Bishkek, O’sh merni saylashga hozirlik ko’rayapti


15-yanvar kuni Qirg’izistonning ikki yirik shahri - poytaxt Bishkek hamda O’shda mer saylanadi. Bishkek shahri boshlig’i lavozimiga yagona nomzod qo’yilgan bo’lsa, O’shda kurash sobiq mer Melis Mirzakmatov va hukumatga yaqin partiyalar nomzodi o’rtasida ketmoqda.


"Amerika Ovozi" janubdagi nodavlat tashkilotlardan biri rahbari Bolush Saiyev bilan saylovoldi vaziyat haqida gaplashdi.

"Amerika Ovozi": Saylovoldi kurashni, tashviqot saviyasini qanday baholaysiz?

Bolush Saiyev: Bishkek va O’sh shaharlari merlarining saylovlari bir yarim yilga cho’zilib ketdi. Chunki mer saylovlari mahalliy kengashlar saylovlari ketidan 2-3 oy ichida o’tishi lozim edi. Bu masalada katta siyosiy o’yinlar yurib ketdi. Gap markaz hamda mahalliy hokimiyat o’rtasidagi tushunmovchilikda. Joriy saylovda markaziy hukumat qo’l ostidagi telekanallar orqali O’shdagi saylovga ta’sir o’tkazishga urinmoqda. Mahalliy telekanallarda ham, O’shTV ni nazarga olmaganda, kelayotgan saylov xususida to’laqonli ma’lumot yetkaza olinmayapti. Birgina O’shTVda nomzod Melis Mirzakmatov tashabbusi bilan ekspertlar, tahlilchilar, fuqaroviy jamiyat va aholi vakillari ishtirokida munozaralar ketmoqda.

"Amerika Ovozi": Mirzakmatov nazorati ostidagi O'shTV telekompaniyasi rasmiy Bishkekni saylov munosabati bilan qattiq tanqid ostiga olmoqda. Buni qanday izohlaysiz?

Bolush Saiyev: Agar demokratik normalarga tayanilsa, ommaviy axborot vositalari har bir nomzodga teng imkon berishi, xolis ma’lumot berishi darkor edi. Ammo markaziy telekanallar noxolis yondashmoqda, degan fikr tug’ilayapti. Mahalliy telekanallarning esa imkon doirasi tor. Aytaylik, O’shTV ko’rsatuvlari Bishkek, Issiq-Ko’l, Chu, Talas, Norin, Botken taraflarda yaxshi ko’rinmaydi.

"Amerika Ovozi": Mirzakmatov va Bishkek o'rtasidagi tortishuvlar butun mamlakatga anchadan beri ma'lum. Avval ham Mirzakmatovni chetlatishga urinish bo'lgan edi. Kuzatuvchilar O'shdagi saylovda kartaga rasmiy Bishkekning ham obro'si qo'yilgan, Mirzakmatov qayta saylansa, rasmiy Bishkek, jumladan, prezident Atambayev nufuziga ziyon yetishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu xavotirlar naqadar o'rinli?

Bolush Saiyev: Keling, real tahlil qilib ko’raylik. Almazbek Atambayening, markaziy hukumatning obro’yi ularning o’zlariga kerak. Oddiy xalq turli hududiy, guruhiy yoki markaz manfaatlariga bog’liq tortishuv hamda o’yinlardan charchagan. O’sh ahli - va nafaqat o’shliklar – mahalliy meriya faoliyatining mahsuli, ya’ni ijobiy o’zgarishlar, obodonchilik ishlarini ko’rmoqda. Kursi atrofida tortishuvlarga kelsak, ambitsiyalar, Atambayev va Mirzakmatovning g’ururi to’qnashuvi ketmoqda. Buning ortida Askar Akayev va Kurmanbek Bakiyevlar tarbiyalagan professional siyosatchilar qo’li ko’rinadi. Ular goh Atambayev, goh Mirzakmatov qulog’iga shivirlab, siyosiy biznes qilmoqda. Mirzakmatov va uning safdoshlari hamda partiyasiga kelsak, bunday odamlarga jamiyatda talab mavjud.

"Amerika Ovozi": Mirzakmatov mag'lub bo'lsa, hududda vaziyat keskinlashadi, degan taxminlar yangramoqda. Deylik, hududiy bo'linish, to'polonlar, namoyishlar haqidagi ehtimollar qanchalik o'rinli?

Bolush Saiyev: Yaqinda Melis Mirzakmatov ishdan olinishi maqsadida Biskekka chaqirilganda, minglab odam O’sh markaziy maydonida to’planib, markazdan xabar kutgan. Hech qanday tartibsizlik o’rin olmagan. Demak, jamiyat, elimiz tinch chiqishlarni qora kuchlar ta’siriga berilmay, g’alva-to’polonsiz o’z fikrini bildirgan holda o’tkazishda o’rganmoqda. Bu ijobiy ko’rinish. Agar Mirzakmatov saylovda yengilib qoladigan bo’lsa, norozilik chiqishi qilishi, ehtimol, aholi keskin qadamlarga bormaydi, deb o’ylayman. Birgina xavf – qandaydir bir qora kuchlar provokasiya qilishi ehtimoli.

"Amerika Ovozi": Sizningcha, saylov qanday o'tishi va natijalardan qat'iy nazar bahslar qonun doirasida o'tadi?

Bolush Saiyev: Ha. Ammo yana bir narsani unutmaslik lozim. Bas, parlament sistemasiga o’tgan ekanmiz, partiyalar, klanlar, guruhlar o’rtasida so’zsiz ochiqma-ochiq kurash yuradi. Siyosat – bu kurash, kurash orqali hokimiyatga kelish.

"Amerika Ovozi": Parlament sistemasi ishga tushib, partiyalararo kurash madaniyatiga yetishish uchun hali ancha bor, demoqchisiz?

Bolush Saiyev: Azizim, agarda parlament sistemasi o’z etikasi, o’z madaniyati bilan ish yuritadigan bo’lganda, bizning Oliy Kengashdagi yoqalashish, bir-biriga kompromat izlash bo’lmas edi. Jogorku Keneshning o’zi talash-tortishish jarayonlariga turtki berayotir-ku. Masalan, Bishkek va O’sh shaharlariga alohida maqom berilishi o’zicha bir siyosiy o’yin. Bas, Qirg’iziston unitar, yaxlit mamlakat ekan, bunday alohida maqomga hojat yoq edi.
XS
SM
MD
LG