Obama va sobiq prezidentlar Nelson Mandela dafn marosimiga boradi

  • Amerika Ovozi

Jahon ahli Nelson Mandela, Janubiy Afrika Respublikasida irqchilikka qarshi kurashib global qahramonga aylangan shaxs bilan vidolashmoqda. Mandela 95 yoshida vatanida vafot etdi.

53 davlat a’zo Afrika Ittifoqi motam e’lon qilgan. Ertaga Janubiy Afrikada xotira kuni. Yurtdoshlar Pretoriya shahrida Nelson Mandelaning tobuti oldiga borib unga oxirgi so’zlarini aytishlari mumkin.

Yer shari bo’ylab, siyosiy va diniy rahbarlardan tortib, oddiy odamlargacha, bu buyuk inson qilgan ishlarni yodga olmoqda, unga tasannolar aytmoqda.

1960-yilda uni adolat talab qilgani uchun qamoqqa tashlashayotganida Mandela shunday so’zlar aytgan:

“Qonun meni jinoyatchi deb topdi, qilmishim uchun emas, kurashgan g'oyalarim, fikrim va vijdonim uchun”.

Mandela 27 yil zindonda o’tirgan. Chiqqach tenglik va erkinlik uchun kurashni yanada avj oldirib, 1994-yilda prezidentlikka saylangan. Davlatini demokratiya tomon yetaklab, muddati bitgach hokimiyatni keyingi, xalq ovozi bilan saylangan kishiga topshirgan. Butun umri davomida adolat va murosani targ’ib qilgan.

AQSh prezidenti Barak Obama va rafiqasi Mishel Obama kelasi hafta Janubiy Afrikaga yo’ oladi va Mandelaning dafn marosimida qatnashadi.

Obama qatorida u yerda AQSh sobiq rahbarlari Jimmi Karter, katta va kichik Jorj Bush va Bill Klinton bo’ladi.

Amerika o’z bayrog’ini Mandela sharafi uchun pasaytirib, turli shtat va shaharlarda xotira tadbirlari o’tmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG