Aniq fanlar bo'yicha yetakchi maktabdan reportaj

  • Amerika Ovozi

Merilend shtatidagi maktabda bolalar sun’iy robotlarni yasash bo’lsin, aniq fanlar bo’yicha musobaqa bo’lsin, hamisha g’olib.

AQShdagi bir maktabda bolalar mayda sun’iy robotlarni yasash bo’lsin, aniq fanlar bo’yicha musobaqa bo’lsin, hamisha g’olib. Pulsvill (Poolesville) o’rta maktabi o’lkaning eng talabchan o’quv maskanlaridan.

Vinay Shriram Pulsvill o’rta maktabida yuqori sinfda ta’lim olayapti. Merilend shtatidagi o’quv maskanida asosiy ixtisoslik matematika va boshqa aniq fanlar.

“To’rt musobaqada qatnashdim. Birinchisi “Intel” kompaniyasining fan va muhandislik bo’yicha tanlovi edi. Har xil algoritmlarni o’rganib chiqdim; internetda xavfsizlik tizimini mustahkamlash vazifasi berilgan edi”, - deydi bola.

Oddiy maktablardan farqli Pulsvillda bolalar har xil yo’nalishda o’qiydi.

“Gumanitar fanlar bo’limi bor. Global iqlimdagi o’zgarishlarni o’rganuvchi programma bor. Mustaqil fanlar dasturi ham ishlab turibdi. Bu dasturda bola xohlagan fanlardan bir shingil-bir shingil o’qishi mumkin. Va nihoyat muhandislik bo’yicha programmamiz hammaga tanish, sohani juda chuqur o’rganadi”, - deydi Dina Levin, direktor.

Pulsvill Qo’shma Shtatlarning 100 ta eng ilg’or, o’qish qiyin maktablari ro’yxatida 70-o’rinda. Aniq fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika dasturi bilan ajralib turadi. Termodinamika va kvant mexanikasi kabi darslar bor.

“Tanqidiy, tahliliy fikrlashni, muammolarni hal qilishni o’rgatamiz. Bolalar 11-sinfni tugatganidan keyin haqiqiy laboratoriyada amaliyot o’tashga tayyor bo’ladi. O’quvchilarimiz ilm-fan, matematika, kompyuter texnologiyasidan bilimli”, - deydi Mark Kuran, aniq fanlar bo’limi mudiri.

Ixtisoslashgan bu maktablar 1200 o’quvchini bahosi, test ko’rsatkichi, insho va tavsiyanomalari asosida tanlab oladi. Ilm-fan va matematikadan tashqari global ekologiya bo’limi ishlamoqda. Unda ham ijtimoiy, ham aniq fanlar birga o’qitiladi.

“Sinfda o’rganganimizni ochiq havoda, tabiat qo’ynida sinashga chiqamiz. Mana shu joyi yoqadi menga. 10-sinfda hukumatlar qanday ishlashini muhokama qildik va Kongressga borib senatorlar bilan gaplashdik. Jamiyatda, tabiatda xilma-xillik haqida o’qib, so’ng sayrga chiqamiz, o’tloq, botqoqliklarni aylanamiz”, - deydi talaba Sindu Chidambaram.

Talablar shunaqa kuchli, raqobat shiddatli ekan, bolada o’qishdan boshqa biror narsaga vaqt qoladimi? Albatta, deydi Kortni Stayninger, o’quvchi.

“Pulsvill maktabida debatlar klubi a’zosiman. O’tgan yili ham, joriy yilda ham klub prezidenti bo’ldim. O’qishga kirgan yilimdan boshlab bahslarda qatnashib kelaman. Bundan tashqari, pianino chalaman”, - deydi qiz.

San’atdan tortib biolgiya, salomatlik fanlarigacha, hammasi bor. Bola qiziqishi va qobiliyatiga qarab, istaganini tanlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG