Amerikada onalarga pullik ta'til beriladimi?

  • Amerika Ovozi

Nyu-York va yana uch shtatda ona bo’lgan ayollar ta’til olishi mumkin.

Nyu-York va yana uch shtatda ona bo’lgan ayollar ta’til olishi mumkin.

Qo’shma Shtatlar ko’zi yorigan ayollarga pullik ta’til taklif qilmaydigan, rivojlangan davlatlardan. Prezidentlikka da’vogar ikki demokrat nomzod saylansa, 12 haftalik pullik ta’tilni majburiy qilib belgilamoqchi. Bu yangilik emas.

Prezident Barak Obama 2015-yilda xalqqa murojaatida aynan shunday fikrni olg’a surgan edi. Ammo Kongressdagi ayrim respublikachilar buni darhol rad etdi. Shunday bo’lsa-da, qator shtatlarda bu borada ijobiy o’zgarish bor. Nyu-York va yana uch shtatda ona bo’lgan ayollar ta’til olishi mumkin.

Qo’shma Shtatlarda ko’zi yorigan ayollar ishini tashlagan holatlar kam emas. Sam to’qqiz oylik chaqaloq. Uning onasi Lora tug’uruqdan keyin ishga qaytmaslikka qaror qildi.

“Bola tug’ilganidan keyin olti hafta uyda bo’ldi, xolos. O’g’limga qaraydigan odam kerak edi. Lekin Vashingtonda bunday xizmatlar qimmat. Olgan maoshim bolalar bog’chasiga ketgan xarajatni qoplamaydi, baribir”, - deydi Lora.

Amerikada ota-onalarga pullik ta’til mamlakat miqyosida qonunga aylanishiga hali ancha vaqt bor. Lekin ayrim shtatlarda bu qoida amal qila boshlagan. Nyu-Yorkdagi yangi qonun ko’zi yorigan ayollarga 12 haftalik ta’til beradi, maoshi to’lab boriladi. Nyu-Jersi va Kaliforniyada olti hafta tanaffus olish mumkin, shuning yarmida oylik ham to’lanadi. Rod-Aylendda to’rt hafta olasiz.

“Ana shu to’rt shtatda yashasangiz, ta’tilga ham chiqasiz, sizga maosh ham to’lab boriladi. Lekin Amerikaning boshqa shtatlarida yashasangiz, ish beruvchining saxovatiga bog’liq hammasi. Chunki mamlakat bo’ylab bunday imkoniyat majburiy qilib belgilab qo’yilmagan”, - deydi tahlilchi Sara Jeyns Glinn.

Demokratlardan prezidentlikka da’vogar Hillari Klinton va Berni Sanders yangi onalarga 12 haftalik pullik ta’til berish haqida qonun tarafdori. 1993-yilgi Oila va tibbiy ko’rik haqidagi qonunga tuzatish bo’lib kiradi bu taklif. Eski qonun hukumat ishchilari va 50 yoki undan ko’p xodimi bo’lgan xususiy kompaniyalar ishchilariga ta’til olish imkonini beradi, biroq maosh to’lanmaydi. Ammo tanqidchilar fikricha, qonun xizmatdagi onalarning faqat 60 foizini qamraydi. Ba’zida ona ishdan tanaffus olishga qurbi yetmaydi, chunki oilani boqish kerak.

“Qo’shma Shtatlarda qonunlar bugungi voqelikdan ancha orqada qolib ketgan. Mamlakatda aksariyat ayollar ishlaydi. Holbuki, mehnatga taalluqli qonunlarimiz eski qarashlar davrida qabul qilingan. Bugun ko’pchilik xotin-qizlar ishlaydi, ko’pchilik onalar ishlaydi, chaqalog’i bor xotin-qizlarning aksariyati ishlaydi”, - deydi Glinn.

Aytish joiz, ayrim kompaniyalar ham onalar, ham otalarga pullik ta’til bermoqda. Jo olti hafta ta’til olganidan xursand.

“Ish beruvchi hal qiladi buni, albatta. Lekin eng adolatli kompaniyalar ota-onaga tanaffus bermoqda. Xodimning xayoli joyida bo’lsa, kompaniya ham rivojlanadi-da”.

Qarshilar nazarida esa pullik ta’til bizneslarga ziyon qiladi:

“Kichik bizneslar bunday xarajatni ko’tara olmaydi”.

“Uyda farzandga qarash oson ish emas. To’liq stavka ishlash bilan barobar bu”, - deydi yana bir suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG