2020-yilda Marsga yangi missiya jo'natiladi

  • Amerika Ovozi

Koinot biz anglab yetmagan jumboqlar va mo’jizalarga to’la. Insoniyat qizil sayyoraga uchishni maqsad qilar ekan, NASA, AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi yangi marsoxod yaratish uchun butun dunyodan olimlarni jalb qilmoqda.

“Mars-2020” loyihasi 1,5 milliard dollarga tushishi kutilmoqda. Uning ustida butun dunyodan olimlar ishlaydi.

Arman-amerikalik Armen Turian shulardan biri. Uning vazifasi mustaqil qarorlar qabul qiladigan yangi robot-apparatning qismlarini sinovdan o’tkazish.

“O’zga bir dunyoga uchib borib, tadqiqot o’tkazadigan mashinani yaratishda qatnashganman deb ayta oladiganlar sanoqli. Butun insoniyat uchun ahamiyatli bo’lgan bu loyihada ishlash men uchun sharaf”, - deydi u.

NASA yangi tadqiqotchi robotni 2020-yilda Marsga yuborishni rejalayapti. Avvalgi apparatlar ancha xizmat qildi, sayyoradan bir dunyo rasmlar jo’natdi. Yangisi texnologik jihatdan mukammalroq bo’ladi.

“Marsoxodga biz har kuni qachon ishni boshlash va yakunlashni aytamiz xolos. G’ildiraklari katta qoyalar ustidan va tor joylardan o’tishga mo’ljallangan. Eng muhimi - vosita o’zini o’zi boshqaradi, o’zi qarorlar qabul qiladi”, - deydi Turian.

Marsni orbitadan kuzatuvchi fazo kemasidan olingan ma’lumotlar shundan darak bermoqdaki, planetada suv o’zanlari avval o’ylangandan ko’ra kechroq paydo bo’lgan. Suv bor joyda esa hayot bo’lishi mumkin.

Yangi marsoxod qizil sayyoradagi qator jumboqlarda javob topishda qo’l keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG