“Manas yopilishi AQSh bilan barcha aloqalar tugashini anglatmaydi”


Manas tranzit markazi borasida Bishkek o’z qarorini aniq tasdiqlagan bo’lsa-da, masala yuzasidan bahslar to’xtagani yo’q.

Qirg’iziston hukumati AQSh xizmatidagi Manas tranzit markazini kelasi yil yopish niyatida. Parlament va prezident tegishli hujjatlarni imzolagan. Shunga qaramay, Afg’oniston masalasida hamkorlik ikki mamlakat aloqalarining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib qoladi.


Manas tranzit yuk tashish markazi borasida rasmiy Bishkek o’z qarorini aniq-ravshan tasdiqlagan bo’lsa-da, masala yuzasidan bahslar to’xtagani yo’q.

Harbiy tahlilchi, polkovnik Leonid Bondarets yaqin o’tmishdan kelib chiqqan holda siyosatda har qanday burilishlar bo’lishi mumkin, deb hisoblaydi. Ayni paytda u harbiy aloqalarda Vashingtondan biron narsa kutish nojoiz, degan fikrda.

“Harbiy soha shunday sohaki unda doimo nimanidir yangilab turish kerak. Biz esa sovet texnikasi va qurol-yarog’ini qo’llashga o’rganganmiz. Ikkinchidan, Rossiya va NATO armiyalarida o’qitish turli uslublarga asoslangan. Qisqasi, o’zgacha harbiy doktrinalar, o’zgacha yondashuv, o’zgacha taktika va strategiya”, - deydi bishkeklik harbiy tahlilchi.

“Harbiy sohada munosabatlar haqida so’z yuritadigan bo’lsak, kechirasizu, ammo bunda bir yo’lni tanlash kerak - yoki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti yoki NATO. Chunki bu ikki tashkilot so’zning ochig’i, turli geosiyosiy pozitsiyani egallab keladi. Va ularni hamkor, deyish qiyin”, - deya davom etadi suhbatdosh.

Qirg’iziston sobiq davlat kotibi, siyosatshunos Ishenbay Abdrazaqov nazarida toki Afg’oniston borasida aniqlik yo’q ekan, bu masalada hamkorlik uzilmasligi lozim. Qolaversa, Afg’onistonni qayta tiklashda ham Bishkek va Vashington hamkorligi ufqlari keng.

“Zikr qilingan bitim denonsatsiya qilingani barcha narsa yakunlandi, degani emas. Ko’p narsa Afg’onistondagi vaziyat qanday rivojlanishiga bog’liq. Biz – mintaqa mamlakatlari Amerika va boshqa davlatlarga Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda yordam ko’rsatishimiz kerak. Afg’on xalqi o’lkani tinchlik, totuvlik va taraqqiyot yo’liga olib chiqsin”, - deydi siyosatshunos Abdrazaqov.

Suhbatdoshga ko’ra, Markaziy Osiyoda mavjud iqtisodiy muammolar, xavfsizlik masalalari, narkotrafik kabi xatarlar ham tig’iz hamkorlikni talab qiladi.

Siyosatshunos Abdrazaqov fikricha, aslida, tub ma’noda olganda, Qirg’iziston va AQSh o’rtasida jiddiy harbiy hamkorlik bo’lmagan.

“Biz faqat Afg’oniston masalasida yordam bermoqdamiz. NATO bilan aloqalar ramziy ma’nodagina o’rin olgan. Boshqa tomondan, NATO hozirgacha bor va bu Rossiyada haligacha qandaydir tashvish, shubhalar uyg’otib kelmoqda. Bu bugungi kunning voqeligi. Ammo yo u taraf, yo bu taraf, deb masalani ko’ndalang qo’yish to’g’ri emas. Aksincha, global masalalar, hamma uchun tahdid solayotgan xatarlarni yengishda birlashish, hamkorlik qilishni o’rganishmiz lozim”, - deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG