Breaking News

Makkeyn: AQSh Afg'onistonda 5-6 ming askar qoldirishi lozim


AQSh senatori Jon Makkeyn Afg'onistonga safar qilib, amerikalik askarlar va afg'on mulozimlari bilan uchrashdi. Uning aytishicha, Obama ma'muriyati bu mamlakatdagi vaziyatga qayta baho berishi hamda harbiy bazalarni yopmasligi zarur.

Makkeyn: AQSh Afg'onistonda 5-6 ming askar qoldirishi lozim - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:39 0:00

AQSh Mustaqillik bayramini amerikalik askarlar bilan birgalikda nishonlash Jon Makkeyn uchun an'anaga aylangan. Senatning Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi bu yili ham 4-iyulni Kobulda, harbiylar davrasida nishonladi.

Ma'lumki, AQSh tarixidagi eng uzoq urushni yakunlashga bel bog'lagan Prezident Barak Obama Afg'onistondagi bazalarni yopishga ko'rsatma bergan. Kelasi yil oxiriga borib, u yerda ming askar qoladi xolos. Senator Makkeyn fikricha, bu katta xato.

"Islomiy davlat" guruhining paydo bo'lishi va Afg'onistonda zo'ravonlik sur'ati oshib borayotgani oldingi qarorlarimizni qayta ko'rib chiqishni taqozo etadi. Nazarimda, AQSh jadval bo'yicha emas, balki mamlakatdagi asl vaziyatga qarab ish tutishi kerak", - deydi qonunchi.

Ayni paytda Afg'onisonda qariyb 10 ming amerikalik askar bor, asosan mahalliy armiya malakasini oshirish bilan shug'ullanadi. Obamaning qaroriga ko'ra, kelasi yili ularning katta qismi vatanga qaytadi. Amerikaning Kobuldagi elchixonasini qo'riqlash uchun yetarli kuchlar qoladi xolos.

Makkeyn so'zlariga ko'ra, yuqorida tilga olingan reja Afg'onistonda so'nggi 15 yilda qo'lga kiritilgan yutuqlarni xavf ostiga qo'yadi.

Senator Kobulda Prezident Ashraf G'ani bilan muloqot qilgan. Afg'on rahbari ham Vashingtondan razvedka ma'lumotlariga asoslangan holda yakuniy qaror qabul qilishni so'rab keladi.

"Islomiy davlat" yoshlarni o'z safiga jalb qila olishini isbotladi. Bu guruhga ergashib, Afg'onistonga xorijiy jangchilar kirib kelayotgani haqida xabarlar bor. "Islomiy davlat" tarafdorlari Tolibon bilan olishayapti. Qisqa muddatda bu holat bizga qo'l keladi, lekin kelajakda Afg'oniston yana jangarilar o'chog'iga aylanishini istamaymiz", - deya ta'kidladi Jon Makkeyn.

Senator fikricha, NATO va Qo'shma Shtatlar 2016-yildan keyin ham Afg'onistonda 5-6 ming sonli qo'shin qoldirishi, shuningdek, Bag'ram va Qandahordagi harbiy bazalarni yopmasligi lozim. Afg'on armiyasi Tolibon bilan janglarda katta talafot ko'rayapti, ularga ko'mak zarur, deydi Makkeyn.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG