeb Khalid) qalamiga mansub yangi kitob 1918-1939-yillarni qamraydi. 2015-yilning oxirida AQShning Kornel universitetida chop etilgan. Professor Adibning xulosalari Markaziy Osiyodagi ko’plab ziyolilar, mahalliy va xorijiy mintaqashunos va tarixchilarning shu kungacha qilgan analizlaridan farqli. Lekin muallif o’z tahlilida qat’iy.

O’zbekistonning yaralishi: SSSRning ilk kunlarida davlat, imperiya va inqilob. Adib Xolid kitobiga shunday nom bergan. Unda har tomonlama beqaror bir davr haqida gap ketadi.

1917-yilning oktabridagi Bolshevik inqilobi va uning ortidagi kommunistik mafkura urug’i Markaziy Osiyoda quloch yozar ekan, yangi jamiyatlar qurish jarayoni boshlanadi.

Yetakchilikni kim qo’l oladi? Mahalliy liderlar maydonga chiqa boshlaydi. Ular orasida o’sha davrning eng ilg’or islomiy markazlari - Istanbul oliygohlarida bilim olib vatanga qaytgan yoshlar bor.

Abdurauf Fitrat (1886-1938), unga ergashgan Fayzulla Xo'jayev (1896-1938) kabi ko'zga ko'ringan shaxslar kelajakni milliylikda ko'radi. Ular g’arbu sharq qadriyatlarini birdek mujassam etgan, musulmonlik va turkiylikka urg’u beruvchi, boy tarix va madaniyatga asoslangan yangi bir davlat barpo etish orzusida.

Rus, o’zbek va tojik arxivlarini sinchiklab o’rganib chiqqan Adib Xolid mahalliy intelligensiya, shuningdek, bolsheviklar va ularni Moskvadan turib boshqarayotgan kuchlar orasidagi murakkab rishtalarni o’rganadi.

Bu borada Jorj Vashington universitetida jurnalistlar, ekspertlar va talabalar oldida so’zlar ekan, professor o’zining asosiy xulosasini keltiradi:

“O’zbekiston aslida sovet siyosati mahsuli bo’lmagan. Bu o’lka o’sha davrdagi chigal siyosiy muhitda amalga oshirilgan musulmon-turkiy intelligensiya loyihasidir”.

Kitob hozircha faqat ingliz tilida chiqqan. 40 dollarlik ilmiy asar 12 bo’limdan iborat: Rus hukmronligi ostidagi intelligensiya va islohotlar; imkoniyat davri; inqilob va milliylik, Buxoro respublikasining vujudga kelishi; sovet tuzumi nayranglari; jadidlar va ma’rifat; islohot va inqilob orasidagi islom; O’zbekistonning yaralishi; tojiklar taqdiri, mafkuraviy front; qatag’on va repressiya hamda sovet rejimi.

Bolsheviklar va ular bilan murosa qilgan mahalliy ziyolilar nazarida o’zbeklar eng yirik o’troq xalq edi. Markaziy Osiyodagi muhim siyosiy va madaniy markazlarni o’z ichiga olgan yangi o’lka O’zbekiston bo’lsin degan g’oya olg’a suriladi.

Bu tashabbus ortidagi jadidlar harakati ilm-fan, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot va hurlik bilan birga turkiylikka urg’u bergan. Ular istiqbolni bu maqsadlarsiz tasavvur qila olmagan. O’z nashrlari, asar va adabiyotlarida ma’rifatni targ’ib qilgan bu ziyolilar sovet realligini chetlab o'tolmagan.

Abdurauf Fitrat va Fayzulla Xo’jayev kabi Buxorodan chiqqan arboblar, Rossiya changalidan qocha olmagan.

1924-yilda vujudga kelgan O’zbekiston degan o’lka hozirgi ko’rinishidan ancha boshqacha bo’lgan. Qoraqalpog’iston unga kirmagan. Tojikistonning katta qismi esa kirgan. O’sh va Jalol-Obod ham kirmagan.

Stalin tuzumi jadidlar bilan murosa qilgandek bo’lganu, o’z bilganidan qolmagan. 1930-yillar oxiriga borib, jadidlar yo’q qilingan. O’zbekiston degan yurt ortida turganlar birma-birma otib o’ldirilgan, bir nechasi Toshkentda. 1940-yillarga borib esa O’zbekistonning hududiy ko’rinishi qayta yangilangan.

Qisqa qilib aytganda, deydi Adib Xolid, O’zbekiston jadidlar orzu qilgan davlat emas, ularning tashabbuslari asosida vujudga kelib, qadamma-qadam sovetlashtirilgan mamlakatga aylangan.

Professor qayd etadiki, Markaziy Osiyo o’lkalari, chegaralari, shakli va aholisi murakkab tarixiy jarayonlar mahsuli.

Ayrim mutaxassislar bugungi muammolarni, jumladan, etnik nizolarni bu respublikalar sovet nayrangi asosida soxta hududlarga bo'lingani oqibatida yuz bermoqda, deb ko’p jihatdan noto’g’ri izohlaydi. Ularni haqiqiy hududlar, real mamlakatlar sifatida ko’rmaslik xato, deydi Adib Xolid. Har biri o’ziga xos o’tmishga ega, biroq umumiy xususiyatlari ham bor. Bugungi ilm ahli va ta’lim tizimi buni ochiq tan olishi zarur.

O'zbekistonning 1924-yildagi ko'rinishi (Professor Adib Xolid kitobidan)

O'zbekistonning 1924-yildagi ko'rinishi (Professor Adib Xolid kitobidan)

Buxoro Respublikasi (1920-1925)

Buxoro Respublikasi (1920-1925)

Turkiston, Turon orzusi hamon so’nmagan. Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlar birlashishi kerak deydigan ziyolilar ko’p. Adib Xolid singari tarixchilar bu orzular ro’yobga chiqishiga ishonmaydi.

Lekin bir narsa aniq, deydi Xolid, bugungi O’zbekiston ham, 1920-yillar boshida vujudga kelgan O’zbekiston ham Markaziy Osiyoning asosiy merosxo’ri.

O’zbek tili hamon eng keng muomalada. O’zbeklar hamon ko’pchilik. Ular mintaqaning har bir o’lkasida katta sonni tashkil etadi. Mustaqil O’zbekiston o’z o’rnini qanday ko’rishidan qat’i nazar, bu elat roli kelajakda ham pasaymaydi.

Adib Xolid 1998-yilda nashr etilgan yana bir kitobini jadidlarga bag’ishlab, o’sha davrning siyosiy-madaniy islohotlari haqida yozgan. Olimning 2007-yilda chiqqan kitobi esa Markaziy Osiyoda kommunizmdan keyingi islom va siyosat xususida.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG