Marsdan suv topilgani sayyorada hayot borligidan darak bermoqda

  • Amerika Ovozi

Mars sayyorasidagi yer o'rganilmoqda

Mars sayyorasidagi yer o'rganilmoqda

AQSh fazo agentligi olimlari Mars sayyorasida suv borligining aniq dalilini topishdi. Ularga ko'ra, yoz oylarida planeta ariqlarida sho'r suv oqadi. Demak, bu yerda hayot bo'lishi mumkin, deya xulosa qilmoqda taqdiqotchilar.

Tadqiqotchilar uzoq yillardan beri Marsda suv borligini taxmin qilib kelgan. Iqlim o'zgarishi sayyorani quritgan bo'lishi mumkin, deydi ular. NASA tadqiqotini boshqargan Jim Gringa ko'ra, "qizil sayyorda"da avval o'ylangandan ko'ra ko'proq suv mavjud.

"Havo biz o'ylagandan ko'ra namroq ekanini aniqladik. Tuproqda ham namlik yuqori, u suvga to'la", - deydi Grin.

Uzoq yillardan beri olimlar Marsdagi sirli o'zanlarni o'rganib keladi. NASAning sayyoradagi moslamalari yig'gan ma'lumotlarning ko'rsatishicha, yozda bu ariqlarning rangi qorayadi. Bu esa ularda suv oqayotganidan dalolat, deydi NASA rasmiysi Maykl Meyer.

"Biz bu suvning qayerdan kelayotganini bilmaymiz. Qayerdadir katta suv manbasi yashirinib turgan bo'lishi mumkin. Hozircha bizda hech qanday ma'lumot yo'q. Bu oldimizdagi yangi jumboq", - deydi tadqiqotchi.

Besh yildan so'ng NASA Marsda yig'ilgan tuproq namunalarini yerga olib tushadi. Bu yangi jumboqlarga javob topishi kutilyapti. Natijada Marsga sayohat qilish imkoniyati paydo bo'lishi mumkin, deydi yana bir tadqiqotchi Jon Gransfild.

"Suv nimadan iborat? Vodorod va kisloroddan. Raketa yonilg'isi shundan olinadi", - deydi u.

NASAning olamshumul e'loni "Marslik" nomli yangi film chiqqan bir paytga to'g'ri keldi. Ilmiy fantastika janridagi bu kartina Marsga nisbatan qiziqishlarni yanada oshirishi tabiiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG