"Manas ishi" AQSh va Qirg'iziston uchun achchiq saboq, deydi tahlilchi Skott Xorton


Manas tranzit bazasi AQShning Afg'onistondagi harbiy harakatlari uchun muhim ob'yekt

Manas tranzit bazasi AQShning Afg'onistondagi harbiy harakatlari uchun muhim ob'yekt

AQSh Kongressi nazarida Obama ma’muriyati Qirg’izistondagi Manas tranzit markazini yonilg’i bilan kim va qanday ta’minlashini qayta ko’rib chiqishi kerak.

Vakillar Palatasi olib borgan sakkiz oylik tekshiruv shundan dalolat beradiki, hozirgi ta’minotchi Mina Korporatsiyasi va “Red Star Enterprises” mahsulotni yuqori sifatli va yaxshi narxda yetkazib bermoqda, ammo ular AQSh sha’niga dog’ tushirmoqda, ishi halol emas. Ularning mahalliy sheriklari, biznes hamkorlari yulg’ichlikka mukkasidan ketgan doiralar.

Kompaniyalar sakkiz yildan beri Manasni yonilg’i bilan ta’minlab keladi. Ularga buning uchun 2 milliard dollar haq to’langan.

Lekin, Kongress xulosasi shuki, ular bu davr mobaynida prezidentlar Askar Akayev va Kurmanbek Bakiyevning yaqinlari bilan til biriktirib, oila a’zolari bilan turli biznes kelishuvlar asosida ish olib borib, Qirg’izistondagi siyosiy beqarorlik va iqtisodiy tanglikka hissa qo’shgan.

Masala bilan yaxshi tanish amerikalik mutaxassislar fikricha Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, yaqin kelajakda kontraktorlarni yangilasa ajabmas.

Skott Xorton (Scott Horton) Nyu-Yorkda asoslangan siyosiy-ijtimoiy jurnal “Harper’s Magazine” muharriri. Xalqaro huquqshunos va tahlilchi. Shuningdek, Bishkekdagi Amerika Universiteti asoschilaridan biri. Markaziy Osiyo-AQSh aloqalarini uzoq yillardan beri tahlil kelib keladi.

Vakillar Palatasining Davlat xavfsizligi va tashqi aloqalar bo’yicha quyi qo’mitasi olib borgan tekshiruv natijalari, deydi u, Amerika hukumati uchun qattiq ogohlantirish.

Pentagon va Davlat departamenti shu paytgacha Manas bilan bog’liq shartnomalar binoyidek, biror muammo yo’q deb kelayotgan edi. Tekshiruvdan ko’rib turibmizki, diplomatlarimiz bazani kim yonilg’i bilan ta’minlayotgani, ularning ortida kimlar turgani haqida yaxshi bilmas ekan. Hamma bir-birini aldab kelgan”,- deydi Skott Xorton.

Lekin Pentagon so’zlovchisi Deyvid Lapanning aytishicha, jarayon barcha qonuniy talablarga javob beradi, biror jinoiy ishga qo’l urildi deyishga asos yo’q.

Kongress taqdim etgan 75 betli hujjatda Manas yonilg’i ta’minoti va umuman Amerika-Qirg’iziston aloqalari turli nayrang, firibgarlik, parda-orti o’yinlar va qing’ir harakatlar ta’siri ostida bo’lgani fosh etilgan. Korrupsiya chuqur ildiz otgan davlatda ehtiyot bo’lib harakat qilish kerak, deydi tekshiruvga bosh bo’lgan kongressmen Jon Tierni, AQSh kim bilan hamkorlik qilayotganini bilishi kerak.

Afg’onistondagi harbiy harakatlarni quvvatlash prioritet ekan, AQSh bu notinch mamlakat atrofidagi davlatlar bilan ishlash, ularning yulg’ich rahbarlari va siyosiy doiralar bilan gaplashishga majbur, deydi ayrim arboblar. Korrupsiya qayerda yo’q deysiz.

Masala bilan yaxshi tanish amerikalik mutaxassis Skott Xorton fikricha Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, yaqin kelajakda kontraktorlarni yangilasa ajabmas.

Masala bilan yaxshi tanish amerikalik mutaxassis Skott Xorton fikricha Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, yaqin kelajakda kontraktorlarni yangilasa ajabmas.

Skott Xorton nazarida bunday fikrlash – kaltabinlik.

“Qo’shma Shtatlar qariyb 20 yildan beri mintaqaga oshkoralik va mas’uliyat haqida vaz qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashni targ’ib qiladi. Ayniqsa hukumat va xususiy sektor ochiq va halol ishlashi kerak deb keladi”,- deydi Xorton.

Kongressning aniqlashicha, Mina Korporatsiyasi yonilg’ini Rossiyadan "Qirg’iziston fuqaro aviatsiyasi uchun" degan hujjatlar asosida sotib olgan, aslida esa mahsulot Amerika havo kuchlari uchun bo’lgan. Amerika tomon buni ko’rib turib, o’zini ko’rmaganlikka olgan.

“Odamlar bunday holatda AQShni albatta ko’zbo’yamachilikda ayblaydi-da”,- deydi Skott Xorton.

“Markaziy Osiyoda korrupsiya ko’pchilik uchun yangilik emas ham deylik. Odamlar rahbarlar qanday boyishini, yulg’ichlikka o’rganganini biladi. Lekin, mening nazarimda, xavfsizlik masalasiga kelganda, omma sergak tortadi. Chet davlat kelib, tinchimizni buzmoqda degan qarashga mana shunday nomaqbul hamkorliklar sabab bo’ladi. Tashqi kuchlar hukumatdagilarning cho’ntagini qappaytirib, xalq hayotini yanada og’irlashtirayapti degan fikr keng tarqalgan. AQSh Manas uchun bergan pul siyosiy beqarorlikka hissa qo’shgani ma’lum”.

Qirg’iziston rasmiylari va jamoatchiligi bundan qanday saboq olishi kerak?

Manas tranzit markazi Qirg’izistonga har yili 60 million dollar olib keladi. Iqtisodi zaif bir mamlakat uchun katta daromad.

“Amerika bilan hamkorlik bu xalqqa kerak, har jihatdan. Qirg’iziston elitasi buni tushunadi. Lekin ijara uchun to’lanayotgan haq va boshqa moliyaviy ko’makdan xalq nima naf ko’radi? Nega bu millionlab dollar odamlar hayotini yaxshilash uchun emas, siyosatchilarning shaxsiy hisoblariga yo’l olmoqda? Oshkoralikni bu xalqning o’zi yangi rahbarlardan talab qilishi kerak”.

Davlat Departamentining bildirishicha, Manasni yonilg’i bilan ta’minlashda Qirg’iziston hukumati bilan hamkorlik qilish masalasi muhokamada, ya’ni ta’minotning 50 foizini davlat kompaniyasi yetkazishi mumkin. Lekin Pentagon avvalo mahsulot va xizmat sifatini tekshiradi. Har ikkisi talabga javob bersagina, bunday hamkorlik yo’lga qo’yilishi mumkin.

Skott Xorton deydiki, Mina Korporatsiyasining raqobatchilari, ya’ni Manas uchun yonilg’i taklif qilayotgan boshqa kompaniyalar Pentagon bilan yangidan muloqotga kirgan.

AQSh Mudofaa vazirligi ularda “hali ham taklif bormi” deb qiziqmoqda, deydi Xorton.

Sabab hozirda Qirg’izistonda Mina Korporatsiyasiga qarshi tergov ishi boshlangan, idorasi tintuv qilingan.

Almaz Atambayev boshchiligidagi yangi hukumat bu kompaniyani sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev bilan hamtovoq bo’lganlikda ayblaydi.

Qirg’iziston Mina Korporatsiyasi uchun bu yerda o’rin yo’q desa, Amerika boshqa ta’minotchi topishga majbur bo’ladi. Shu bois Pentagon hozirdan ehtiyot chora ko’rib qo’ymoqchi.

"Pentagon va Davlat departamenti ko’zini kattaroq ocha boshlagan”, - deydi Skott Xorton. “Uchrashuv va majlislarda Manas bilan bog’liq kontraktlarni qattiqroq nazorat qilish kerakligini, yo’l qo’yilgan xatolarni tuzatish tan olishadi”.

Nafaqat Davlat departamenti va Pentagon balki Oq Uy Xavfsizlik Kengashi ham bu masalaga jiddiy qaray boshlagan.

Qirg’izistonda AQSh elchisi yangilanish arafasida. Tatyana Gfoller o’rnini Pamela Spratlen egallashi kutilmoqda.

Pamela Spratlen diplomat sifatida Markaziy Osiyoda ancha tajribaga ega. Qozog’istondagi elchixonada xizmat qilgan. Bu uning birinchi elchiligi bo’ladi. Lekin uning nomzodi hali AQSh Senatida tasdiqlanmagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG