Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

  • Amerika Ovozi

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

Amerika xalq qahramoni, bu jamiyatda tenglik va adolat uchun kurashgan Martin Lyuter King sharafi uchun Vashingtonda azim bir yodgorlik ochildi.

Prezident Barak Obama, AQShning birinchi qora tanli rahbari, tadbirda nutq so’zlab uni tenglik va erkinlik uchun jonini fido qilgan insonlarga bag'ishladi.

Martin Lyuter King irqchilikka barham berilmas ekan, bu davlat barbod bo’ladi deya bong urgan, yurtdoshlarini o’ziga ergashtirib, millionlar qalbiga yo’l topa olgan shaxs.

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

To'qqiz metrlik granit yodgorlik 15 yilda bitkazildi. Ochilish marosimida 50 ming kishi, jumladan ozodlik kurashchisining safdoshlari, huquq faollari, siyosat va san'at ahli ishtirok etdi.

King 1968 yilda otib o’ldirilgan. U 1963 yilda “Bir orzum bor” deya Amerika xalqiga murojaat qilgan. Bu nutq jahon tarixiga eng qudratli satrlar sifatida kirgan.

Martin Lyuter King 1950-1960-yillarda irqiy tengsizlikka qarshi qurolsiz kurashning yosh rahbari sifatida tillarda doston edi.

“Amerikaning qudrati haq-huquqda, uning uchun kurashish mumkinligida”, - degan edi u.

Martin Lyuter King Jorjiya shtati Atlanta shahridan chiqqan ruhoniy edi. Irqiy kamsitishni qonunan taqiqlash yo’lida kurashdi.

Qora tanlilarni birlashtira oldi, yagona maqsad sari birga qadam tashlang, dedi.

O’sha damlarda segregatsiya, ya’ni irqiy ajratishni yoqlagan oq tanlilar o’zining ustunligini isbotlovchi qonunlarni olg’a surar, restoran, mehmonxona, kinoteatr, transport va maktablarda qoralardan chetlab yurar edi.

Martin Lyuter King 1955-yilning dekabrida Alabama shtatida jamoat transportida tenglik talab qilib, namoyishga chiqadi.

“Biz, afro-amerikaliklar bunday xo’rlikka ortiq chidab o’tirmaymiz”, - deydi u.

Martin Lyuter King 1968 yilda otib o'ldirilgan

Martin Lyuter King 1968 yilda otib o'ldirilgan

Bir yil o’tib, AQSh Oliy Sudi Alabamada avtobuslarda oqlar va qoralarni ajratishni konstitutsiyaga zid deb topdi. Bu Martin Lyuter King va uning tarafdorlarining birinchi g’alabasi edi.

“Janob King ajoyib odam edi”, - deydi ruhoniy Kalvin Vuds. U o’shanda Alabamaning Birmingem shahrida Martin Lyuter King bilan ishlagan.

“Hamma bilan birday gaplashib ketaveradigan kamtarin inson edi. Odamlarni diqqat bilan tinglar, mazmunli suhbat qura olar va birovning dardini tushunar edi”, -deydi ruhoniy.

“Bugun – yurtimiz tarixida eng yorqin kun. Adolat va erkinlikdan darak bu. Ushbu kunni siz bilan baham ko’rayotganimdan boshim osmonda”, - deydi King.

1963-yilning 28-avgustida minglab odamlar poytaxtda jamuljam bo’lgan. U yerda nafaqat afro-amerikaliklar, balki oq tanlilar ham ko’p edi. “Vashingtonga yurish” deya atalgan bu namoyishda Martin Lyuter King o’zining eng mashhur nutqini qilgan, ozodlik va tenglikni kuylagan.

“Bir orzum bor, to’rt farzandim bir kun kelib, ozod mamlakatda yashaydi, ularni rangi emas, ahloq-odobiga qarab baholashadi, sevib, hurmat qilishadi”, - deydi King.

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

Bu nutq qanchalar odamga dalda berganini tasavvur qila olmaysiz, deydi huquq faoli Barbara Arnvayn.

“Orzu qilishga, katta-katta umidlar bog’lashga, buyuk jamiyatga aylanishdan hech qo’rqmang, degan edi Martin Lyuter King. Uning sharofati bilan birlashib, kuchli davlat bo’la oldik, menimcha”, - deydi faol.

Martin Lyuter Kingning komil Amerika haqidagi orzusi 1964-yilda shakl-shamoyilga kira boshladi.

35 yoshida u Tinchlik uchun Nobel mukofotining eng yosh sohibiga aylandi.

Haq-huquqi uchun kurashgan fuqarolar esa qonunchilar va prezident Lindon Jonsonni qonunlarni yangilashga ko’ndiradi. Irqiy kamsitish jinoyat deb belgilanadi. Qora tanlar teng huquqli fuqarolar deya tan olinadi.

“Amerika xalqi va dunyo ahli bilib qo’ysinki, biz afro-amerikaliklar bosh ko’tardik va hech qanday irqiy nafrat yoki to’siq to’xtata olmaydi bizni”, - degan King.

Lekin u aynan nafrat qurboni bo’lgan. 1968 yilning aprelida Tennessi shtati Memfis shahrida Kingni o’ldirishadi.

Amerika o’zgardi, irqchilik kamaydi. 40 yildan oshiq vaqt o’tib bugun Martin Lyuter King sharafiga Amerika poytaxtida katta yodgorlik bunyod etildi.

Uning markazida - “Orzular Toshi”, Martin Lyuter Kingning qiyofasi bitilgan tosh. U atrofdagi sobiq prezidentlar haykallarini kuzatib turganday.

Garri Jonson Kingning 120 million dollarlik haykalini yaratgan jamg’arma prezidentidir:

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

Ozodlik kuychisi Martin Lyuter King uchun yodgorlik

“Odamlar bemalol aylanib, King va u qoldirgan meros haqida o’ylashi uchun qulay qilib yaratdik bu memorialni. Bu yodgorlik o’zimiz va kelgusi avlodlar uchun juda muhim. Bu insonni unuta olmaymiz”.

Nyu-Jersi shtatidan Vernon Roberts fikricha ham yodgorlik juda boshqacha:

“Vashingtonda obida ko’p. Lekin bunisi prezidentlarning haykallaridan farq qiladi. O’zgacha ilhom, bilim olasiz bu inson timsolidan. Odam nimalarga qodir ekanini eslatib turadi”.

Boshqalar nazarida bu - demokratiya, adolat uchun kurashib, afro-amerikalik millionlab fuqarolar hayotini o’zgartirgan va orzular ushalishini isbotlay olgan inson xotirasiga va odamzotga bo’lgan hurmat belgisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG