Malikiyning parlamentdagi bloki Iroq hukumatini quvvatlamaydi

  • Amerika Ovozi

Iroq sobiq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy

Iroq sobiq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy

Sobiq Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiyning aytishicha, uning parlamentdagi 60 kishilik deputatlar bloki amaldagi Bosh vazir Haydar al-Abadiyga ko’rsatgan qo’llab-quvvatlovini qaytib oladi. Eron bilan yaqin aloqaga ega Malikiy “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQSh armiyasi rolining oshishiga ham qarshi ekanini aytmoqda.

Sobiq bosh vazir Malikiyning Abadiy amalga oshirishni ko’zlayotgan siyosiy islohotlarga qarshi chqishi mintaqada beqarorlik yanada kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Eron va shia guruhlari AQShning Iroqda IShIDga qarshi samarali kurash olib bora olmayotganini tanqid qilib keladi. Ayrim guruhlar hatto xavfsizlik o’rnatishda Rossiya bilan hamkorlik qilishni yoqlamoqda. Bosh vazir Abadiy Kreml bilan hamkorlik o’rnatish fikriga qarshiligini bildirmagan, ammo AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Jozef Danfordning aytishicha, Iroq bosh vaziri va mudofaa vaziri “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Rossiyadan yordam so’rash niyatida emas.

Eronga yaqin harbiy qo’mondon va Malikiyning hamkori Qays al-Xazaliyning aytishicha, IShIDga qarshi kurashda AQShdan jiddiy foyda bo’lmagani bois Rossiyadan yordam olish kerak.

Uning da’vo qilishicha, AQSh va uning 60 ittifoqchisi, ko’pincha, “Islomiy davlat”ning eng muhim manzillarini nishonga olmayapti va havodan beriladigan zarbalar ham tez-tez kechikib turadi. Rossiya esa Suriyadagi IShID manzillarini tez va samarali yakson qilmoqda, deydi shia qo’mondoni.

Bosh vazir Abadiy o’zi amalga oshirmoqchi bo’lgan siyosiy islohotlarni himoya qilib, muxoliflarini, xususan, Malikiyni shaxsiy manfaatlarini himoya qilayotganlikda aybladi.

Uning aytishicha, islohot ayrim siyosatchilarning manfaatlarini, xususan, ularni qo’riqlovchi ulkan xavfsizlik kortejlarini cheklab qo’yadi. Chunki Iroq bunday dabdabalarni ortiq ko’tara olmaydi, deydi mamlakat bosh vaziri.

Malikiyning parlamentdagi ittifoqdoshi, shia yetakchisi Ammor Hakimning so’zlovchisi shayx Hamid Ma’idiy Sa’idiyning aytishicha, ba’zi siyosatchilar bosh vazirni qo’llab-quvvatlashni to’xtatmoqchi emas, faqat islohotlarning ayrim bandlaridan xavotirda va shu borada muloqot o’tkazilishini istaydi.

Londondagi Tashqi siyosat markazi tadqiqotchisi Jeyms Denselovga ko’ra, Abadiyni hukumatdan ketkazish bo’yicha Malikiy rejasi ortida Eron turibdi, deyish qiyin.

“Bu yerda gap ko’proq Abadiyning murosasoz siyosatchi bo’la olishidan ko’ra, Malikiyning shaxsiy orzu-istaklari haqida ketyapti. Malikiy har tomondan kelayotgan bosimlarga dosh bera olishini ko’rsatdi va uning ortida eronliklar va shia guruhlari turgani ham to’g’ri”, - deydi u.

Fors ko’rfazi bo’yicha tahlilchi Teodor Karasik esa bunday fikrda emas. Unga ko’ra. Malikiyning hukumatni qo’llab-quvvatlashni to’xtatishi ortida Eron turibdi. Sobiq bosh vazir hozir Rossiya, AQSh va shia guruhlari manfaatlari o’rtasida qolib ketgan, deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG