Qirg'iziston saylovlardan so'ng "Manas" masalasini yana ko'tarishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Ba'zi siyosiy partiyalar AQSh qo'shinlarini bazadan chiqarishga chaqirmoqda. Ular nazarida barcha balo G'arbdan.



Qirg'iziston 10-oktabrga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko'rar ekan, AQShga qarashli "Manas" aviabazasi saylov kampaniyasi davrida tez-tez tilga olinmoqda. Ayrim siyosatchilar AQSh qo'shinlarini chiqarishga chaqirsa, boshqalar nazarida baza iqtisodiy yordamga muhtoj respublikaga qo'shimcha daromad keltirmoqda. Ungacha esa "Manas" Afg'onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlari tranziti va samolyotlarni yonilg'i bilan ta'minlash nuqtasi vazifasini bajarishda davom etadi.

Manas harbiy bazasidan Afg'onistongacha samolyotda ikki soatlik yo'l. Bu yo'nalish bo'yicha har kuni ko'plab askarlar va yuk o'tib turadi. Afg'onistonda xizmat qilayotgan NATO samolyotlarining uchdan bir qismi yonilg'ini "Manas"da quyadi.

Toliblarning Pokiston orqali o'tgan yuklarga hujumlari kuchaygach, "Manas"ning ahamiyati yanada oshdi.



Bazadagi markaz qo'mondoni polkovnik Duayt Sounsning aytishicha, Qirg'izistoning jug'rofiy joylashuvi xalqaro kuchlarga qo'l kelmoqda.

Polkovnik Souns janubda etnik zo'ravonliklar boshlanganidan beri shu yerda. "Manas" O'shdan 320 kilometr narida joylashgan. Qirg'iziston hukumati bazani NATOdan tortib olishi mumkin edi. O'tgan yili parlamentda masala ovozga qo'yilib, 78 deputat AQSh harbiylarini chiqarishga ovoz bergan edi. Bir deputat, Baktibek Beshimov qarshi chiqqan. O'tgan yili u siyosiy bosim ostida AQShdan boshpana olishga majbur bo'ldi.

Bakiyev hukumati bilan muzokaralardan so'ng Vashington baza uchun ijara haqini 4 baravarga oshirishga rozi bo'lib, endi yiliga 60 million dollar to'lamoqda.

Qirg'izistonlik tahlilchi Alisher Hamidovning aytishicha, baza masalasi hozirgi saylov kampaniyasi davrida muhokama etilayotgan mavzulardan.

"Siyosiy partiyalar barcha balolar G'arbdan deb, amerikaliklarni "Manas"dan chiqarib yubormoqchi. Ular nazarida shundan so'nggina mamlakatda barqarorlik qaror topishi mumkin", - deydi yosh olim.

Kuzatuvchilar fikricha Rossiya Qirg'izistonga bosim qo'yib, bazani bo'shattirmoqchi. Ammo qirg'izlar Bishkek yaqinidagi "Kant" bazasidan foydalanayotgan Rossiya uchun ham ijara haqini ko'tarmoqchi. Qirg'iziston ikki davlatga baza bergan yagona mamlakatdir.

Qirg'izistonga harbiy masalalarda maslahatchilik qilayotgan Rossiya vakili Leonid Bondaretsning aytishicha, "Manas" Qo'shma Shtatlarga 2001-yilda bir yilga berilgan edi, xolos.

"Mintaqada uzoqroq qolib, AQSh o'z pozitsiyasini kuchaytirmoqchi. Markaziy Osiyo gazi va nefti hamda Afg'oniston minerallarini nazorat etmoqchi", - deydi u.

Qirg'iziston Rossiyaga ko'p jihatdan bog'langan. Yoshi 30 dan o'tgan qirg'iz fuqarolarining aksariyati rus tilida so'zlashadi. Mehnatga yaroqli har 5 kishidan biri vatandagi oilasini boqish uchun Rossiyada ishlab pul topadi.

AQSh polkovinigi Duayt Sounsning aytishicha, Amerika harbiylari mahalliy aholi bilan munosabatlarni yaxshilashga doim intiladi.

"Ba'zida ular bilan futbol yoki voleybol o'ynab turamiz, gohida esa shaharga chiqib, balet tomosha qilamiz. 4-iyul - AQSh Mustaqilligi kabi bayramlarga mahalliy rasmiylarni taklif qilib, birga nishonlaymiz", - deydi polkovnik.

Bishkeklik siyosiy tahlilchi Valentin Bogatiryovning aytishicha, so'nggi paytda AQSh bazasiga nisbatan munosabat ancha yumshagan.

"Uning mo'maygina daromad manbai, davlat byudjetiga yordam ekani siyosatchilarga ayon. Uning bahonasida Bishkek xalqaro aeroporti ta'mirlanyapti, 900 nafar fuqaro ish bilan ta'minlangan", - deydi mutaxassis.

Bundan tashqari, deydi kuzatuvchilar, AQSh harbiylari qudratli davlatlar iskanjasida turgan mintaqa xavfsizligiga hissa qo'shib, geosiyosiy muvozanatni ta'minlab turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG